Jahon | 19:27 / 09.02.2026
10278
6 daqiqa o‘qiladi

Fransiyadagi qotillik: politsiya tepkini egizaklardan qaysi biri bosganini topolmayapti

Fransiyada bir tuxumdan bo‘lgan egizaklar qotillik ishida ayblanib, qo‘lga olingan. Le Parisien gazetasi yozishicha, prokurorlar hozircha ulardan qaysi biri o‘q uzganini aniqlay olmagan, chunki ikki ayblanuvchining ham DNK hujayralari bir xil.

Foto: AFP via Getty Images

33 yoshli aka-ukalar hamda Fransiyaning yana uch fuqarosiga ikki marta qotillik hamda yana bir necha bor qotillikka urinish holatlari yuzasidan ayblov qo‘yilgan. Gap 2020 yil sentabrida sodir bo‘lgan voqealar haqida ketmoqda.

Prokurorlar taxminiga ko‘ra, ayblanuvchilar Parijning chekka hududlarida faoliyat olib boruvchi jinoiy to‘da a’zolari hisoblanadi.

Har ikki aka-uka jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanmoqda, ammo asosiy savollardan biri – hujumlardan birida foydalanilgan avtomatda aynan kimning genetik materiali aniqlangani – ochiq qolmoqda.

Politsiya xodimi sudda ekspertlar ulardan qaysi biri tepkini bosganini baribir topa olmaganini aytdi. «Ularni faqat onasi farqlashi mumkin», – degan tergovchilardan biri sudda.

Xabar qilishlaricha, sud zalidagi muhit o‘ta asabiy bo‘lgan. Payshanba kuni egizaklar o‘rnidan turishdan bosh tortgani uchun sud zalidan olib ketilgan.

Politsiya aka-ukalar o‘zlarining o‘xshashligidan foydalanib, sodir etgan jinoyatlari izlarini yashirishganini ta’kidlagan. Le Parisien politsiyachilardan biriga asoslanib yozishicha, ular tez-tez kiyimlari, telefonlari va hujjatlarini almashib turishgan.

Bu kabi bir xil egizaklar bitta urug‘langan tuxum hujayraning bo‘linishidan, bir-biriga o‘xshash va jinsi bir xil bo‘lib tug‘iladi. Ularning DNKsi mutlaqo bir xil, shuning uchun mutaxassislar quroldan aynan kimning genetik materiali topilganini aniqlay olmaydi.

Endi tergovchilar telefon suhbatlari, tashqi kuzatuv kameralari va eshitish materiallari orqali aka-ukalardan qaysi biri otishmada aybdorligini aniqlashga harakat qilmoqda.

Sud ushbu ish bo‘yicha fevral oyi oxirida qaror chiqarishi kutilmoqda.

Bir xil, ammo butunlay emas

Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalar ba’zi hollarda bir xil egizaklarning ham genetik namunalarini farqlash imkonini beradi.

Guardian gazetasi yozishicha, 2025 yil avgustida AQShda egizaklardan biriga ilk bor DNK tahlili asosida hukm o‘qilgan. Hakamlar o‘shanda 1987 yilda sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik uchun 54 yoshli Rassel Marrubioni aybdor deb topishgandi.

O‘shanda tergov paytida topilgan DNK ikki egizak aka-ukaga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan va jinoyatni fosh etishga urinishlar to‘xtatilgandi.

Ammo qariyb 40 yil o‘tganidan keyin olimlar tuxum hujayra bo‘linganidan keyin sodir bo‘lgan ba’zi noyob mutatsiyalarni aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.

«Egizaklarda o‘rtacha 3 mlrd genomga to‘g‘ri keladigan sakkizta shunday farq bor», – deya DNK tadqiqotlari bilan shug‘ullanuvchi Parabon kompaniyasi vakili Elen Greytakning so‘zlarini keltiradi nashr.

Natijada ekspertlar ushbu mayda mutatsiyalarning ba’zilarini aniqlashga muvaffaq bo‘lishadi va aka-ukalardan biri aybdor deb topiladi.

Bir xil egizaklar ishtirokidagi boshqa ishlar

1999 yil, AQSh. Michiganda talaba qiz zo‘rlanishi

Repid-Folls shaharchasida bir qiz hujumga uchragan: u boshiga qattiq zarba qabul qilgan va zo‘rlangan. Faqat besh yil o‘tib DNK orqali gumonlanuvchiga yetib borilgan, ammo uning egizagi borligi ma’lum bo‘lgan.

So‘roq vaqtida Jyerom Kuper va Tayler Kuper iqror bo‘lmagan, shu bilan birga, bir-birini ham ayblamagan. «Biz ularni o‘zaro suhbat vaqtida o‘zini fosh qilishidan umid qilib, bir xonaga qamab qo‘ydik – ammo yo‘q, ular shunchaki bema’ni mavzularda gaplashib o‘tirishdi», – deya hikoya qiladi politsiya kapitani Jyeffri Hertel.

Uch marta ayblov e’lon qilingan. Sud oxirgi bor bu ishga 2018 yilda murojaat qilgan. Ish ochilmasdan qolgan – to‘liq DNK ekspertizasi juda qimmat bo‘lib chiqqan.

2009 yil, Malayziya. Giyohvandlik moddalari partiyasi to‘xtatilishi

Kuala-Lumpur politsiyasi 166 kg marixuana va 1,7 kg opiy xomashyosini olib ketayotgan avtomobilni to‘xtatadi. Giyohvand moddalar olib ketilayotgan uyga pistirma qo‘yilgandi, lekin politsiya qo‘lga olgan shaxs haydovchining egizagi bo‘lib chiqadi.

Malayziyada 2018 yilgacha narkokurerlarga o‘lim jazosi qo‘llangan. Sud jarayonida aka-uka Satis Raj yoki Sabarish Rajdan qaysi biri qoplardagi narsalarni aniq bilgani va tashishni tashkil qilgani bo‘yicha shubha paydo bo‘ladi. «Men begunoh odamni dor ostiga yuborolmayman», – deydi sudya va ikkalasini ham ozod qilishga qaror qiladi.

2009 yil, Germaniya. Zargarlik bo‘limidagi 6 mln yevrolik taqinchoqlar o‘g‘irlanishi

25 yanvar kuni erta tongda niqob taqqan uch nafar bosqinchi Berlindagi hashamatli KaDeWe (Kaufhaus des Westens) univermagiga arqon narvon orqali chiqib, 6 mln yevrolik qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlagan. Jinoyat joyida qo‘lqop tushib qolgan.

Qo‘lqop ichidagi barmoq izlari va DNK asosida politsiya gumonlanuvchini aniqlaydi, ammo uning bir xil egizagi bor edi. Ularning ikkisi ham – Hassan va Abbos O. hibsga olinadi. Biroq ekspertlar qo‘lqop aynan kimga tegishli ekanini aniqlay olmaydi va aka-ukalar ayblov e’lon qilinmay va sudga tortilmay, ozodlikka chiqariladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid