O‘zbekiston | 22:31 / 13.04.2026
979
5 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda prezidentlar nimani gaplashdi? 

O‘tgan hafta Qozog‘iston prezidenti O‘zbekistonga 1 kunlik safar bilan keldi. Buxoroda o‘tgan muloqotda kompleks aloqalar muhokamadan o‘tgan. Ikki davlat bugun 5 mlrd dollarga chiqqan savdo hajmini yanada oshirmoqchi.

O‘tgan haftaning muhim voqealaridan biri – Qozog‘iston prezidentining O‘zbekistonga safari bo‘ldi. Markaziy Osiyoning iqtisodiy jihatdan ikki yirik davlati – Qozog‘iston va O‘zbekiston, eng katta jamiyatlar ham shu ikki davlatlarda. 

Buxoro nafaqat O‘zbekiston, balki bugun Markaziy Osiyoning ham eng qadimiy shaharlaridan biri. Shahar tarixi 2500 yildan ortiqqa borib taqaladi va bu yerdagi osori atiqalar deyarli to‘liqligicha YuNESKO madaniy boyliklari ro‘yxatida. 

Yaqinda Tojikiston prezidenti kutib olingani kabi Qozog‘iston prezidenti ham Buxoroda katta dabdaba bilan qarshi olindi. Tashrif amaliy bo‘lsa-da, tadbirlar davlat tashrifiniki kabi turda edi. To‘qayevni shaxsan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi va ular bir mashinada muzokaralar tomon yo‘l olgan. 

Qozog‘iston prezidentining 1 kunlik safari kun tartibidan iqtisod, logistika, mintaqaviy hamda kompleks aloqalar o‘rin olgan. To‘qayevning Buxoroga kelishidan shuni tushunsa bo‘ladiki, avvalo rahbarlar doimiy muloqotda. Ikkinchidan, endi hududlararo ittifoqchilik aloqalari mustahkamlanib borishi kerak. 

Masalan, Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, milliy iqtisodiyot vaziriga ko‘ra, ikki davlatning hududlarida ham muammolar o‘xshash. Masalan, ekologik, deydi u. 

Toshkent, Olmaota, Turkiston, Shimkentda birdek havo iflos. Biz bu bo‘yicha birga ishlay olamiz, kompleks yondashsak bo‘ladi. Bilasizmi, biz hududlararo forum o‘tkazmoqchimiz. Birinchisi shu yilning iyuli oxirida bo‘ladi, Buni avvalo O‘zbekiston tomoni tashabbus qilgan. Mintaqaviy aloqa deganda shu tushuniladi, ya’ni bizning regionlararo”, - deydi Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin. 

Ikki davlat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirmoqchi. Buning uchun allaqachon ko‘rsatkichlar mavjud. Qozog‘iston hukumatiga ko‘ra, o‘simlik yog‘i, shakar, go‘shtni O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi 2026 yilning dastlabki oylarida sezilarli ko‘paygan. 

To‘qayev o‘z chiqishida hamkasbi Mirziyoyev O‘zbekistonni rivojlantirayotganini gapirib, ikki davlat aloqalarida transport-logistika masalalari muhimligini ta’kidlagan. Ma’lum bo‘lishicha, ayni dam qurilayotgan avtomobil yo‘llari bu ikki davlat orqali xalqaro yuk tashishni kamida 3 kunga kamaytiradi. 

Shavkat Mirziyoyev esa hamkasbini Qozog‘istonda referendum muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabriklagan. Hududlarda muntazam ravishda norasmiy uchrashuvlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilishga xizmat qilayotganini ijobiy baholagan. 

Ma’lum qilinishicha, tovar ayirboshlash barqaror o‘sib, o‘tgan yili 5 milliard dollarga yetgan. Avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, logistika, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, deb yozadi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati. 

Shuningdek, tomonlar «Qambarota» gidroelektr stansiyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va «yashil» energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ham muhokama qilishgan. 

Kun davomida ikki davlat rahbarlaridan iborat delegatsiyalar Buxoro viloyati hokimligi situatsion markazi, sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy hakaton, to‘qimachilik korxonalaridan birida bo‘lishdi. Albatta, safar Buxoroning diqqatga sazovor qadimiy joylari ziyoratisiz o‘tmagan. 

Kun oxirida esa oliy martabali mehmonni Shavkat Mirziyoyev shaxsan kuzatib qo‘ydi.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid