Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Oq uyni rekonstruksiya qilishni boshladi
Oq uyda qiymati 250 mln dollarlik bal zali qurilmoqda, Tramp uning katta ziyofatlar, davlat tashriflari va boshqalar uchun «juda kerakli» ekanini ta’kidlamoqda.
Foto: The Washington Post
AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtondagi qarorgohi Oq uyda yangi tantanalar zalini qurish maqsadida rekonstruksiya ishlarini boshladi, deb xabar berdi BBC.
20 oktabr kuni quruvchilar sharqiy qanotdagi yopiq eshik va derazalarning katta qismini buzdi, Tramp so‘zlariga ko‘ra, u «to‘liq modernizatsiya qilinadi».
AQSh prezidenti ijtimoiy tarmoqdagi postida zal «juda kerakli» ekanini ta’kidladi.
«150 yildan ortiq vaqt davomida har bir prezident Oq uydagi katta ziyofatlar, davlat tashriflari va boshqalar uchun odamlarni qabul qilish mumkin bo‘lgan bal zalini orzu qilgan», deb yozdi u.
BBC/Bernd Debusmann Jr
Avvalroq prezident Oq uydagi 250 mln dollarlik bal zali mavjud bino bilan «yonma-yon» joylashishini, biroq uni o‘zgartirmasligini aytgandi.
«U mavjud binoga xalaqit bermaydi. Uning yonida bo‘ladi, lekin unga tegmaydi va [loyihada] men juda yaxshi ko‘radigan mavjud bino hurmat qilinadi. Bu mening sevimli joyim. Men uni juda yaxshi ko‘raman», dedi Tramp iyun oyida.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, loyiha «ko‘plab saxiy vatanparvarlar» mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Bu vatanparvarlar kimlar ekani hozircha noma’lum, Oq uy loyihaning ehtimoliy homiylari nomini oshkor qilmagan.
Bahsli rekonstruksiya
Oq uy tarixan ikki asr davomida AQSh prezidentlari qarorgohi bo‘lib kelmoqda. Sharqiy qanot 1902 yilda qurilgan va binodagi so‘nggi sezilarli tashqi o‘zgarishlar 1942 yilda amalga oshirilgan.
Garchi Oq uy va uning atrofidagi bog‘lar Milliy bog‘lar xizmati (NPS) tasarrufida bo‘lsa-da, prezidentda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha ancha keng vakolatlar mavjud.
NPS sobiq bosh tarixchisi Robert K. Sattonning aytishicha, Oq uy ta’mirlanayotganda, bu har doim jamoatchilikni tashvishga soladi.
«Oq uy qurilganidan beri u bilan bog‘liq deyarli hamma narsa bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda», dedi u.

Milliy bog‘lar xizmati tavsiyalar beradi va har qanday ta’mirlash va qurilish ishlarining barcha loyihalarini sinchkovlik bilan baholaydi, shu jumladan arxitektorlar va moliyalashtirish manbalarini tekshiradi. Sattonning so‘zlariga ko‘ra, bu holatda shunday qilinmagan.
«Bu bino juda muhim. Menimcha, u dunyodagi eng muhim ma’muriy bino hisoblanadi, lekin biz shunchaki nima bo‘layotganini bilmaymiz va men buni noto‘g‘ri deb hisoblayman», dedi u.
Yangi zalga qancha odam sig‘ishi ham noma’lum, raqamlar 600 dan 900 gacha, dedi u.
Oq uy loyihaning ba’zi tafsilotlarini, jumladan, uning ko‘lami haqida tasavvur beruvchi chizmalar va bir necha yuz kishiga mo‘ljallangan joylar va hashamatli oltin qandillar ko‘rsatilgan yangi interer tasvirlarini e’lon qilgan.
Tramp ma’muriyati loyihaga rahbarlik qilish uchun Clark Construction kompaniyasini tanlaganini, loyihalashtirish bilan esa McCrery Architecs arxitektura firmasi shug‘ullanishini ma’lum qildi. Oq uyning ta’kidlashicha, Maxfiy xizmat binoni «xavfsizlik sohasidagi zarur texnologiyalar bilan ta’minlaydi».
Butun dunyo bo‘ylab tarixiy binolarni saqlash masalalarini o‘rganuvchi xalqaro notijorat tashkilot - Arxitektura tarixchilari jamiyati ham loyihani tanqid qildi.
O‘tgan hafta e’lon qilingan bayonotda tashkilot «bal zalini qo‘shish taklifidan jiddiy xavotir bildirdi», unda ta’kidlanishicha, bu «so‘nggi 83 yil ichida binoning tashqi ko‘rinishidagi birinchi yirik o‘zgarish bo‘ladi».
«Shuning uchun muhim ahamiyatga ega tarixiy binoning bunday sezilarli o‘zgarishi puxta va o‘ylangan loyihalash va tekshirish jarayoni bilan birga bo‘lishi kerak».
Amerika arxitektorlar instituti ham xavotir bildirib, loyihani ochiq va shaffof ekspertizadan o‘tkazishga chaqirdi.

Trumendan Obamagacha
Bu yil Tramp allaqachon Oval kabinetni turli xil oltin bezak elementlaridan foydalangan holda qayta jihozladi va stol-stul o‘rnatish uchun Atirgul bog‘idagi maysazorni asfalt qildi.
Ammo Tramp Oq uyni o‘z didiga moslab o‘zgartirgan birinchi prezident emas.
1933 yilda Oq uyda prezident Franklin Ruzvelt uchun yopiq basseyn qurildi, u poliomiyelit tufayli jismoniy holatini saqlab qolish maqsadida muntazam ravishda suzgan.
Harri Trumen 1948-1952 yillarda Oq uyni butunlay qayta qurdi. Bir nechta hisobotlarga ko‘ra, ta’mirlash ishlari 5,7 million dollarga tushgan.
1975 yilda Jyerald Ford yopiq basseynni ochiq basseynga aylantirdi va Richard Nikson prezidentligi davrida u Oq uyning matbuot markaziga aylantirildi. Hozirgi kunda ham brifinglar bir vaqtlar prezidentlar cho‘milgan binoda muntazam ravishda o‘tkaziladi.
1993 yilda Oq uyda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar olib borildi.
Trampning o‘tmishdoshi Barak Obama Oq uyning tennis kortini basketbol o‘yinlarini o‘tkazish uchun qayta jihozladi.