2019 yilda Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida hokim va investor o‘rtasidagi shartnomaga asosan ko‘p qavatli uylar qurilishi belgilangan edi. Quruvchi hujjatlarni puxta qilmagani uchun, tomi yopib bo‘lingan uylar sud qarori bilan buzilish arafasida turibdi.

“Investor” deyilgan odam Buxorodagi boshqa ishlari sabab 11 yilga qamalib ketgan.

Aynan Shota Rustavelidagi qurilish bo‘yicha ham Toshkent shahar prokuraturasida jinoyat ishi bor.

Hokimlikka ishonib, yashab turgan uylarini investorga topshirgan o‘nlab fuqarolar najot izlamoqda.

Davlat idoralariga shikoyatlaridan naf bo‘lmayotgan bir guruh fuqarolar Kun.uz'ga murojaat qildi.

Serialning boshlanishi

Toshkent shahrining o‘sha vaqtdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2019 yil 7 fevraldagi qarori bilan, “Best building company” MChJga ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish uchun Yakkasaroy tumani Shota Rustavelli hamda Suqrot ko‘chasi kesishmasidan 1,2 gektar yer uchastkasi ajratilgan.

Hokim qarorida “Best building company” MChJga yer uchastkasidagi turar va noturar joy binolarini buzish va yetkazilgan zararlarni qoplash, arxitektura rejalashtirish topshiriqlarini ishlab chiqish, loyihalash va tegishli tashkilotlarga kelishish uchun kiritish majburiyati yuklatilgan.

Shahar hokimi va kompaniya direktori R.R.Yunusov o‘rtasida “investorning ijtimoiy majburiyatlari to‘g‘risida” 29-sonli shartnoma ham tuziladi.

Kompaniya eski uylarni buzish uchun mulkdorlar bilan kelisha boshlaydi: ayrimlar quruvchi bilan kelishib, pulini olib chiqib ketadi, lekin aksariyat mulkdorlar kompensatsiya sifatida shu yerning o‘zida kelajakda qurib bitiriladigan yangi turar joy majmuasidan kvartira ajratilishiga ko‘ndiriladi.

Qurish ishlari ham ko‘p kuttirmay boshlab yuboriladi.

Shundan beri oradan 7 yil o‘tdi. Va’da qilingan uy qad rostladi, ammo intiq kutayotgan egalariga topshirilmadi: qurilish chala qolgan, hujjat ishlari esa boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.