O‘zbekiston | 22:26 / 04.06.2021
20672
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 2,8 milliard dollarlik gaz-kimyo majmuasi quriladi

Buxoro viloyatida Rossiya bilan hamkorlikda yirik gaz-kimyo majmuasi quriladi. O‘zbekiston Energetika vazirligi 2,8 mlrd dollarlik loyihani «MDHda tengsiz» deb ta'rifladi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Buxoroda yangi gaz-kimyo majmuasini qurish uchun to‘rt tomonlama memorandum imzolandi, deb ma'lum qildi O‘zbekiston energetika vazirligi matbuot xizmati.

Memorandum «Jizzakh Petroleum» MChJ QK, «Gazprombank» aksiyadorlik kompaniyasi, «VEB.RF» davlat rivojlanish korporatsiyasi, Rossiya eksport kreditlari va investitsiyalarni sug‘urtalash agentligi (EXIAR) o‘rtasida imzolangan.

Majmua MTO (metanoldan-olefinlar) texnologiyasiga asoslanadi.

Loyihani moliyalashtirish va moliyalashtirish bilan bog‘liq xatarlarni sug‘urtalash uchun 800 million dollar ajratilmoqda.

«Jizzakh Petroleum loyiha investori hisoblanadi. Qurilish qiymati 2,8 milliard AQSh dollariga teng gaz-kimyo majmuasi MDHda tengsiz. Zavod mahalliy xomashyo asosida ishlaydi, bu esa yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan, eksportga yo‘naltirilgan gaz-kimyoviy mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali tabiiy gazni monetizatsiya qilish imkonini beradi», – deyiladi vazirlik rasmiy xabarida.

«Jizzakh Petroleum» MChJ QKning strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Nigora Ibadovaga ko‘ra, MTO loyihasi ustida ikki yil ish olib borilgan va u yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar zanjirini yaratishda katta e'tibor qaratilayotgan loyihalardan biridir.

«Loyiha kelajakda qo‘shimcha ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish, import o‘rnini bosish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish uchun ijobiy turtki beradi. U kelajakdagi gaz-kimyo klasterining asosiy qismiga aylanadi, unga maxsus iqtisodiy zona maqomi beriladi va bu Markaziy Osiyoda birinchi tajriba bo‘ladi.

Shuni ta'kidlash kerakki, biz uchun GPB, VEB.RF va EXIAR kabi moliya institutlari bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega, chunki loyiha doirasida uskunalar, mahsulotlar va xizmatlarning katta qismini Rossiyadan jalb qilish rejalashtirilgan», – deydi u.

Qurilish ishlari tugagandan so‘ng yangi olefin ishlab chiqaruvchi zavod 1,5 milliard kubometr tabiiy gazni qayta ishlashi va dunyo iqtisodiyotining ko‘plab sohalarida qo‘llaniladigan yuqori sifatli polimerlarni yiliga 720 ming tonna miqdorida ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Ma'lumot o‘rnida, yangi MTO loyihasining investori – «Jizzakh Petroleum» MChJ QK O‘zbekistonda energetika sohasini jadal rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. U O‘zbekistondagi 104 ta neft konidan foydalanish huquqiga ega.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid