Jahon | 13:45
2297
9 daqiqa o‘qiladi

BMT rahbarligiga 4 nomzod, Yaponiyada 8 balli zilzila xavfi va Meksikada Jahon chempionati oldidan otishma – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Eron va AQSh muzokaralari

Eron AQSh bilan Pokistonda bo‘lib o‘tadigan tinchlik muzokaralarida ishtirok etish masalasini ko‘rib chiqishga qaror qildi. Bu qaror Islomobodning AQSh blokadasini to‘xtatish borasidagi harakatlaridan so‘ng qabul qilindi. Biroq Eron mulozimi Reuters’ga hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini ta’kidlagan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSh tomonidan «sulh rejimining davomiy ravishda buzilishi» diplomatik jarayonni davom ettirishdagi yirik to‘siq ekanini aytdi.

Pokiston xavfsizlik manbasining xabar berishicha, feldmarshal Asim Munir Trampga blokada muzokaralar uchun to‘siq ekanini aytgan va Tramp buni to‘xtatishni ko‘rib chiqishga va’da bergan.

Shu bilan birga, Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon AQSh rasmiylarining signallarini tanqid qildi:

«Amerika rasmiylarining konstruktiv bo‘lmagan va qarama-qarshi signallari achchiq xabarni tashiydi: ular Eronning taslim bo‘lishini xohlamoqda. Eronliklar kuch ishlatishga bo‘yin egmaydi», deb yozdi Pizishkiyon.

Minglab odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan va jahon energiya bozorlarini larzaga keltirgan mojarodagi ikki haftalik sulh muddati payshanba tongida o‘z nihoyasiga yetadi. AQSh Eron yuk kemasini qo‘lga olishi va Tehronning javob qaytarishga va’da berishi sulhning davom etishini xavf ostida qoldirmoqda.

Noaniqlikni oshirgan yana bir holat — vitse-prezident J.D. Vens dushanba kuni hali ham AQShda ekani ma’lum bo‘ldi. Alohida manba Vensning muzokaralar uchun allaqachon Pokistonga yo‘l olgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Tramp o‘zi esa uning ma’muriyati tomonidan tuziladigan yadroviy kelishuv 2015 yilda Barak Obama davrida imzolangan xalqaro bitimdan yaxshiroq bo‘lishiga ishonishini aytdi. «Men hech qanday bosim ostida emasman, shunday bo‘lsa-da, hammasi nisbatan tez sodir bo‘ladi!» deb yozdi AQSh yetakchisi.

 

 

Yaponiyada kuchli zilzila xavfi

Yaponiya rasmiylari kecha uning sharqiy qirg‘oqlarida 7,7 magnitudali zilzila ortidan evakuatsiya buyrug‘ini berib, 3 metrli sunami to‘lqinlari haqida ogohlantirish e’lon qildi.

Dushanba kungi 10 km chuqurlikda qayd etilgan suvosti zilzilasi episentrga yaqin bo‘lgan Xonsyu va Xokkaydo orollari aholisi uchun jiddiy xavf tug‘dirdi. Yer silkinishlari hatto 530 km uzoqlikdagi Tokiogacha sezildi.

Zilziladan so‘ng 170 mingdan ortiq aholiga qirg‘oq hududlarini tark etib, balandroq joylarga ko‘chish buyurildi. Dushanba kuni kuzatilgan eng baland sunami to‘lqinlari 80 santimetrni tashkil etdi. Zilziladan bir necha soat o‘tgach, sunami haqidagi barcha ogohlantirishlar bekor qilindi. Jiddiy talafotlar yoki jarohatlanganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Yaponiya Meteorologiya agentligi kelgusi haftada «bundan ham kuchliroq silkinishlar» va kattaroq to‘lqinlar keltirib chiqaruvchi zilziladan ogohlantirdi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, 8 yoki undan yuqori magnitudali zilzila yuz berish xavfi — «odatdagidan ko‘ra yuqoriroq».

Yaponiya xalqi hamon 2011 yildagi dahshatli zilzila xotiralari bilan yashaydi. O‘shanda yuz bergan sunami 18 mingdan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan va «Fukusima» AESda halokat keltirib chiqargan edi. O‘shandan beri hukumat har qanday silkinishda aholini zudlik bilan balandliklarga chiqishga o‘rgatib kelmoqda.

G‘azoda Isroil hujumidan 5 kishi halok bo‘ldi

Dushanba kuni G‘azo sektorida Isroil tomonidan amalga oshirilgan alohida zarbalar natijasida kamida besh falastinlik halok bo‘ldi. Shuningdek, Hamas jangchilari va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli to‘dalar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan.

Tibbiyot xodimlarining ma’lum qilishicha, anklavning markaziy qismidagi Al-Burayj lagerida bir kishi, G‘azo shahrida esa yana bir kishi Isroil havo hujumi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Keyinroq Xon Yunus g‘arbida amalga oshirilgan zarba natijasida kamida uch kishi halok bo‘lgan. Isroil harbiylari ushbu voqealar yuzasidan hozircha izoh bermadi.

O‘tgan yili oktyabrda boshlangan sulh rejimiga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari G‘azoning yarmidan ko‘pini tashkil etuvchi, aholi deyarli qolmagan hududni nazorat qilmoqda. Hamas esa tor qirg‘oq bo‘yi hududini boshqarishda davom etmoqda.

Mahalliy shifokorlar ma’lumotlariga ko‘ra, sulh kuchga kirganidan beri Isroil hujumlari oqibatida 750 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Isroil esa uning 4 nafar askari o‘ldirilganini aytmoqda. Har ikki tomon ham sulh shartlarini buzishda bir-birini ayblab keladi.

BMT rahbarligiga nomzodlar

Birlashgan Millatlar Tashkilotining navbatdagi bosh kotibi bo‘lish uchun to‘rt nafar nomzod shu haftada o‘ziga xos «ko‘rikdan» o‘tadi. Xususan 2027 yilda bo‘ladigan yangi kotiblikka quyidagilar nomzod:

  • Mishel Bachelet (74 yosh): Chilining ikki karra prezidenti va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha sobiq oliy komissari. Uning nomzodi Braziliya va Meksika tomonidan ko‘rsatilgan.
  • Rafael Grossi (65 yosh): argentinalik diplomat, 2019 yildan Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori.
  • Rebeka Grinspan (70 yosh): Kosta-Rikaning sobiq vitse-prezidenti, 2021 yildan beri BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi rahbari.
  • Maki Sall (64 yosh): Burundi tomonidan nomzodi ko‘rsatilgan Senegalning sobiq prezidenti. Biroq Afrika Ittifoqi hozircha uni rasman ma’qullamagan.

Nomzodlar seshanba va chorshanba kunlari BMTga a’zo 193 davlat elchilari oldida uch soatlik savol-javob sessiyasida o‘z dasturini taqdim etadi.

BMT nizomida bosh kotibni saylash haqida deyarli hech narsa aytilmagan, faqatgina Bosh assambleya buni Xavfsizlik kengashining tavsiyasi asosida amalga oshirishi kerakligi belgilangan. Bu esa BMT eng nufuzli organining beshta doimiy a’zosiga — AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiyaga qaror qabul qilish va veto qo‘yish huquqini beradi.

2016 yilda murosasiz kechgan va Antoniu Guterrish yutgan «poyga»da 13 nafar nomzod ishtirok etgandi. Lekin bu safar vaziyat boshqacha: BMT global tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi asosiy rolini bajara olmayapti. Bir vaqtlar qudratli bo‘lgan Xavfsizlik kengashi — Ukraina, G‘azo va Erondagi urushlarni to‘xtatishda to‘sqinliklarga uchradi.

Meksikada otishma: kanadalik sayyoh halok bo‘ldi

Meksikadagi tarixiy obidada noma’lum erkak o‘t ochishi natijasida 32 yoshli kanadalik ayol halok bo‘ldi va bir necha kishi jarohatlandi. Hujumchi otishmadan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.

Politsiya voqea joyidan o‘qotar qurol, sovuq qurol va patronlarni topgan. Sayyohlarning so‘zlariga ko‘ra, obidaga kirishda ularning sumkalari hech qanday tekshiruvdan o‘tkazilmagan va evakuatsiya jarayoni mutlaqo muvofiqlashtirilmagan.

Shtat rasmiylariga ko‘ra, jarohatlanganlar orasida Kolumbiyaning ikki nafar, Rossiya va Kanadaning bir nafardan fuqarosi ham bor. Hujumchining shaxsi va uning motivi hozircha oshkor qilinmadi.

Otishma Meksikaning eng muhim sayyohlik maskanlaridan biri — qadimiy Teotihuakan ehromlar majmuasida sodir bo‘lgan. YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan ushbu maskanda 2 oydan keyin Jahon chempionatiga kelgan sayyohlar uchun tungi shoular o‘tkazilishi rejalashtirilgandi.

Avvalroq Meksika hukumati yirik narkokartel rahbarini o‘ldirib, undan keyingi zo‘ravonliklar fonida xavfsizlik bo‘yicha xavotirlarni bartaraf etishga uringan.

Meksika—AQSh—Kanadada bo‘ladigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatining ochilish o‘yini 11 iyun kuni Mexiko shahrida bo‘lib o‘tadi. Turnirga 5,5 million xalqaro sayyoh kelishi kutilmoqda. Meksika hukumati musobaqa davomida muxlislarni himoya qilish uchun qariyb 100 ming nafar xavfsizlik xodimini safarbar qilishni rejalashtirgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid