Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina nomidan Rossiyaga ko‘rsatilayotgan bosim davom etadi – MI6
Buyuk Britaniya Tashqi razvedka xizmatining yangi rahbari Blez Metreveli o‘zining ilk nutqida Rossiyani «xaos eksporti va kengayishparastlikda» aybladi. Shuningdek, u o‘z josuslik tizimida texnologiyalardan foydalanishni keskin oshirmoqchi: «Biz kod satrlarini insonlar bilan ishlaganday erkin tushunishimiz shart», dedi Metreveli.
MI6 bosh ofisi, London. Foto: Reuters
MI6ʼning yangi rahbari Blez Metreveli o‘zining ilk ommaviy nutqida Rossiya tomonidan kelayotgan «o‘ta keskin tahdid» haqida ogohlantirdi.
Reutersʼning yozishicha, u «gibrid urush» deb ataladigan usullarni alohida ta’kidlagan. Bunga kiberhujumlar, shuningdek, muhim infratuzilma obektlari yaqinida Rossiyaga aloqador tuzilmalar uchirgani gumon qilinayotgan dronlar kiradi.
Metreveli bu holatni «tajovuzkor, kengayishparast va revizionist Rossiya tomonidan yuzaga kelayotgan o‘ta jiddiy tahdid» sifatida ta’riflagan.
U Ukrainadagi urushga ishora qilar ekan, Buyuk Britaniya Ukraina nomidan prezident Vladimir Putinga bosimni davom ettirishini qat’iy ta’kidlaydi.
«(Vladimir) Putin shubha qilmasin: bizning qo‘llab-quvvatlashimiz uzluksizdir. Ukraina nomidan ko‘rsatayotgan bosimimiz davom etadi. Xaos eksporti Rossiyaning xalqaro maydondagi yondashuvida kamchilik emas, balki o‘ziga xos xususiyatdir. Va biz Putin o‘z hisob-kitoblarini o‘zgartirishga majbur bo‘lguniga qadar bu holat davom etishiga tayyor bo‘lishimiz kerak», deya Metrevelining so‘zlarini keltirmoqda Reuters.
Blez Metreveli oktyabr oyida Richard Murning o‘rnini egalladi va Britaniya Tashqi razvedka xizmatining (MI6) 100 yildan ko‘p tarixida ushbu lavozimni egallagan ilk ayol rahbar bo‘ldi.
BBC nashrining yozishicha, MI6ʼga 1999 yilda ishga kirgan Metreveli yuqori lavozimga "Q Branch" orqali yetib kelgan. Bu tuzilma – Tashqi razvedka xizmatining yopiq va maxfiy bo‘limi bo‘lib, u agentlarga fosh etilmasdan va qo‘lga tushmasdan o‘z rahbarlari bilan aloqa qilish imkonini beradigan turli texnik vositalar va qurilmalarni ishlab chiqadi.
Shu sababli u o‘z nutqida Britaniya xavfsizligiga tahdidlarga qarshi kurashishda texnologiyalardan foydalanishni keskin oshirish zarurligini ta’kidlagan.
«Texnologiyani puxta egallash qilayotgan ishlarimizning barchasiga singib ketishi kerak: faqat laboratoriyalarimizda emas, balki amaliyotda, kasbiy uslublarimizda va eng muhimi, har bir xodimning tafakkurida. Biz kod satrlarini inson manbalari bilan ishlaganchalik erkin tushunishimiz, Python’da bir nechta tillarda gapirgandek ravon bo‘lishimiz shart», — deydi u.
Nashrga ko‘ra, ma’lumot hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgan, biometrik tekshiruvlar chegaralar va nazorat punktlarida soxta shaxslarni bir necha soniyada fosh qila oladigan davrda josuslar endi avvalgidek yolg‘on shaxsiyatlarga tayanib ishlay olmaydi. Shu sharoitda MI6 o‘zining hanuz dolzarb va samarali ekanini isbotlashi lozim.
Shuningdek, Buyuk Britaniya qurolli kuchlari boshlig‘i Richard Nayton ham dushanba kuni alohida nutqida tobora kuchayib borayotgan noaniqlik va tahdidlar sharoitida mudofaa masalasida «butun jamiyat» yondashuviga chaqirdi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya NATOni sinovdan o‘tkazish, cheklash, parchalash va oxir-oqibat yo‘q qilish niyatida ekanini ochiq ko‘rsatib kelmoqda.
«Buyuk Britaniyaning javobi faqat qurolli kuchlarni kuchaytirish bilangina cheklanmasligi kerak». Uning so‘zlariga ko‘ra, «tiyib turish – Buyuk Britaniyaning barcha salohiyatini: universitetlardan tortib sanoatgacha, temiryo‘l tarmog‘i va Milliy sog‘liqni saqlash xizmatigacha safarbar etish»ni anglatadi.
«Yangi mudofaa davri faqat harbiylar va hukumatning harakatga kelishi emas, balki butun millatning harakatga kelishini anglatadi», deydi Richard Nayton.
Buyuk Britaniya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan buyon bir qator rossiyalik biznesmenlar, siyosiy yetakchilar, kompaniyalar va GRU — harbiy razvedka agentligiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan.
Bu Buyuk Britaniya – ko‘payib borayotgan tahdidlarga hozirgidan ko‘ra yaxshiroq tayyor bo‘lishiga doir navbatdagi ogohlantirishlardan biridir.