O‘zbekiston | 01:14 / 21.06.2017
13574
5 daqiqa o‘qiladi

Savdo-sanoat palatasining ustuvor vazifalari tubdan yangilanadi

2017 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining navbatdan tashqari Qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Quriltoyda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.06.17 dagi PF-5087-sonli “Tadbirkorlik faoliyati rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va biznesning qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 19.06.17 dagi PQ-3068-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining mazmun mohiyati bilan tanishtirib o‘tdi. 

Shuningdek, Prezident qarorlaridan kelib chiqqan holda Savdo-sanoat palatasi Ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalalari ko‘rib chiqildi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tavsiyasiga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi raisi shuningdek, rais o‘rinbosarlari saylandi. 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishiga doir harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni ijro etish, jumladan biznes-jamiyat va davlat organlari o‘rtasida samarali muloqot va sog‘lom hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, xususiy mulk va tadbirkorlikning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish kafolatlarini kuchaytirish, viloyatlar va tumanlarda biznes-muhitni takomillashtirish masalalari bo‘yicha yangi samarali tizim yaratilishini taqozo etadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatining ustuvor vazifalari va asosiy yo‘nalishlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish orqali tadbirkorlik sub'yektlarini huquqiy himoya qilish, manfaatlari va huquqlarini taqdim etishning yangi mexanizmi joriy etilishiga qaratilgan. Xususan: 

1) tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish sohasida – vakolatli organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi holatini tahlil qilish, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik ijro etilishi ustidan jamoat nazoratini amalga oshirish, davlat organlari, jumladan sudlarda tadbirkorlik sub'yektlarining manfaatlarini taqdim etish, shuningdek jamoat himoyachilari sifatida jinoiy ishlar bo‘yicha amaliyotda ishtirok etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

2) ishbilarmonlik muhitini va investitsiyaviy iqlimni yaxshilash sohasida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, tadbirkorlik tuzilmalari bilan birga me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini, jumladan ekspert kengashlarini tashkil etish orqali amalga oshirish, tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash kabi masalalarda Palataning faoliyatining jadallashtirish ko‘zda tutilgan.

3) tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida – tadbirkorlik sub'yektlariga tashqi bozorlarga chiqishni tashkil etish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, innovatsion yechimlar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek investitsiyaviy va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga ko‘maklashishga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

4) tadbirkorlarni o‘qitish va kadrlarni tayyorlash sohasida - O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Respublika tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish markazi va uning hududiy filiallari bilan o‘zaro hamkorlikni tashkil etish, biznes yuritish, biznes-rejalarni ishlab chiqish, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik, menejment, moliyaviy boshqaruv va boshqa zarur fanlar asoslari o‘quv kurslarini ishlab chiqish va ta'limni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

5) davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik sohasida Palata zimmasiga tadbirkorlik sub'yektlari bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek joylardagi barcha darajali davlat hokimiyati organlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni samarali tashkil etishga ko‘maklashishga doir ishlarni amalga oshirish, “to‘g‘ridan-to‘g‘ri va teskari aloqa” tamoyili bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning amaliy va samarali mexanizmini yaratish yuklanadi.

6) tashqi iqtisodiy faoliyat va investitsiyalarni jalb qilish sohasida – respublikadagi tadbirkorlik sub'yektlarining xalqaro ishbilarmonlik jamiyatiga integrallashishi, mahalliy tashkilotlar mahsulotlarining tashqi bozorlarga chiqarilishi, milliy brendlarning xorijda faol ilgari surilishi, biznes-forumlar, ko‘rgazmalar va yarmarkalarni tashkil etish va o‘tkazish orqali mahalliy va xorijiy investitsiyalarning, jumladan zamonaviy texnologiyalarning jalb etilishi, ularda mahalliy tadbirkorlik sub'yektlarining keng ishtirokini ta'minlash bo‘yicha vazifalar yuklanadi.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid