O‘zbekiston | 03:04 / 08.08.2020
12290
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda blogerlarning akkauntlarini buzishga urinishlar bo‘lmoqda. Komil Allamjonov buni so‘z erkinligiga tahdid deb baholadi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi rahbari Komil Allamjonov O‘zbekistonda blogerlarning Telegram akkauntlarini buzib kirishga urinishlar bo‘layotganini qoralab chiqdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur harakatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘z erkinligiga tahdid deb baholash mumkin.

«Kuni kecha bir necha blogerlarning Telegram tarmog‘idagi akkauntini buzishga urinishlar bo‘lgani haqida yozishdi. Buni kim, nima maqsadda qilgani hozircha aniq emas, lekin buni bevosita OAV va blogerlarga, so‘z erkinligiga tahdid sifatida baholash mumkin», – deb yozadi Allamjonov Telegram`dagi kanalida.

Mass-media fondi rahbarining ta'kidlashicha, bu yo‘l bilan OAV va blogerning «ovozini o‘chirishga» urinish bilan hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi, hozirgi texnologiyalar asrida informatsiyani sun'iy yo‘l bilan to‘sishning imkoni yo‘q.

«Eng ma'qul yo‘l esa, jamiyatga ko‘zgu tutib turgan OAV va blogerlar ko‘tarib chiqayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish orqali vaziyatni yo‘lga solishdir. Bunda jurnalist va blogerlarni dushman bilmasdan, ularni do‘stdek qabul qilishga ko‘nikishimiz kerak. Do‘stlarning Telegram akkauntlari esa «vzlom» qilinmaydi», – degan Komil Allamjonov.

U bu boradagi fikrlarini to‘liqroq bayon etgan videoni ilova qilgan.

«Nega OAVning ovozini o‘chirish kerak yoki bular nazoratda bo‘lishi kerak, degan fikr bo‘ladi? Chunki ular odamlar orasidagi muammolarni ko‘tarib chiqadi. Bizda esa muammoni hal qilish o‘rniga, uni ko‘tarib chiqqanlarning ovozini o‘chirishga harakat qilinadi. Lekin muammo bor-ku baribir?

[…] Ko‘pincha aytishadi: «Muammolarni juda bo‘rttirib yozyapti, yaxshi ma'lumotlarni juda kam berishyapti». Bitta narsani inobatga olish kerak: matbuotning vazifasi asosan muammolarni ko‘tarish, xalq dardini olib chiqish. Shunday ekan, ular har doim ham yaxshi yoki maqtov materiallarni bera olmaydi.

To‘g‘ri, jurnalist va blogerlarda xolislik, etika bo‘lishi muhim. Bu borada kamchiliklar bo‘lishi mumkin, lekin ularning ovozini pasaytirishga urinishdan ko‘ra bu bilan ishlagan ma'qulroq. Chunki ularning ovozi pasaygani bilan muammolar bor ekan, bu muammolar haqidagi xabarlar u yoki bu yo‘llar bilan, anonim shaklda ham chiqib kelaveradi. Telegram`da hozir minglab har xil kanallar bor. Telefon bor ekanki, fuqarolardan informatsiyani yashirishning iloji yo‘q», – deydi Allamjonov.

U biror bir ijtimoiy tarmoqni bloklashdan foyda yo‘qligi, foydalanuvchilar tarmoqdan VPN orqali foydalana boshlashlari, natijada VPN o‘rnatgan foydalanuvchilarda bloklangan ijtimoiy tarmoqdan tashqari minglab taqiqlangan saytlar (terroristik, ekstremistik, pornografik, qurol-yarog‘ savdosiga aloqador resurslar)ga kirish imkoniyati ham paydo bo‘lishini ta'kidlaydi.

Komil Allamjonovning fikricha, davlat OAV, ijtimoiy tarmoqlar va blogerlar bilan to‘g‘ri ishlashni o‘rganishi kerak.

«Qonunlarimiz shundoq ham juda mukammal, shu qonunlar ishlashi kerak. Amaliyotda jurnalistika etikasiga puxta rioya etilishiga erishish kerak. Eng asosiysi, ochiqlik bo‘lib, jurnalistlar ko‘targan muammoga zudlik bilan e'tibor qaratilsa, masala juda oddiy hal bo‘ladi.

Albatta, jurnalist va blogerlar faoliyati ham kamchiliklar yetarli. His-hayajonga berilish, masalaga bir tomonlama yondashish yoki yolg‘on ma'lumotlar berish... Lekin bularning hammasi – agar ishlansa, hal bo‘ladigan masalalar», – degan funksioner.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda bir oydan oshiqroq vaqtdan buyon Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirishda sezilarli muammolar paydo bo‘lgan. Hozirga qadar mutasaddi tashkilotlar tomonidan bu masala yuzasidan rasmiy izoh bilan chiqilgani yo‘q.

Ma'lumot o‘rnida, so‘nggi haftalar davomida Kun.uz sayti joylashgan serverlarga turli hujumlar odatdagidan ko‘paygani kuzatildi.

Mavzuga oid