Jamiyat | 08:19 / 14.08.2018
29357
12 daqiqa o‘qiladi

Bir nafar o‘quvchi uchun o‘quv qurollari 200 ming so‘mdan oshadi. Bu arzonmi yoki qimmat?

Muxbirlar bu savolga javob topish uchun poytaxtimizda tashkil etilgan maktab yarmarkalarida bo‘ldi, deb yozmoqda O‘zA

"Chorsu" bozorida tashkil etilgan maktab yarmarkasi xaridorlar bilan gavjum. Tadbirkorlar tomonidan tavsiya qilinayotgan o‘quv qurollari, maktab uchun zarur boshqa anjomlar, kiyim-kechaklar narxi bilan qiziqdik. 

12 varaqli daftar 400 so‘m, 48 varaqli daftar 1500 so‘m, rasm daftarlari 2000 so‘m ekan. Sotuvchining gaplariga ishongan edik hamki, shu paytda bizni ham xaridor, deb o‘yladi shekilli, navbat rangli qalamlarga kelganida uning sherigi “besh ming so‘mdan boshlanadi”, dedi. Shunda biz suhbatlashayotgan sotuvchi unga tahdidli ohangda gapga aralashmasligini ta'kidladi. 

Angladikki, sotuvchilarimiz ham o‘z ishiga vijdonan yondashayotgani yo‘q. Kim ekanimizni bilgach, hatto aldashga ham urinishmoqda. 

Shundan so‘ng boshqa sotuvchilar bilan xaridor kabi muomalaga kirishdik.

Maktab sumkalarining narxini bilishga qiziqdik. 

– 65 ming so‘mdan boshlanib, 165 ming so‘mgacha boradi, xohlasangiz, bundan ham qimmatrog‘larini ko‘rsataman, Xitoyniki, – dedi bir sotuvchi. 

Rasm daftarlarining eng kichigi 4,5, 36 varaqli daftar 1,5, 48 varaqli daftar 1,7 ming so‘m, rangli qalamlarning eng arzoni 10 ming so‘mdan boshlanishini aytishdi. 

Ma'lum bo‘ldiki, ota-ona bitta farzandi uchun kerakli o‘quv qurollarining o‘rtacha narxdagisidan oladigan bo‘lsa, taxminan 200 ming so‘mdan oshadi. Unga sumka va kiyim-kechakni ham qo‘shsangiz, kamida 700-800 ming so‘m kerak bo‘ladi. 

Sotuvchilar xarid qilganingizda narxi arzoniga uchmaslikni, ular sifatsiz ekanini ko‘p takrorlaydi. Shunday paytda sotuvchiga qarab "rahmat-e, vijdoningiz uyg‘oq ekan", deb yuborasiz. Ammo yaroqsiz o‘quv qurollari ishlab chiqarishga bosh bo‘layotgan yoxud chetdan olib kelayotgan tadbirkorlarga nima deysiz?! Har qalay, rahmat aytmasligingiz aniq. 

Agar bitta farzandingiz maktabga borsa xo‘p-xo‘p, ular ikkita bo‘lsa-chi yoki uchta bola uchun qancha xarajat qilishingizni endi aytmasak ham bilasiz. 

Imkoniyati yetgan ota-ona farzandi uchun qilar, ammo besh qo‘l baravar bo‘lmaganidek, bunga hamma yurtdoshimizning ham qurbi yetmasligi sir emas. Yaxshirog‘idan olib beray desa, cho‘ntak ko‘tarmaydi, sifatli narsa esa qimmat, farzandining ko‘ngli o‘ksishi esa yana alamli. 

– To‘rtta nabiramga maktab bozori qilaman, – deydi Nigora aya Bo‘ronova. – Bittasiniki yengilroq, bu yil 1-sinfga chiqyapti. Qolganlari yuqori sinflarda o‘qiydi. O‘g‘il nabiramga maktabdan to‘q ko‘k rangli nimcha va shim olishni aytishibdi. So‘rab ko‘rsak, ikki yuz ming so‘m, deyishayapti. Bu qimmat-ku! Uning ko‘ylagi, kostyumi, sport kiyimi kabi qo‘shimchalari ham bor. Hammasini hisoblasak qancha bo‘ladi?! Kelinim va o‘g‘lim ikki oydan buyon maktab bozoriga, deb pul yig‘adi. O‘zim ham pensiyamdan qo‘shimcha qilyapman. Qimmatligini aytsangiz, sotuvchilar “chetdan keltirilgan“, deydi. O‘quv qurollari va kiyim-kechaklar qayerdan olib kelinayotgan bo‘lsa ham, arzonroq va muhimi, bir xil narx bo‘lishi tarafdoriman. 

O‘quv qurollarining sifatiga kim javobgar?

Har yili 10 avgustdan 10 sentabrgacha tashkil etiladigan maktab yarmarkalarini ham kutmasdan, tadbirkorlar iyul oyidanoq barcha joylarda maktab uchun kerak bo‘ladigan buyumlar savdosini boshlab yuboradi, savdo esa avjiga chiqadi. Nimaiki axtarsangiz, istaganingizdan ham ziyodi bor. Ammo ularning sifati qanday? 

– O‘g‘limga ustozi aytganidek, yozuv va matematika daftari olib bergandim. Qog‘ozi juda silliq. Shundan sifati juda yuqori, deb bildim. Ammo farzandim yozishga juda qiynaldi, – deydi Shoira Uzoqova. – Turli xildagi ruchkalardan olib berdim. Qiziq, ruchka yozmaydi. Boshida faqat mening o‘g‘lim shunday qiynalyapti, deb o‘yladim. Ustozidan so‘rasam, boshqa bolalarda ham shunday muammo bo‘layotgan ekan. Sababini bila olmadim. Ayb daftardami yoki ruchkada? Yoza olmagach, farzandim ham tez-tez asabiylashadigan bo‘ldi.

Mamlakatda tadbirkorlikka keng yo‘l ochilib, ular faoliyati har tomonlama rag‘batlantirilmoqda. Ammo bu ishonchni suiiste'mol qilayotganlar ham uchrab turibdi. Bugungi kunda "yengilning ostida, og‘irning ustida yurib", kun ko‘radigan “tadbirkorlar” ham bor. Imkoniyat va imtiyozlar hech kimga istaganini qilish, amaldagi qonunlarni oyoqosti etish huquqini bermaydi. Ular o‘zlarining nomaqbul faoliyatini tadbirkorlik, deya xaspo‘shlashga ham haqli emas. 

Faqat o‘zini o‘ylab, o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun ko‘rayotgan ayrim "ustomon tadbirkorlar" o‘quv qurollarini noqonuniy chop etib, sotuvga chiqarmoqda. Bu farzandlarimizning bilim olish sifatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Biz sifatli deb o‘ylayotgan va sotuvchilar, pedagoglar tomonidan tavsiya qilinayotgan o‘quv qurollari har doim ham sifatli bo‘lavermaydi. 

– Hozir tashkil etilayotgan maktab yarmarkalaridan olganimizning o‘zi yil davomida yetmaydi, – deydi Shahnoza Elbekova. – O‘tgan yili 300 ming so‘mlik o‘quv qurollari, kiyim-kechak, sumka olgandik. Sotuvchi menga 60 ming so‘mdan sumka tavsiya qilgandi. “Qimmatda bir gap bor”, deb 85 ming so‘mligidan olib berdim. Ikkinchi chorak yakuniga ham yetmasdan choklaridan yirtilib, uzilib ketdi. O‘quv qurollari ham yetarli bo‘lmadi. Yil yarmida yana kamini to‘ldirdik. O‘shanda sumkani o‘zimizda ishlab chiqarilganini aytishgandi. Ko‘rinishidan sifatlidek edi. Ammo... 

Poytaxtimizdagi “Abu-Saxiy“ savdo majmuasiga ayni masalani o‘rganish uchun bordik. Sotuvchilarning aytishicha, maktab sumkalari Xitoyniki va o‘zimizning tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan sumkalarga bo‘linadi. O‘zimizniki ham yomon emas. Shunga qarab ularning narxi va sifatida ham farq bordir, deb o‘ylaysiz. Ammo ularning narxida deyarli farq yo‘q. Xaridorlar esa taklif qilinayotgan mahsulotning ko‘pligidan uning qay biri qayerniki yoki sifatliroq ekanini ajrata olmaydi ham. Bundan noqonuniy ishlab chiqaruvchilar unumli foydalanmoqda. 

Ba'zi “ishbilarmon” yurtdoshlarimiz go‘yo o‘zini tadbirkor sanab, sifatsiz, lekin puli “otning kallasiday” mahsulotlar tayyorlashga kirishadi yoki turli aylanma yo‘llar bilan bojxonachilar ko‘zini shamg‘alat qilib, ta'lim standartlariga mos kelmaydigan matbaa mahsulotlari bilan bozorlarni to‘ldiradi.

Yurtimizda so‘nggi yillarda ishlab chiqarish, sanoatga qaratilayotgan katta e'tibor sabab ba'zi mahsulotlarimiz bugun xorijda ham xaridorgirligini ta'kidlash joiz. Ammo ichki bozorga chiqarilayotgan ba'zi mahsulotlar aholi noroziligiga sabab bo‘lib, o‘zimizning mahsulotlarga bo‘lgan ishonchsizlikni oshirmoqda. 

Soxta tadbirkorlar halol ishlayotgan, soliq va majburiy to‘lovlarni vijdonan to‘layotgan tadbirkorlar manfaatiga ziyon yetkazishi bilan birga, farzandlarimizning sog‘lig‘iga, o‘z xalqi, ona Vatani iqtisodiga ham zarar keltirmoqda. 

Amaldagi qonun hujjatlariga chap berayotgan bu kabi “tadbirkorlar“ faoliyatini tartibga solish, ularga nisbatan keskin ta'sir yo‘llarini qo‘llash, ushbu muammo bevosita kelajagimiz egalari taqdiri, ularning ertangi kuni bilan bog‘liq ekani hisobga olinib choralar ko‘rilayotir. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Bosh prokuratura, Davlat bojxona va soliq qo‘mitalari, “O‘zstandart” agentligi, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va boshqa tashkilotlar mazkur muammoni bartaraf etishda hamkorlikda faoliyat yuritishi muhimdir. 

Yarmarka aholi uchun qulaymi?

– O‘tgan yili “Chilonzor“ buyum bozorida tashkil etilgan maktab bozori yarmarkasidan farzandim uchun turli o‘quv qurollari olish uchun bordim, – deydi Mohira Xidirova. – Sotuvchilarning har biri arzon narxlarda hisob-kitob qilishini aytib, chaqira boshladi. Ularda bir xil narsaning narxi har xil. Boshida o‘zim ham tushunmay juda ikkilandim. Har birida narxlar har xil, ammo hisoblaganda deyarli bir xil summa kelib chiqdi. Shunday ekan, ularga xaridorni har tomonga tortqilab, chalg‘itishning nima keragi bor. Mayli, bunga ham chidadim. O‘quv qurollarini deyarli to‘liq sotib oldim. Ammo... Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Shirin” bozori ichida bir kichik kantselyariya mollarini sotadigan do‘koncha bor. Odatda yil davomida shu do‘kondan xarid qilamiz. Maktab bozoridan sotib olgan o‘quv qurollarini ro‘yxat qildimu shu do‘konga bordim. Hisoblatsam, maktab bozoridan arzonroq ekan. O‘ylab qoldim, maktab yarmarkalari nima uchun kerak? 

Mas'ul tashkilotlar ma'lum qiladi

Xalq ta'limi vazirligidan maktab yarmarkalarida mahsulotlar narx-navosining sun'iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularda to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy hokimliklar va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilganligi ma'lum qilinmoqda. 

Umumta'lim maktablari o‘quvchilarini asosiy turdagi o‘quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechak va poyabzallar bilan ta'minlash va ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 10 avgustidan 10 sentabrigacha respublikamizda jami 1 ming 325 ta maktab yarmarkasi faoliyat yuritadi. 

Maktab yarmarkalarining 931 tasi umumiy o‘rta ta'lim maktablarida, 293 tasi bozorlar va ular atroflarida, 528 tasi yirik savdo komplekslari, do‘konlar va aholi gavjum joylarda tashkil qilingan. 

Respublikadagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o‘quv qurollari va jihozlari sotuvi yo‘lga qo‘yilgan. 

Maktab yarmarkalari faoliyatini uyushqoqlik bilan tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklarda mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruhlar tuzilgan. 

Joylarda tashkil etiladigan maktab yarmarkalariga asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zcharmsanoat” uyushmalari, “O‘zdavkitobsavdota'minoti” majmuasi, “Sharq” NMAK va “Sharq ziyokori” MChJ yetkazib beradi. Yetkazib berilgan mahsulotlarning saqlanishi, ularni yong‘indan saqlash, sanitariya holatini yaxshilash va boshqa zaruriy xavfsizlik choralari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. 

Mahalliy hokimliklar, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi maktab yarmarkalarida savdosi tashkil etilayotgan mahsulotlarning mamlakatimizdagi amaldagi standartlar talablariga javob berishini va ularning sifatini nazorat qiladi. 

Mavzuga oid