Jahon | 19:49 / 14.10.2025
4970
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy yana Oq uyda Tramp bilan uchrashadi

Ularning bu safargi uchrashuvida Ukrainaga «Tomagavk» raketalarini berish masalasi muhokama qilinadi.

Intelligence Specialist 1st Class Kenneth Moll / U.S. Navy / Reuters /

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 17 oktyabr kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda avvaliga o‘z manbalariga tayanib, Ukraina va Amerikadagi bir necha nashrlar xabar tarqatdi, keyinroq Tramp bu ma’lumotni tasdiqladi.

Axios ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiy va Tramp Ukrainaga Amerika qurollarining yangi partiyasini, jumladan, Tomahawk raketalarini yetkazib berish masalasini muhokama qilmoqchi.

AQSh va Ukraina prezidentlari shanba va yakshanba kunlari ikki bor telefon orqali muloqot qilgan. Axios manbasi xabar berishicha, shundan so‘ng yuzma-yuz uchrashuvga ehtiyoj tug‘ilgan, chunki «telefon orqali muhokama qilib bo‘lmaydigan ba’zi masalalar tug‘ilgan».

Dushanba kuni Zelenskiy Ukraina delegatsiyasi allaqachon AQShga uchib ketgani, ular mudofaa kompaniyalari va ehtimol kongressmenlar bilan ham «bir necha muhim uchrashuvlar o‘tkazishi»ni xabar qildi. Axios nashri yozishicha, delegatsiyaga Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak rahbarlik qiladi – uning vazifalari qatoriga, boshqa ishlardan tashqari Zelenskiyning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish ham kiradi.

Ukraina prezident AQShga 16 oktyabr kuni uchishi kutilmoqda.

Zelenskiy va Trampning oxirgi uchrashuvi sentabr oyi oxirida, BMT Bosh assambleyasi sessiyasi doirasida Nyu Yorkda bo‘lib o‘tgandi. Bu uchrashuvdan keyin AQSh prezidenti Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha ritorikasini o‘zgartirgan, xususan, Kiyev Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarini qaytarib olishi mumkinligi va hatto «bundan ham ko‘prog‘iga qodirligi» haqida gapirgandi.

Zelenskiy bungacha Oq uyning o‘zida Tramp bilan ikki bor uchrashuv o‘tkazgan. Fevral oyi oxiridagi dastlabki muzokaralar mojaro bilan yakunlangandi. Ikkinchi uchrashuv esa avgust oyida, Yevropa davlatlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi, bu Trampning Alyaskada RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi.

AQSh Kiyevga 50 ta Tomahawk raketasi berishi mumkin

Ukrainaga «Tomagavk»lar yetkazib berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda ham, amalda AQSh Kiyevga 50 dan ortiq raketa bera olmaydi, deb yozadi Financial Times nashri.

2022 yildan buyon Pentagon bunday raketalardan faqat 200 ta sotib olgan, shundan 120 tasi allaqachon mashg‘ulotlar chog‘ida ishlatib yuborilgan. Nashrning mudofaa sohasidagi manbalariga ko‘ra, harbiy idora 2026 yil uchun budjetida faqat 57 ta qo‘shimcha «Tomagavk» raketasi uchun mablag‘ so‘ragan.

Harbiy ekspert Steysi Pettijon nashr bilan suhbatda bu qadar kam raketa urush dinamikasini o‘zgartira olmasligini aytgan. U «Tomagavk» raketalari Ukrainadagi mavjud qanotli raketalar, shuningdek, uzoq masofaga harakatlanuvchi dronlarni to‘ldirishi, shu tariqa, alohida hujumlardagi samaradorlikni oshirishi, ammo kichik hajmdagi yetkazmalar «Rossiya ichkarisiga uzluksiz hujumlarni ta’minlash uchun yetarli bo‘lmasligi»ni ta’kidlagan.

Pentagonning sobiq mulozimi Mark Kansian gazeta uchun bergan izohida AQShda 4150 taga yaqin Tomahawk raketasi borligini aytib o‘tgan.

Tramp o‘tgan dam olish kunlari Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan ikkita telefon muloqotidan keyin Ukrainaga «Tomagavk» raketalari yetkazib berilishi mumkinligini bildirdi. Shaxsi sir qolishini so‘ragan ukrainalik rasmiy Financial Times uchun izohida aytishicha, AQSh prezidenti yakuniy qarorga kelmaganiga ishora qilgan, ammo Kiyevdagilar fikricha, u bunday raketalarni yetkazib berishga «har qachongidan ko‘ra yaqinroq».

Nashrning boshqa ikki manbasi Tramp «noma’lum miqdordagi» «Tomagavk» raketalarini berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani, ammo bundan oldin Kiyev ulardan qanday foydalanmoqchi ekani haqida ko‘proq ma’lumot olmoqchiligini aytgan.

Mavzuga oid