Jahon | 12:53 / 16.04.2026
7718
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi maktabda ro‘y bergan otishma qurbonlari soni ortdi

Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash shahrida joylashgan maktabda ro‘y bergan otishma oqibatida halok bo‘lganlar soni to‘qqiz kishini tashkil etmoqda – shundan sakkiz nafari o‘quvchilar.

Foto: Reuters

Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchining so‘zlariga ko‘ra, 13 kishi yaralangan, shundan olti nafari og‘ir ahvolda qolmoqda. Avvalroq viloyat gubernatori Mukarram Unlyuer to‘rt kishi halok bo‘lib, 20 kishi yaralanganini aytgandi.

Xabarlarga ko‘ra, hujum uyushtirgan shaxs – xuddi shu maktabning sakkizinchi sinfida o‘qigan 13 yoshli o‘quvchi bo‘lib, uning o‘zi ham halok bo‘lgan. Bu aynan qanday ro‘y bergani ma’lum emas. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan, boshqa manbalar esa u o‘z joniga qasd qilganini aytmoqda.

Uning motivlari hozircha aniq emas, tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, uning yonida beshta qurol va yettita o‘qdon bo‘lgan, bular uning sobiq politsiyachi hisoblangan otasiga tegishli ekani taxmin qilinmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ota hodisadan keyin qo‘lga olingan.

«O‘quvchi maktabga ryukzakdagi qurollar bilan kirib kelgan, bu qurollar uning otasiniki bo‘lgan deb hisoblayapmiz. U ikkita sinfxonaga kirgan va tartibsiz o‘t ochib, odamlar o‘limi va yaralanishiga sabab bo‘lgan», – degan Qahramonmarash viloyati gubernatori Mukarram Unlyuer.

«Intensiv o‘q ovozlari eshitildi. Maktab atrofida vahima yuzaga keldi», – degan NTV telekanali muxbiri.

Voqea joyida olingan kadrlarda vahimaga tushib, maktab binosiga yetib kelgan ota-onalarni va u yerdan shifoxonaga yo‘l olayotgan tez yordam mashinalarini ko‘rish mumkin.

Qo‘shni binodan turib olingan va AFP agentligi tomonidan tarqatilgan videoda esa ikkinchi qavatdan sakrayotgan o‘quvchilar aks etgan.

Bir yarim daqiqalik ushbu yozuvda kamida 15 marta o‘q ovozi eshitiladi.

Bu so‘nggi ikki kun ichida Turkiya maktablarida qurol ishlatilishi bilan bog‘liq ikkinchi holat bo‘ldi.

Bir kun oldin Turkiyaning Siverek shahridagi kasb-hunar litseyida sobiq o‘quvchi o‘t ochishi oqibatida 16 kishi yaralangandi, hujumchining o‘zi o‘z joniga qasd qilgan.

Shonliurfa viloyati gubernatori Hasan Shildakning ma’lum qilishicha, u maktabga ov miltig‘i ko‘tarib kelgan va atrofdagilarni tartibsiz ravishda o‘qqa tutgan.

Sharhlovchilar shu vaqtga qadar Turkiyadagi o‘quv muassasalarida bu kabi zo‘ravonlik holatlari deyarli kuzatilmaganini qayd etishgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid