Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Siyosat haqidagi gapirish – futbol haqida gapirishdek erkin” - tadqiqotchi AQSh demokratiyasining asoslari haqida
Amerikada 3 ta hokimiyat – parlament, ijro va sud hokimiyatlari bir-birlarini tiyib turishining asosiy sababi bu yerda siyosiy institutlar yaxshi shakllangan. Bu esa erkinlik tushunchasiga borib taqaladi. Ya’ni erkinlik muqaddas sanaladi va siyosiy institutlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri bo‘ladi, deydi Illinoys universiteti doktoranti Ikromjon To‘xtasinov.
Ikromjon To‘xtasinov – Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bakalavri. Magistraturani esa AQShdagi mashhur Notr Dam universitetida tamomlagan. Ayni paytda Illinois universitetida doktorantura qilmoqda.
— Amerikadagi siyosiy tuzum havas qilarli. Bu yerda hokimiyatlar bir-birini tiyib turishi ko‘p hollarda misol tariqasida keltiriladi. 200 yildan oshiq vaqt davomida qudratli armiya, ta’siri kuchli prezidentlar bo‘lishiga qaramasdan, sud va parlament mustaqil. Doimiy rivojlanishda. Buning sabablari nimada?
— Qisqa qilib aytganda, siyosiy institutlar yaxshi shakllangan. Bu narsalar erkinlik tushunchasiga borib taqaladi. Ya’ni erkinlik muqaddas sanaladi va siyosiy institutlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri bo‘ladi. Turli davlatlarning boy-kambag‘alligi, kuchli-kuchsizligi u yerdagi siyosiy, iqtisodiy institutlarga bog‘liq. Agar iqtisodiy institutlar odamlarni qo‘llab-quvaatlasa, intellektual mulki himoya qilinib, patentlashtirish bo‘lsa, rivojlanish bo‘ladi. Iqtisodiy institutlarning yaratilishiga esa siyosiy institutlar asos bo‘ladi, ya’ni baribir siyosatga taqaladi.
Amerikaning tashkil topishi va hozirgi kunga qadar qudrat bilan yetib kelishiga sabablardan biri sifatida konstitutsiyani, tiyib turish mexanizmlarini aytish mumkin. Bunday siyosiy institutlar davlatning o‘ziga bog‘liq emas, vaziyatlarga bog‘liq.

— O‘zbekistonda siyosatga aralashma degan tushuncha bor. Ayniqsa oldingi ma’muriyat davrida kuchli edi bunday qarash. Bu yerda odamlarning siyosatga qiziqishi, aralashuvi qay darajada?
— Bu yerda siyosat haqida gapirish muammo emas, odatiy hol. Kelib chiqishi, mansabi, yoshi muhimmas. Kimningdir siyosiy bilimi yaxshiroq, kimningdir bilimi yetarli bo‘lmasligi mumkin, lekin farqi yo‘q, hammada gapirish, fikr bildirish erkinligi bor. Siyosatni muhim deb bilish uchun esa siyosiy bilim bo‘lishi shart emas. Siyosat haqidagi suhbatlar xuddi oddiy futbol haqida gaplashgandek gap, ya’ni erkin.
Nafaqat siyosat haqida gapirish, balki davlat xizmatchilariga ham o‘z fikrini bildirishi, fuqarolar norozi bo‘lishi ham mumkin. Buning uchun hech kim ayblamaydi. Konstitutsiyada davlat fuqarolarning so‘z erkinligini buza olmaydi, deb belgilab qo‘yilgan. Agar davlat tashkiloti tomonidan so‘z erkinligi buzilsa, bemalol sudga berish mumkin.
Inqilobdan so‘ng konstitutsiya bunday qabul qilinganiga sabab o‘sha paytda fuqarolarda qurol bo‘lgan, ya’ni davlat bilan kurasha olgan. Shu sababdan shtatlarni birlashtirish uchun fuqarolar manfaati ko‘zlangan konstitutsiya qabul qilingan. Ikkinchi tarafdan Britaniya qirolligiga qarshi turish ham bo‘lgan. Va bu siyosiy institutlar – aholi va elita o‘rtasida raqobat natijasida paydo bo‘lgan. Davlat va fuqarolar o‘rtasida muvozanatni saqlash muhim hisoblangan. Chunki qaysidir taraf haddan ortiq kuchayib ketsa, rivojlanish bo‘lmas edi.
— Amerikada erkinlikni ta’minlashda konstitutsiya va xartiyalar muhimmi yo ularning ijrosi va ijrochilarimi?
— Konstitutsiya – davlat va fuqarolar o‘rtasidagi kelishuv. Jamiyat va elita konstitutsiyasining muhimligiga ishonishi kerak, yo‘qsa, qadri pasayadi. Qonunlar, qarorlar qabul qilishda konstitutsiyadan chetga chiqilmagan, chunki oqibati yomon bo‘lishini bilishgan, kelajakni o‘ylashgan. Oliy sud doim konstitutsiyani himoya qilgan. Boshqa siyosiy institutlar ham konstitutsiyadan chetga chiqmaslikka harakat qilgan. Davlat va jamiiyat birgalikda kuchayib borgan bu jarayonda.
Masalan, ayollarga saylash huquqi berilishi jarayonida davlat ham, ayollar jamiyati ham kuchaygan. 2020 yildagi prezident saylovlarida ham amaldagi prezident o‘z lavozimidan foydalanib saylovga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘ldi, lekin siyosiy institutlar yo‘l qo‘ymadi, tiyib turdi.
· To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali ko‘rishingiz mumkin.
Farrux Absattarov
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov
Mavzuga oid
10:25
Moskva: Kiyev AQSh rejasi bo‘yicha muzokaralarni to‘syapti
08:25
Vashington Kiyevga 15 yillik xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmoqda
21:21 / 26.12.2025
Seul va Vashingtonga javob: Kimning «orzu ro‘yxati»dagi yana bir qurol deyarli tayyor
14:27 / 26.12.2025