O‘zbekiston | 14:26 / 03.09.2024
25487
5 daqiqa o‘qiladi

“Badbo‘y hid, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va lanjlik” – kondagi texnogen ofatdan keyin boysunliklar nima demoqda?

Kun.uz bir necha boysunliklar bilan bog‘lanib, «Mustaqillikning 25 yilligi» konida sodir bo‘lgan texnogen holatdan keyingi vaziyat haqida so‘radi. Suhbatdoshlarga ko‘ra, shahar va uning atrofini achchiq xid qoplab, nafas olish qiyinlashgan. Ko‘pchilikda bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va lanjlik alomatlari kuzatilmoqda.

1 sentabr kuni Boysun tumanining «Ko‘lqamish» MFY hududida joylashgan «Mustaqillikning 25 yilligi» konida texnologik ofat sodir bo‘ldi. Oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqib, atrofdagi aholi yashash punktlariga tarqalmoqda. Bu shu yerlik aholining sog‘lig‘iga ham ta’sir qila boshlagan. Kun.uz suhbatlashgan boysunliklar ayni damdagi holat haqidagi taassurotlarini aytib berdi.

Shaharni yoqimsiz, achchiq badbo‘y hid qoplagan. Nafas olish qiyinlashgan. Ko‘p odamlar o‘zlarida lanjlik va bosh og‘rig‘ini his qilyapti”, dedi Kun.uz suhbatdoshlaridan biri.

Boshqa bir suhbatdoshga ko‘ra, texnogen vaziyat sodir bo‘lgan kon shahardan taxminan 15 km masofada joylashgan. Undan haligacha oltingugurt gazi chiqishi davom etmoqda. “Shaharning ichiga qadar kuchli hid yetib kelmoqda. Menda nafas qisishi sezilmadi, ammo badbo‘y hid shaharni o‘rab olgan”, deydi u.

Kun.uz bilan suhbatlashgan yana bir fuqaro Boysun shahrida odamlar tibbiy niqob taqa boshlaganini, nafas olganda kuygan latta hidiga o‘xshash hid sezilayotganini bildirdi.

Kelayotgan badbo‘y hid shamol yo‘nalishiga qarab o‘zgarib turibdi. Ahvol juda yomonlashib ketmadi, ammo yaxshilanayotganiyam yo‘q, bir me’yorda davom etmoqda. Odamlarni tuman markaziga ko‘chirishyapti. Xohlaganlar o‘z mashinalarida ketyapti, qolganlar shu yerda. Falokat oqibatlarini bartaraf etish ishlari necha kun davom etishi hozircha aytilmadi.

Achigan tuxumning hidiga o‘xshaydi, boshni og‘ritib, ko‘ngilni aynityapti”, deya ma’lum qildi yana bir suhbatdosh.

Texnogen ofat 1 sentabr kuni Boysun tumanining «Ko‘lqamish» MFY hududida joylashgan «Mustaqillikning 25 yilligi» konida sodir bo‘lgan. Konga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilayotgan vaqtda texnologik jarayonning buzilishi sababli oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan.

Ushbu holatdan so‘ng O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga asosan, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor Abdulla Qo‘ldoshev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib bordi. U yerda barcha tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb etgan holda tezkor shtab tashkil etilgan, texnogen ofat asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilingandi.

Tarmoqlarda yuzlab odamlar yuk mashinalarida evakuatsiya qilinayotgani aks etgan videolavhalar ham tarqaldi.

Ma’lumot uchun, vodorod sulfid – bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz hisoblanadi. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu ko‘pincha toksik manba bilan aloqani o‘z vaqtida aniqlash va to‘xtatish qobiliyati yo‘qligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid