Jahon | 08:40 / 06.10.2023
12082
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada dronlar hujumi oqibatida 100 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Suriya g‘arbidagi Homs shahrida harbiy maktabga bitiruv marosimi chog‘ida dronlar hujum qildi. SOHR kuzatuvchilari kamida 112 kishi, jumladan 21 tinch fuqaro halok bo‘lganini aytmoqda.

Foto: AP

5 oktyabr, payshanba kuni Suriya g‘arbidagi Homs shahrida harbiy kollejga uchuvchisiz uchoqlar hujumi oqibatida 112 kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Suriya inson huquqlari bo‘yicha monitoring markazi (SOHR). Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ular orasida 21 nafar tinch aholi vakillari ham bor. Yana kamida 120 kishi jarohat olgan

Suriya Sog‘liqni saqlash vazirligining dastlabki rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 80 kishi, jumladan, olti ayol va olti bola halok bo‘lgan, 240 ga yaqin kishi jarohatlangan. Dronlar hujumi harbiy xizmatchilar va ularning yaqinlari ishtirok etgan bitiruv marosimida sodir bo‘lgan. Reuters xabariga ko‘ra, Suriya mudofaa vaziri Ali Mahmud Abbos marosimda ishtirok etgan, biroq u hujumdan biroz oldin tadbirni tark etgan. 

Suriya rasmiylari hujumda terrorchi guruhlarni ayblamoqda 

Suriya hukumati mamlakatda uch kunlik motam e’lon qildi. Ular hujum uchun javobgarlikni «qurollangan terrorchi guruhlar» zimmasiga yuklagan va «barcha kuch bilan javob qaytarishga» va’da bergan. Hozircha hech bir guruh hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmadi. Shu bilan birga, Idlib viloyati aholisi Suriya armiyasi, ehtimol, uchuvchisiz uchoqlar zarbasiga javoban, ommaviy bombardimon qilgani haqida xabar bermoqda. SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, sakkiz kishi halok bo‘lgan, yana 30 ga yaqin fuqaro jarohatlangan. 

Bu viloyatning bir qismi «Al-Qoida» bilan aloqador guruh tomonidan nazorat qilinadi. AFP eslatishicha, ushbu guruh o‘tmishda Suriya hukumati nazorati ostidagi hududlarga hujum qilish uchun dronlardan foydalangan. 

Mavzuga oid