O‘zbekiston | 11:49 / 06.12.2019
6342
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatiga ruxsat beriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama etilayotgan “Notariat tizimining tubdan isloh qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi qator muhim o‘zgarishlarni o‘zida qamrab olgan.

Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, mamlakatda notariat institutining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash hamda notarial idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat ko‘rsatish sifati darajasini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur loyiha bilan amaldagi bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Jumladan, “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etish asoslari hamda ular faoliyatini litsenziyalash tartibi belgilanmoqda.

Adliya vazirligiga muayyan hududdagi notariuslar lavozimlarining eng kam sonini belgilash vakolati berilmoqda. Endilikda respublikada faoliyat yuritadigan notariuslarning maksimal soni chegaralanmaydi.

Notariuslarni birlashtiruvchi hamda ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona tuzilma sifatida O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Hududiy adliya organlari huzuridagi malaka komissiyalarining stajirovkadan o‘tgan shaxslardan imtihon olish vakolati tugatilib, ularga notarius litsenziyasi amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish vazifasi yuklatilmoqda.

Notariuslarga mediator vazifasini bajarish, dalillarni ta'minlash, mualliflik va turdosh huquq obekti taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash, hujjatning elektron shakli uning qog‘oz shakli bilan teng huquqiy kuchga egaligini tasdiqlash kabi vakolatlar berilmoqda.

Bank va boshqa kredit tashkilotlariga mol-mulkka taqiq qo‘yish va taqiqni yechish imkoni berilmoqda. Bu o‘zgartirish jismoniy va yuridik shaxslarga kredit ajratish bilan bog‘liq byurokratik to‘siqlarga barham beradi.

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksidan qurilishi tugallanmagan uy-joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishda mahalliy davlat hokimiyati organlari ruxsatini olish, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonundan esa, vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini ijaraga berishda vasiylik hamda homiylik organlarining ruxsatini olish talablari chiqarib tashlanmoqda.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksi, “Garov to‘g‘risida”, “Ipoteka to‘g‘risida”, “Lizing to‘g‘risida”gi Qonunlarga birlamchi bozordan olinadigan ko‘chmas mulk va transport vositalari ipoteka, garov va lizing shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabini bekor qilish bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritilmoqda.

Loyiha yaqin kunlarda parlament Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun kiritilishi mo‘ljallanmoqda.  

Mavzuga oid