21:52 / 06.09.2023
36297

Oramizdagi odamlar: 78 yoshli baliqchi ota hikoyasi

Farg‘onalik Ma’mir ota har kuni tonggi ibodatdan keyin soyga qarmoq tashlaydi. Baliq ovlash unga odat bo‘lib qolgan. 2007 yilda o‘g‘illaridan biri mashina bosib ketishi oqibatida vafot etgan. Ruhiy tushkunlikdagi otaga shifokorlar baliq ovlashni tavsiya qilgan. Shu-shu har kuni u soy bo‘yida.

78 yoshli Ma’mir ota Tojiboyev o‘smirlik damlarida traktor haydab, bepoyon yerlarni o‘zlashtirdi, zavodda ishladi.

«2007 yilda o‘g‘limning fojiali o‘limi o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Kasallikka chalinganimdan keyin qon bosimim bir tushib, bir ko‘tariladigan bo‘lib qolgandi.

Doktor o‘shanda baliq tutish bilan shug‘ullanishni tavsiya qildi. Shundan beri har kuni baliq ovidaman. Ovdan dam olaman, bir zumga dunyo tashvishini unutaman. Bu holatimni ta’riflab berish qiyin.

Qarmoqqa baliq ilinib, chilvirni tortayotganda borliqni unutib qo‘yasan kishi. O‘zi baliq go‘shtiga ishqiboz emasman, lekin tutish zavq beradi, tinchlantiradi. Ushlagan baliqlarni qizlarimga, nevaralarimga, qo‘shnilarga berib yuboraman.

Chilvirni 30 metr joyga otgandan keyin baliqni olib kelguncha toliqib qoladi odam. Ba’zi baliqlar qarmoqdan chiqib ham ketadi.

Xizmatda T34 tankini mindik. Yashirin bo‘linma bo‘lganimiz uchun, uydagilarga qayerdaligimizni aytmaganmiz. 1969 yilda armiyadan qaytgach, kolxozda traktor haydadim. Tirikchilik traktor ortidan bo‘lgan.

O‘z vaqtida, yoshlikda o‘ynadik, kuldik, sho‘xlik ham qildik. Endi hayotning oq-qorasini ko‘rib, qilgan gunohlarimizga tavba qilib yashayapmiz-da.

Urushdan keyingi davrlarda juda ko‘p qiyinchiliklar bo‘lgan. Non yo‘q, o‘rik danaklarini chaqib, semiz o‘tlarni qovurib yeganmiz. Bedalarni ham yeganmiz. Shukr qilib yashash kerak, rizqni O‘zi beradi.

***

Bomdod namozidan keyin baliq ovlagani chiqib ketaman. Dunyo tashvishini unutib yuboraman o‘sha payt. Laqqa, sazan baliqlari uchrab turadi. Baliqxonalardan ham qochib chiqadi ba’zilari. Marinka baliqlar ham bo‘ladi, qurmag‘ur juda tez suzib qochadi oqimga qarshi», – deydi Ma’mir ota.

Baliqchi otaning hovlisi uzum bilan to‘la. Ibodat, baliq tutishdan so‘ng u ishkomlarini parvarish qiladi, qo‘ylariga yem beradi.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Top