O‘zbekiston | 16:49 / 09.05.2026
11760
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: O‘zbekiston prezidenti Moskvadagi G‘alaba paradida

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus va Laos prezidentlari hamda Malayziya podshohi Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligi tantanalarida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga hamrohlik qildi.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Qizil maydonda G‘alaba paradi bo‘lib o‘tdi. Unda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Laos prezidenti Txonglun Sisulit, Malayziya podshohi Sulton Ibrohim va boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ham qatnashdi.

Parad yakunlanganidan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqa yetakchilar bilan birga Moskvadagi Aleksandr bog‘ida joylashgan Noma’lum askar qabriga gul qo‘ydi.

Marosim bir daqiqalik sukut, faxriy qorovul va harbiy orkestrning tantanali yurishi bilan yakunlandi.

Rasmiy tadbirlar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston yetakchisi Toshkentga jo‘nab ketdi. “Vnukovo” xalqaro ayeroportida oliy martabali mehmonni Rossiya rasmiylari kuzatib qo‘ydi.

Fashizm ustidan g‘alabaga O‘zbekistonning hissasi

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga janggohlarda va front ortida chinakam qahramonlik ko‘rsatgan O‘zbekiston ko‘p millatli xalqining ham munosib hissasi bor.

Urush arafasida respublikamiz aholisi 6 million nafardan ziyod edi. Sinovli yillarda qariyb 2 million nafar o‘zbekistonlik frontga safarbar etildi. Qonli janglarda 538 mingdan ortiq yurtdoshimiz halok bo‘ldi, 158 mingdan ziyodi bedarak yo‘qoldi.

Jasorati, mardligi va harbiy mahorati uchun O‘zbekistonning 214 mingdan ortiq askar va ofitserlari jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi. 301 nafar yurtdoshimizga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi, yana 70 nafari “Shon-sharaf” ordenining to‘liq kavaleri bo‘ldi.

O‘zbekiston xalqining front ortidagi fidokorona mehnati ham g‘alabaga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Respublikamiz frontning ishonchli tayanchiga aylanib, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, qurol-yarog‘ va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berdi. Qisqa muddatda O‘zbekiston hududida 170 dan ortiq evakuatsiya qilingan korxona joylashtirilib, mudofaa sanoatining barqaror ishlashi ta’minlandi.

Urushning og‘ir yillarida xalqimiz insonparvarlik va bag‘rikenglikning yuksak namunasini ko‘rsatdi. Frontga yaqin hududlardan evakuatsiya qilingan 1,5 milliondan ortiq inson, jumladan, 250 mingdan ziyod yetim bolalar O‘zbekistonda boshpana topdi. Mehr-oqibat, g‘amxo‘rlik, nochorlarga yordam qo‘lini cho‘zishga hamisha tayyorlik xalqimizning ma’naviy kuch-qudrati va olijanobligining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid