O‘zbekiston | 12:25 / 22.02.2022
8390
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshi xalqaro aeroportida 150 yo‘lovchi to‘plandi. Ularga jadvalda bo‘lmagan reysga chipta sotilgan  

Joriy yilning 22 fevral kuni erta tongda Qarshi xalqaro aeroportida Moskvaga uchib ketmoqchi bo‘lgan, biroq reysi jadvalda bo‘lmagan 150 nafar yo‘lovchi to‘plandi. Uzbekistan Airports holat bo‘yicha izoh berdi.

Foto: Uzbekistan Airports

Qayd etilishicha, 22 fevral kuni erta tongdan Rossiyaning Red Wings aviakompaniyasining Qarshi – Moskva (Domodedovo aeroporti) yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilar Qarshi xalqaro aeroportiga kela boshlagan. Mahalliy vaqt bilan soat 08:00 ga kelib, aeroportda 150 ga yaqin odam to‘plangan.  

“Biroq bu reys Qarshi aeroporti jadvalida bo‘lmagan. WZ-4492 reysi Navoiy aeroportidan bugun soat 15:00 da uchishi kerak. Shu bilan birga, Easy Booking va Atlas Avia tour onlayn xizmatlarida xarid qilingan chiptalarda jo‘nab ketish shahri Qarshi, jo‘nash vaqti esa soat 08:00 da ko‘rsatilgan”, deyiladi ma’lumotda.

Qarshi aeroportidan aniqlik kiritilishicha, ayrim aviakassalar bir shahardagi yo‘lovchilar taqchilligini boshqa shaharda chipta sotish orqali qoplaydi va yo‘lovchilarga jo‘nash shahri haqida noto‘g‘ri ma’lumot beradi. 

“Shu bilan birga, realizatorlar transferni tashkil etishga majburdir. Bugungi holatda Qarshidan Navoiyga yetib borish tashkil etilmagan. Yo‘lovchilar qo‘shni shaharga o‘z hisobidan shaxsiy taksilarda borishga majbur bo‘lgan”, deyiladi Uzbekistan Airports xabarida. 

Navoiy aeroportida ma’lum qilinishicha, terminalga WZ-4492 reysi yo‘lovchilari kela boshlagan. Parvoz uchun ro‘yxatdan o‘tish mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da boshlandi. 

Uzbekistan Airports aviachiptalarni sotish faoliyatiga aloqador emasligi eslatib o‘tilgan.

Mavzuga oid