1 aprel kuni Vashingtonda diniy yetakchilar va hukumat arboblari ishtirokida o‘tgan tushlikda AQSh yetakchisi NATOdagi ittifoqchilarini Eron bilan urushga qo‘shilmagani uchun qattiq tanqid qildi. Shuningdek, Donald Tramp fransuzcha talaffuzga taqlid qilib, Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit Makronni masxara qildi.
Tramp nimalar dedi?
The Guardian'ning yozishicha, Oq uyning YouTube kanaliga yuklangan ushbu video qisqa vaqtdan so‘ng o‘chirib tashlangan. Ammo raqamli zamonda bu video allaqachon tarmoqlarda virus kabi tarqalib bo‘lgandi.
Trump mocks Macron again:
— Clash Report (@clashreport) April 1, 2026
I called up France, Macron, whose wife treats him extremely badly and he’s still recovering from the right to the jaw. pic.twitter.com/bEJgfKaVRg
«Men Fransiyaga, Makronga qo‘ng‘iroq qilaman – uning rafiqasi unga o‘ta yomon muomalada bo‘ladi. [U] hali ham jag‘iga tushgan o‘ng zarbadan o‘ziga kelgani yo‘q», dedi u.
Tramp bu orqali 2025 yil may oyida tarqalgan videoni nazarda tutdi. O‘shanda Makron Vetnamga rasmiy tashrif bilan samolyotdan tushishga tayyorgarlik ko‘rayotganida Brijit xonim turmush o‘rtog‘ini yuzidan itarib yuborgani aks etgan video tarqalgandi.
Keyinroq Makron rafiqasi bilan hech qanday «oilaviy nizo» bo‘lmaganini aytib, buni «biz tez-tez qiladigan hazil» deb tushuntirgan.

Tushlikda Tramp so‘zida davom etdi: «Men aytdim: Emmanuel, biz yomon odamlarni yo‘q qilish va ballistik raketalarni urib tushirish bo‘yicha rekordlar o‘rnatayotgan bo‘lsak ham, ko‘rfazda yordam berishingizni istardik. Bizga yordam kerak. Agar iloji bo‘lsa, iltimos, zudlik bilan kemalaringizni yuboring».








