Jahon | 13:16 / 10.12.2025
10645
17 daqiqa o‘qiladi

Asad va Putinsiz bir yil. Yangi hukumat Suriyani qayerga olib bormoqda va buyog‘iga nima bo‘ladi?

Roppa-rosa bir yil muqaddam Bashar Asad Suriyadan Moskvaga, Vladimir Putinning oldiga qochgan, Rossiya esa Yaqin Sharqdagi muhim ittifoqchisidan ayrilgandi. Asadlar sulolasi hokimiyatda yarim asrdan uzoqroq vaqt qoldi. Endi esa mamlakatni bir yil oldin ham terrorchi hisoblangan Ahmad ash-Shar’a boshqarmoqda.

Suriya 12 oy ichida nimalar o‘zgardi va bundan keyin nimani kutish mumkin?

Suriya muvaqqat prezidenti tezlik bilan xalqaro maydonga chiqib bordi, Donald Tramp bilan ikki marta uchrashdi, Kreml va Oq uyda mehmon bo‘ldi, Yevropa va arab davlatlari qo‘llab-quvvatloviga erishdi, BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zladi.

Uning tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatlarini mo‘jiza deb atashmoqda, u terrorchi tamg‘asidan xalos bo‘ldi, G‘arbdagilar u bilan qo‘l berib ko‘rishdan tortinmayapti va Suriyadan sanksiyalarni olib tashlanishiga oz qoldi – 13 yillik urushdan keyin o‘zini o‘nglay olishi uchun uning mamlakatiga xorijdan pullar oqimi juda zarur.

Ammo Suriya ichkarisida yutuqlardan ko‘ra muammolar ko‘proq. Urug‘-aymoqchilik, etnik yoki konfessional asosdagi qotilliklar, sudsiz qatllar, odam o‘g‘irlash va sobiq tuzum davridagi qotilliklar uchun aybdorlarni sudga tortishga urinishlar.

Parchalangan mamlakat

Ko‘plab shahar va tumanlar vayronaga aylangan
Anadolu via Getty Images

Ash-Shar’a Asaddan xaroba holatdagi, davlat institutlari yo‘q qilingan va aholisi qashshoqlarga aylangan mamlakatni meros qilib oldi.

U hozir ham mamlakat hududining uchdan bir qismini nazorat qilmaydi: shimoli-sharqdagi hududlar kurd kuchlari, janub – druzlar ta’sirida, shimolda turkparast tuzilmalar o‘rnashgan, shuningdek, ko‘plab qishloqlar mahalliy qabila qo‘mondonlari hukmronligi ostida.

Turkiya Damashqni o‘z ta’siriga olish uchun Qatar va Saudiya Arabistoni bilan bahslashmoqda, Isroil Suriya janubida operatsiyalar o‘tkazmoqda va ash-Shar’ani Jo‘lan tepaliklaridan voz kechishni nazarda tutuvchi tinchlik kelishuviga majburlamoqda. Suriyaning o‘tmishdagi asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya ham Damashqdagi ta’sirini yo‘qotishni istamaydi, ammo Moskvaga qochib ketgan Asadni yangi hokimiyatga topshirishga rozi emas.

Suriyaliklarning aksariyati qashshoqlik chegarasida yashaydi, kuniga ikki soat elektr energiyasi beriladi, qurg‘oqchilik tufayli suvni sisternalardan olishga to‘g‘ri keladi. Ikki milliondan ortiq suriyaliklar chodirlarda yashamoqda. Davlat xizmatchilari maoshi Qatar yordamida to‘lanmoqda.

Optimizm va kelajakdan qo‘rquv

Suriyaliklarning 90 foizi qashshoqlik chegarasida yashaydi, ko‘pchilik vayron bo‘lgan shaharlarda chodirlarda yashashga majbur.
Anadolu via Getty Images

Suriyaliklar bir yil oldin ash-Shar’aga katta ishonch bildirishgandi, uni hali ham aholining katta qismi qo‘llab-quvvatlamoqda. Shunga qaramay, bir yil o‘tgach, ko‘pchilikda yana qo‘rquv paydo bo‘lgan: zo‘ravonlik avj olishi, alaviylar, druzlar va nasroniylar o‘ldirilishi, ayollar o‘g‘irlanishi, uylar olib qo‘yilishi kelajak uchun qo‘rquvni kuchaytiradi.

Ash-Shar’a – saylangan prezident emas, Asadlarning yakkahokimligidan keyin mamlakatda shaffof saylovlar o‘tkazish juda murakkab: markaziy hokimiyat butun Suriyani nazorat qilmaydi, aholini ro‘yxatga olish esa oxirgi bor 15 yil oldin o‘tkazilgan. Muvaqqat hukumat besh yil ichida mamlakatni adolatli saylovlarga tayyorlashga va’da bermoqda.

«Suriya aholisi bir xil emas, diniy va ijtimoiy kelib chiqishiga qarab, Shar’aga bo‘lgan munosabat o‘zgarib turadi», – deydi BBC muxbiriga Lion universitetining Suriya bo‘yicha mutaxassisi va Vashington instituti eksperti Fabris Balansh.

Ahmad Shar’a o‘zi sunniy bo‘lib, hali ham sunniylar orasida, ayniqsa, qishloqlardagi kambag‘al sunniylar (mamlakatning jami aholisi orasidagi ulushi 30-40 foiz atrofida) orasida ancha katta obro‘ga ega. Suriyadagi jami sunniylar esa aholining taxminan 70 foizini tashkil etadi. Ammo boshqa guruhlar, jumladan, shaharlardagi sunniylar va jamiyatning ilg‘or qatlamlari orasida Asad ketgandan keyingi dastlabki kunlarda paydo bo‘lgan eyforiya asta-sekin so‘nib bormoqda, deydi ekspert.

O‘tgan yil dekabrida Suriyada optimizm hukmronlik qilayotgandi
NurPhoto via Getty Images

2011 yildan beri o‘tkazilgan eng yirik jamoatchilik so‘rovi (Arab Opinion Index tadqiqotida 3700 kishi ishtirok etgan) shuni ko‘rsatdiki, suriyaliklarning faqat 55 foizdan ortig‘i o‘tish davri hukumatiga ishonadi, 56 foizi esa mamlakat to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanmoqda, deb hisoblaydi.

Ko‘plab suriyaliklar Asaddan qutulish ko‘p qon to‘kilishi va yangi vayrongarchiliklarsiz amalga oshishiga ishona olmasdi. «Hay’at Tahrir ash-Shom»ga esa Asadni prezident saroyidan chiqarib yuborish va uni Rossiyaga qochishga majbur qilish uchun atigi 11 kun yetarli bo‘ldi.

Endilikda, ayniqsa, etnik va diniy ozchilik vakillari, jamiyatning ilg‘or qatlamlari orasida kayfiyat keskin o‘zgardi.

Ular o‘zlarini xavfsiz his qilmayotgani, optimizm o‘rnini kelajak uchun qo‘rquv egallaganini aytishmoqda. Imkoniyati borlar esa xorijga chiqib ketmoqda.

Suriyada yangi avtoritar hokimiyat

«Alaviylar – bizning birodarlarimiz va oilamiz», deb yozilgan Suriya shimoli-sharqida dinlararo zo‘ravonlik to‘lqiniga qarshi ommaviy namoyish paytida ko‘tarilgan plakatda.
AFP via Getty Images

Mart oyida Suriyaning sohilbo‘yi hududlarida bir necha kun ichida tinch aholi vakillari bo‘lgan 1400 kishi (asosan alaviylar) o‘ldirilganidan keyin jamiyatdagi kayfiyat o‘zgardi. Huquq himoyachilari haqiqiy raqamlar bundan ham yuqori ekanini aytishadi. Bashar Asad ham alaviylardan edi va endi ular qasos olish o‘tida yonayotganlar uchun asosiy nishonga aylangan.

Ash-Shar’a markaziy hokimiyat qotilliklarga aloqadorligini qat’iyan rad etdi, adliya vaziri esa aybdorlar ustidan ochiq sud jarayonlarini o‘tkazishga va’da bergan. Reuters agentligi surishtiruvi esa hujum ijrochisi bo‘lgan guruhlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri Suriyaning yangi rahbariyatiga bo‘ysunadigan odamlarga olib boradigan qo‘mondonlik zanjirini aniqlagan.

May va iyul oylarida janubdagi Suvayda provinsiyasida dinlararo zo‘ravonlikning navbatdagi avj olishi paytida 1000 dan ortiq odam, asosan druzlar o‘ldirildi.

Shuningdek, huquq faollari noyabrda Homsda navbatdagi ommaviy qatllar amalga oshirilganini qayd etishdi. «Suriya inson huquqlari tarmog‘i» (SNHR) monitoring guruhiga ko‘ra, Homsda qotillik va odam o‘g‘irlash holatlari avj olgan.

Huquq faollari ayollarga nisbatan ko‘plab zo‘ravonlik va kamsitish holatlari, noma’lum qurolli guruhlar tomonidan ayollar va qizlarning o‘g‘irlanishi haqida xabar beradi. Ba’zilar jinsiy zo‘ravonlikka uchragan, ba’zilar esa o‘z xohishlariga qarshi turmushga berilgan. Jabrlanganlarning oila a’zolari mahalliy hokimiyat bedarak yo‘qolganlarni qidirish uchun hech qanday chora ko‘rmaganidan shikoyat qiladi.

Bashar Asad oilasi bilan Moskvaga qochgan va hamon o‘sha yerda qolmoqda
Foto: AFP via Getty Images

Mamlakatda xristianlar shusiz ham juda kamayib ketgan – aholining 1,5 foizidan kamrog‘i (2011 yilda mamlakatning xristian aholisi 1,2 million kishi deb baholangan bo‘lsa, hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 200–300 ming atrofida qolgan), ammo ular ham keyingi nishon bo‘lishdan qo‘rqishadi. Oktyabr oyida Suriya g‘arbida Livan bilan chegaradagi Vadi-Nasara (Xristianlar vodiysi)da ikki yosh yigit hujum qurboni bo‘ldi, iyun oyida esa Damashqdagi cherkovda xudkush o‘zini portlatishi oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi.

Ash-Shar’a mamlakatni barcha suriyaliklarning manfaatlarini hisobga olgan holda halol boshqarishga, shuningdek, ayollar va etnik ozchiliklar huquqlariga rioya etilishini ta’minlashga va’da bergandi.

Ammo hozircha va’dalar qog‘ozda qolib, amalda hokimiyat Ash-Shar’a va uning yaqinlari qo‘lida jamlangan –hukumatdagi muhim lavozimlarni uning og‘a-inilari va Hshdagi safdoshlari egallagan.

Ayrim suriyashunoslar fikricha, Shar’a temir qo‘l bilan islomiy Suriya qurmoqda va norozilarning barchasi asta-sekinlik bilan siqib chiqariladi va avvalgi ko‘p konfessiyali va xilma-xil jamiyatga barham beriladi.

«Suriyaning yangi hukumati Suriyada Islom respublikasini qurmoqda, bu esa barcha sunniy bo‘lmagan arablar siqib chiqarilishiga olib keladi. Ya’ni allaqachon deyarli tugayozgan alaviylar, druzlar, kurdlar va nasroniylar», – deydi Fabris Balansh.

Suriyaliklarning ba’zi doiralarida Asadning dunyoviy avtoritarizmi o‘rniga islomiy yo‘nalishdagi avtoritarizm kelishi haqidagi xavotirlar kuchaymoqda.

«O‘tish davri, hech bo‘lmaganda hozirgi paytda, hokimiyat Hshning sobiq a’zolari qo‘lida asta-sekin markazlashuvi bilan birga kechadi, boshqa siyosiy va ijtimoiy guruhlar esa juda cheklangan. Ko‘plab suriyaliklarning [yangi hokimiyat] inklyuziv siyosiy tartib o‘rnata olishiga ko‘zi yetmaydi», – deydi Krisis Group notijorat tashkiloti tahlilchilari.

BMTda ham yangi hokimiyatning zo‘ravonlikka qarshi kurashish istiqbollari ehtiyotkorlik bilan baholanmoqda: «Hukumat tomonidan davlat qurilishi yo‘lida qo‘yilgan ijobiy qadamlarga qaramay, takroriy zo‘ravonlik holatlari ehtimoli xavotir uyg‘otmoqda va vaqtinchalik hukumatning Suriyadagi ildiz otgan zo‘ravonlik zanjiriga chek qo‘yish qobiliyatini shubha ostiga qo‘ymoqda», – dedi Suriyadagi voqealarni tergov qilish bo‘yicha mustaqil xalqaro komissiya rahbari Paulu Serjiu Pineyru.

Boshqa tahlilchilar Suriya va o‘tish davri hukumatiga yillar davomida urush va o‘zaro ishonchsizlik tufayli tarqoq bo‘lgan jamiyatni birlashtirish uchun ko‘proq vaqt berishni taklif qilmoqda.

Suriya aholisi – etnik va diniy jamoalarning mozaikasidir, ammo bu etnik va diniy guruhlarning o‘zi ham monolit emas, deb eslatadi Fabris Balansh. Hozirda hech bir jamoa o‘zini xavfsiz his qilmayapti, deydi yaqinda Suriyada bo‘lgan ekspert.

Kurdlar va druzlar muxtoriyatni kengaytirishni talab qilmoqda, alaviylar ajralib chiqishni orzu qiladi, badavlat sunniylar Asadlar hukmronligi davrida isyonkor Idlibga ketmaganliklari uchun qabiladoshlari tomonidan qasos olinishidan qo‘rqmoqda, nasroniylar esa radikal jangarilar ta’siri kuchayishidan xavotirda.

Diplomatik g‘alabalar

«Jiddiy yigit», degandi Tramp ash-Shar’a haqida
Anadolu via Getty Images

Ash-Shar’a so‘nggi bir yil ichida qo‘shnilar bilan uchrashdi yevropaliklar oldiga bordi, Rossiyada ham, AQShda ham bo‘ldi, Yaqin Sharq instituti eksperti Charlz Lister qayd etishicha, Asadlar hokimiyatdagi 53 yil davomida qabul qilganidan ko‘ra ko‘proq g‘arb yetakchilarini qabul qildi.

Tashqi dunyo bilan munosabatlarda u pragmatik yo‘l tutadi va hech kim bilan ziddiyatga borishni xohlamaydi. U mintaqa va jahon derjavalarining turli manfaatlari o‘rtasida muvaffaqiyatli harakat qila oladimi yoki yo‘qmi, bunisi hozircha noma’lum.

«Bunday kurs unga xalqaro legitimlikni taqdim etadi, ammo tashqi o‘yinchilar o‘rtasida kuchayib borayotgan qarama-qarshiliklar fonida saqlab qolish tobora qiyin bo‘ladigan juda nozik muvozanatda turadi», – deydi tahlilchi Kelli Kassis Birlashgan qirollik  mudofaa tadqiqot instituti uchun maqolasida.

Rossiyaning Suriyada ikkita harbiy bazasi bor va Asad hokimiyati qulashi bilan ularning kelajagi so‘roq ostida qoldi. Moskvaga tashrifi chog‘ida Shar’a Kreml bilan avval erishilgan barcha kelishuvlarga amal qilishga va’da berdi. Moskva bug‘doy va neft yetkazib berishni qayta tikladi, shuningdek, Asad rejimi bilan ishlagan «Goznak» kompaniyasi orqali Suriyaning yangi banknotlarini chop etishga rozi bo‘ldi. Muzokaralarda prezidentning ukasi, ginekolog, 20 yildan ortiq Rossiyada yashab, ishlagan va bugungi kunda amalda «vitse-prezident» lavozimini egallab turgan Mohir ash-Shar’a muhim rol o‘ynadi.

«Moskva bilan kelishuv Asad davrini belgilab bergan tuzilmaviy qaramlikning yashirincha tiklanishidan va u bilan birga Rossiya ta’sirining qaytishidan dalolat beradi. Biroq, manfaatlar mos kelishiga qaramay, tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar hali ham o‘zaro ishonchsizlik va noaniqlik bilan to‘lib-toshgan. Bu uzilish qanchalik chuqur bo‘lishi yoki umuman sodir bo‘lish-bo‘lmasligi endi Suriyaning keyingi siyosiy kursiga bog‘liq», – deya fikr yuritadi Kassis.

Ash-Shar’aning imkoniyatlari cheklangan va tashqi kuchlar yordamisiz Suriyani tiklash va zaif hokimiyatni saqlab qolishning iloji yo‘q. Jahon bankining konservativ hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatga 216 milliard dollar kerak, bu qashshoq Suriya uchun astronomik miqdor.

Ash-Shar’a va Putin munosabatlarni qaytadan yo‘lga qo‘yishga kelishib olgan
Anadolu via Getty Images

Oktyabr oyi oxirida ash-Shar’a Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan forumda so‘zga chiqib, Suriya allaqachon 28 milliard sarmoya jalb qilganini aytdi. Ammo hozircha Suriyaga qarshi sanksiyalar tufayli bu pullar mamlakatga kira olmayapti.

AQSh prezidenti Donald Tramp may oyida Ash-Shar’a bilan birinchi uchrashuvidayoq Suriyaga qarshi sanksyalarni olib tashlashga va’da bergan, keyin esa noyabr oyida Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham xuddi shu va’dasini takrorlagan, ammo hammasi unchalik oson emas. 2020 yilda kuchga kirgan va «Tsezar qonuni» deb nomlanuvchi asosiy sanksiyalarni bekor qilish uchun bu qaror AQSh Kongressida ma’qullanishi talab etiladi.

Axios nashri noyabr oyida AQShdagilar sanksiyalar to‘liq bekor qilinishini evaziga Isroil va Suriya o‘rtasida xavfsizlik shartnomasi imzolanishini xohlashini yozgandi.

AQSh Asad qulaganidan keyin Suriya janubidagi hududlarga bostirib kirgan va Damashq janubida qurolsizlantirilgan hudud yaratishni talab qilgan Isroil bilan Shar’a o‘rtasidagi xavfsizlik kelishuvida vositachi bo‘lishga harakat qilmoqda. Shu yil yozida Isroil Suriya janubidagi druzlarni sunniy badaviylar bilan to‘qnashuvlardan keyin qo‘llab-quvvatladi, bu esa Damashq bilan munosabatlardagi keskinlikni kuchaytirdi.

Kim qayerni nazorat qiladi?

  • Hsh (Ash-Shar’a rahbarligida) Suriyaning Idlibdan Damashqqacha bo‘lgan g‘arbiy qismini;
  • Kurdlar (Suriya demokratik kuchlari) shimoli-sharqni nazorat qiladi; tashkilot lashkari 40–60 ming kishidan iborat.
  • Druzlar: janubdagi Suvayda viloyati Janubiy front va mahalliy ayirmachilar qo‘lida.
  • Turkiya ta’siridagi kuchlar (SNA) – Turkiya bilan shimoliy chegara bo‘ylab joylashgan hududlar.

Suriya qochqinlari

Suriya diasporasi juda katta, Suriyadagi ko‘pchilik faqat chet eldagi qarindoshlari yuborgan pullar hisobiga yashaydi.
AFP via Getty Images

Yevropa Suriyada barqarorlik bo‘lishidan manfaatdor – fuqarolik urushi davrida millionga yaqin suriyaliklar ushbu qit’aga kirib borgan.

«Ushbu qochqinlar tez orada qaytishi mumkinligi istiqboli Yevropani Damashq bilan faol hamkorlik qilish va uning o‘tish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga undamoqda», – deb yozadi Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert Lokman Radpey.

Bunga hali ancha bor, deya ta’kidlaydi BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha boshqarmasi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 8 dekabrdan 24 iyulgacha yangi Suriyaga 720 ming suriyalik qaytgan, ular asosan qo‘shni davlatlardan (40 foizi Livandan, 37 foizi Turkiyadan, 15 foizi Iordaniyadan va 5 foizi Iroqdan) bo‘lib, bu davlatlarga turli yillarda jami 5,5 million kishi qochib o‘tgandi.

Yevropaga borib joylashganlar esa hozircha qaytishga shoshilmayapti.

Yevropada yashovchi va may oyida BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi bilan suhbatda bo‘lgan suriyalik qochqinlarning 81 foizi yaqin bir yil ichida Suriyaga qaytishni rejalashtirmayotganini aytgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid