Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp qarorgohining qo‘riqlanadigan hududiga kirishga uringan shaxs o‘ldirildi
Bu vaqtda AQSh prezidenti va birinchi xonimi Vashingtonda bo‘lgan.
Foto: Palm Beach County Sheriff
AQSh Maxfiy xizmati agentlari va Palm-Bich okrugi sherifi idorasi xodimlari Mar-a-Lagoning qo‘riqlanadigan hududiga noqonuniy kirgan erkakni otib tashladi. Bu haqda Maxfiy xizmat vakili Entoni Gulelmi ma’lum qildi.
Hodisa mahalliy vaqt bilan tungi soat 01:30 atrofida ro‘y bergan. 20 yoshlar atrofidagi ushbu shaxsni shimoliy darvoza yonida miltiqni eslatuvchi buyum va yonilg‘i solingan idish ko‘targan holda payqashgan. Uning shaxsiga hozircha oydinlik kiritilmadi.
Mar-a-Lagoda Donald Trampning qarorgohi joylashgan. AQSh prezidenti ko‘pincha dam olish kunlari birinchi xonim bilan birga Floridaga kelib turgan bo‘lsa-da, bu hafta Vashingtonda qolgandi.

Maxfiy xizmat bu vaqtda voqea joyida o‘z himoyasi ostidagi shaxslardan hech biri bo‘lmaganini ma’lum qilgan.
Palm-Bich okrugi sherifi Rik Bredshouning so‘zlariga ko‘ra, qo‘riqchilar mahalliy vaqt bilan soat 01:30 da ushbu shaxsni Mar-a-Lagoning ichki hududiga kirayotganida ko‘rishgan. Ko‘p o‘tmay maxfiy xizmat xodimlari qo‘lida qurol tutgan va bir kanistr benzin ko‘targan shaxsni topishgan.
Qo‘riqchilar unga qo‘lidagilarni tashlashni buyurgan. U esa kanistrni ulqotirib, qurolini o‘qtalgan. Shu pallada agentlar «xavfni bartaraf etish» uchun o‘t ochishgan.
Bredshouning so‘zlariga ko‘ra, hodisada Maxfiy xizmat va sherif ofisi xodimlari ishtirok etgan, agentlar orasida jabrlanganlar yo‘q.
Sherifning aytishicha, qurollangan shaxs «ichki perimetr ichkarisida» bo‘lgan. Qo‘riqchilar unga qarata aytgan yagona gap quyidagicha bo‘lgan: «Buyumlarni tashlang».
Hozircha uning motivlari nima bo‘lgani, uning quroli o‘qlangan yoki yo‘qligi aniq emas, bu tekshiruvlar davomida ma’lum bo‘ladi.
Federal qidiruv byurosi matbuot kotibi Brett Skayls otishma ro‘y bergan hudud Maxfiy xizmat tomonidan qo‘riqlanadigan hudud bo‘lgani va FQB hodisani tergov qilayotganini xabar qilgan.
U yaqin atrofda yashovchilardan tashqi kuzatuv kameralarida noodatiy narsalar bor-yo‘qligini tekshirishni va shubhali narsalar payqalganda, Vest-Palm-Bich sherifi idorasi bilan bog‘lanishni so‘ragan.
AQShdagi saylovoldi kampaniyasi davrida Trampning hayotiga ikki bor suiqasd uyushtirilgandi.
Birinchi holat 2024 yil iyulida, Pensilvaniyada saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida; ikkinchisi – sentabrda, Mar-a-Lagodagi golf maydonida kuzatilgandi.