Kun.uz suhbatlashgan o‘nga yaqin o‘zbekistonlik Facebook foydalanuvchilari VPN-ilova orqali kirayotganliklarini aytishdi. Aks holda ijtimoiy tarmoqqa kirib bo‘lmayotganidan shikoyat qilishdi.
Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda yozib qoldirilayotgan ko‘plab post va izohlar dunyodagi eng mashhur onlayn platformalardan biri O‘zbekistonda yana bloklangani haqida taxminlarni yuzaga keltirmoqda.
«Bu masalani Facebook egalaridan so‘rash maqsadga muvofiq»
AKT vazirining matbuot kotibi Sherzod Ahmadov Kun.uz muxbirining savoliga javoban o‘zi Facebook tarmog‘iga kirishda muammolarga duch kelmaganini, tarmoq kimdadir yaxshi ishlamayotgan bo‘lsa, bu masalani Facebook egalaridan so‘rash maqsadga muvofiqligini ma'lum qildi.
«O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi vakili Azamat Akobirov Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi uzilishlarni o‘rganish inspeksiya vakolatiga kirmasligini aytdi.
«So‘nggi bir necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlarda Facebook’ning yomon ishlayotgani qizg‘in muhokama qilinmoqda. Menga mazkur masala bo‘yicha izoh so‘rab bir qancha OAV vakillari murojaat qilishdi.
Shuni ta'kidlashni istardimki, «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi aloqa xizmatlari sifati ustidan texnik nazoratni amalga oshiradi, operatorlar va provayderlarning texnik infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi.
Turli saytlarning ochilishi, ularga kirish jarayonida kuzatilayotgan muammolarni hal qilish bizning vakolatimizga kirmaydi. Biz bunday jarayonlarni kuzatmaymiz.
Mutaxassislarimiz ma'lumotlariga ko‘ra, shubhasiz, turli xil saytlarning mavjudligi vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi va bu internet uchun odatiy holdir. Ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchilar bu vaziyatni turlicha tavsiflashmoqda: kimdadir mobil internet orqali tarmoqqa kirishda qiyinchilik kuzatilayotgan bo‘lsa, kimdadir buning aksi. Yana kimdadir bu borada umuman hech qanday muammo yo‘q. Umuman olganda, Facebook’ka ommaviy kirishda muammo bor deyish uchun hech qanday asos yo‘q. Ehtimol, bu qaysidir provayder yoki mobil aloqa operatorining qaysidir uskunalarini modernizatsiya qilishi yoki profilaktika ishlari bilan bog‘liqdir», – deb yozgan inspeksiya vakili Azamat Akobirov o‘zining Telegram’dagi kanalida.











