«Mintaqa kelajagi barcha ichki va tashqi chaqiriqlarga birgalikda javob izlashga bog‘liq» - Qozog‘iston prezidenti
Qosim-Jo‘mart To‘qayevga ko‘ra, Qozog‘istonning mintaqaviy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va Markaziy Osiyoning jahon miqyosidagi rolini oshirish bo‘yicha strategik yo‘nalishi o‘zgarishsiz qoladi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi natijalari mintaqaviy hamkorlikni misli ko‘rilmagan darajaga olib chiqqani, unga tizimli, keng qamrovli va eng muhimi, ishonchli xarakter berganini ta’kidladi.
«Umumiy sa’y-harakatlar natijasida ko‘p yillik asosiy masalalar o‘z yechimini topmoqda. Mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda kompleks chora-tadbirlar qabul qilinyapti. Chegara, suv ta’minoti, migratsiya masalalari tizimli ravishda hal etilib, o‘zaro savdodagi ko‘plab to‘siqlar bartaraf etildi. Chegara o‘tkazish punktlari modernizatsiya qilinmoqda, transport aloqalari kengaytirilib, yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda», — deydi Qozog‘iston prezidenti.
Qosim-Jo‘mart To‘qayevning ta’kidlashicha, o‘tgan yillar davomida Maslahatlashuv uchrashuvlari «mintaqaning xalqaro sub’yektivligi va birligini, shuningdek, hozirgi zamon chaqiriqlariga birgalikda javob berishga tayyorligimizni ko‘rsatuvchi samarali platformaga aylandi».
Qozog‘iston prezidentining ta’kidlashicha, hozirgi «og‘ir geosiyosiy va iqtisodiy sharoitda mintaqada hamkorlikni rivojlantirishning yuqori dinamikasini saqlab qolish nihoyatda muhim». O‘z navbatida To‘qayev Qozog‘iston Markaziy Osiyo ishbilarmonlar kengashini tuzish taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning fikricha, mintaqaning tranzit-transport salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha Kompleks strategiyani qabul qilish muhim ahamiyatga ega.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘istonning mintaqaviy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va Markaziy Osiyoning jahon miqyosidagi rolini oshirish bo‘yicha strategik yo‘nalishi o‘zgarishsiz qolishini qayd etdi.
«Ishonchim komilki, mintaqamiz kelajagi faqatgina mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishonchli muloqot va hamkorlikka, barcha ichki va tashqi chaqiriqlarga adekvat javoblarni birgalikda izlashga bog‘liq», — deydi Qozog‘iston prezidenti.
Mavzuga oid
12:47
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini kuchaytirdi
12:33 / 21.11.2024
Qozog‘iston holdingi O‘zbekistondan 169 nafar mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi
17:22 / 19.11.2024
«Markaziy Osiyo – Xitoy» quvuri orqali 14 yilda yetkazilgan tabiiy gaz miqdori ma’lum qilindi
16:29 / 19.11.2024