Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada yangi korrupsion mojaro. Nishonda – Timoshenko
Ukrainada navbatdagi korrupsion mojaro avj oldi. O‘tgan yil oxirida Timur Mindich markazida bo‘lgan yirik korrupsion mojaroni ochgan Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi NABU va Korrupsiyaga qarshi kurashga ixtisoslashgan prokuratura SAP mamlakatdagi eng mashhur siyosatchilardan biri Yuliya Timoshenkoni nishonga oldi.
Zelenskiygacha mustaqil Ukraina tarixidagi eng mashhur siyosatchi sifatida qaralgan Timoshenko xonim deputatlarni sotib olishda ayblanmoqda. Ukrainada bunaqa noodatiy siyosatchini topolmaysiz: o‘tgan asrda partiya ochgan, yangi asrda ikki marta bosh vazir bo‘lgan, yetmaganiga ikki martalab qamalib chiqqan...
«Kassaga berayotgandek beraman»
NABU Yuliya Timoshenkoni deputatlarni sotib olishga urinishda ayblamoqda. Tashkilot rasmiy bayonotida gumonlanuvchi Timoshenko ekani aytilmagan, lekin e’lon qilingan videodagi yuzi xiralashtirilgan ayol aynan «Batkivshina» partiyasi rahbari Yuliya Timoshenko ekani uning mashhur soch turmagidan bilingan. Siyosatchi Radadagi majlisda ayblovlarni siyosiy piar deb chiqdi va to‘rt o‘ram 100 dollarlik kupyura bilan qo‘lga olingan gumondor u ekaniga shubha qoldirmadi.
NABU'ga ko‘ra, Timoshenko deputatlarni, xususan, o‘z fraksiyasiyaga kirmaydigan boshqa partiya deputatlarini sotib olishga uringan. Tashkilot bu borada Timoshenkoning ovozi yozib olingan audio ham e’lon qildi. Bir necha daqiqalik audioning o‘zi korrupsiya holati borligini ko‘rsatib qo‘ygan. Unda Timoshenko ekani aytilayotgan ayol deputatlarga qaysidir qonun loyihalarini qo‘llash uchun pul taklif qilgan.
Audiodagi ayol «ikkita sessiya uchun 10 to‘laymiz», degan. Gap katta ehtimol 10 ming dollar haqida ketmoqda. Chunki videoda ham gumondor ayol to‘rt o‘ram 100 dollarlik bilan qo‘lga olingan. «Siz bilan kelishib olsak, kim kim bilan birga ekanini belgilab olamiz va men sizga beraman. Kassaga berayotgandek beraman», degan ayol.
Audiolarda Timoshenko deputatlarni Vasil Malyuk, Mixail Fyodorov va Denis Shmigal iste’foga chiqishi borasida qonun loyihasini qo‘llab, ularni yangi lavozimga tayinlash bo‘yicha loyihani rad etishga chaqirgan. Nega bunday deganini tushunish qiyin emas. Timoshenko shu orqali prezident Zelenskiy o‘zi asoschisi bo‘lgan «Sluga naroda» partiyasi orqali qonun qabul qilishiga xalaqit berishga, ya’ni Zelenskiyni parlamentdagi ko‘pchilik ustunligidan mahrum qilishga uringan. Aftidan, Timoshenko xonimning bu tryuki o‘xshagan ko‘rinadi, Rada chindan yuqoridagi mulozimlarni bir urinishda yangi lavozimga tayinlay olmadi.
Bu nima degani?
Endi bu korrupsion mojaro nimani anglatishi haqida. Timoshenko xonim NABUni piar tashkilot deb atab, o‘ziga nisbatan ayblovlarni siyosiylashgan deb atadi. Uning sha’ma qilishicha, mamlakatda saylov yaqin va Zelenskiy o‘zining siyosiy raqiblarini yo‘ldan olishni boshlagan. Lekin Timoshenko xonim oshirib yubordi, menimcha. Xonimning oxirgi yillardagi siyosiy maqomi inobatga olinsa, uni Zelenskiy uchun siyosiy raqib deb bo‘lmaydi. Ukrainada urush boshlangach, siyosiy elita butkul o‘zgardi. Qaysidir oligarx bilan yaqin aloqada bo‘lgan ming yillik siyosiy dinozavrlar ortiq Ukrainada siyosiy elita emas. Urush davridagi Ukrainada Budanov, Zalujniy, Malyuk, Sirskiy va boshqa harbiylar siyosiy elita. Urush Ukraina elitasi tushunchasini qimmat yaxtalardan okopga olib tushdi.
Bu holatga NABU o‘z ishini to‘g‘ri bajaryapti deb baho berish mumkin. Bu tashkilot oldinroq prezident Zelenskiyning do‘sti Timur Mindich markazida bo‘lgan urush davridagi eng jiddiy korrupsion mojaroni ochgandi. O‘shanda NABU Zelenskiyga qarshi ishlayotgandek ko‘ringandi, chunki u hech qachon Mindich ishi ochilgandagi kabi iste’foga yaqin kelmagandi. Lekin hozir NABU endi Zelenskiy foydasiga ishlayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Chunki Timoshenko juda kichik bo‘lsa ham, baribir Zelenskiyning siyosiy raqiblaridan biri.
Ukraina jamiyati bu epizodda bir narsaga xursand bo‘lsa arziydi. Mamlakat beshinchi yil kuchli qo‘shnisiga qarshi urushayotgan bo‘lsa-da, unda NABU kabi korrupsiyaga qarshi tizim juda yaxshi ishlamoqda. Jamiyatda borgan sari korrupsiyaga toqatsizlik oshmoqda. Demokratik institutlar urush davrida ham ishlayapti. Ko‘z o‘ngimizda uzoq yillar Yevropadagi eng korrupsiyalashgan davlatlar sirasiga kirgan mamlakatda urush davrida korrupsiyaga qarshi kurash kechmoqda. Buning natijasini ukrainlar albatta ko‘radi...
Mavzuga oid
08:19 / 02.04.2026
Tramp Kiyevga yordamni to‘xtatish bilan tahdid qildi
20:56 / 31.03.2026
Rossiya Ukrainaga Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqish uchun ikki oy muhlat berdi – Zelenskiy
22:42 / 28.03.2026
Eron Dubaydagi “Ukraina ombori”ga zarba berganini ma’lum qildi
10:18 / 28.03.2026