O‘zbekiston | 00:35 / 13.03.2019
28298
5 daqiqa o‘qiladi

Majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya instituti joriy etiladi - Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ijro tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etishni ta'minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish hamda ijro ishi yurituvida sansalorlikka chek qo‘yish maqsadida Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Advokatlar palatasining 2019 yil 1 apreldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya institutini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinmoqda va u quyidagilarni nazarda tutadi:

·       sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish undiruvchining arizasi bo‘yicha 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish uchun asos hisoblanadi;

·       tomonlar o‘rtasida ijro predmetiga doir kelishuvga kelmaslik, shuningdek, tomonlardan birining mediatsiyani davom ettirishdan voz kechishi yoki uni amalga oshirish muddatining tugashi ijro ishi yuritishni qaytadan tiklash uchun asos hisoblanadi. Bunda mediatsiya tartib-taomilini takroran amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

·       tomonlar o‘rtasida ijro ishining har qanday bosqichida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari bo‘yicha ijro predmetiga doir kelishuv rasmiylashtirilgan hollarda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni tugatadi;

·       mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish jarayoniga davlat ijrochisi va davlatning boshqa organlari vakillarining aralashuvi taqiqlanadi.

Belgilanayotgan yangi tartibga ko‘ra, 2019 yil 1 iyundan boshlab:

·       ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masala ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida hal etiladi;

·       ijro harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, mazkur harakatlar qarzdorning arizasiga yoki davlat ijrochisining o‘z tashabbusiga ko‘ra ko‘pi bilan ikki marta kechiktiriladi;

·       ijro harakatlarini bajarishda yuzaga kelgan masalalarni tushuntirish uchun davlat ijrochisi tomonidan tayinlangan mutaxassis ijrochining qarori bilan tanishgan kundan boshlab o‘n besh ish kuni ichida yozma xulosa taqdim etishga majbur.

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab o‘rnatilayotgan tartibga muvofiq:

a) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Ijro hujjatlarining yagona elektron bazasini yuritadi, unga tegishli ma'lumotlar bazasi tizimlari bilan integratsiya qilish yo‘li bilan quyidagilar kiritib boriladi:

·       ijro organlari yurituviga kelib tushgan barcha ijro hujjatlari;

·       ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolati bo‘lgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan solingan va undirilgan ma'muriy jarimalar haqidagi ma'lumotlar;

b) ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolati bo‘lgan organlar (mansabdor shaxslar)ning qonun hujjatlarida belgilangan muddat davomida ixtiyoriy tartibda bajarilmagan ma'muriy jarimalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari majburiy ijro etish uchun elektron hujjat ko‘rinishida avtomatik ravishda Majburiy ijro byurosining axborot tizimiga yuboriladi;

v) ijro hujjatlarida undiruvchi yoki qarzdorning elektron pochtasi yoki telefon (mobil) raqami (agar ular sudga yoki ijro hujjatini bergan boshqa organ (mansabdor shaxs)ga taqdim etilgan bo‘lsa) haqidagi ma'lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi xabarnoma uning jo‘natilganligi va qabul qilinib olinganligi faktlarini qayd etish imkonini beruvchi maxsus avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda elektron pochtaga yoki mobil aloqa vositalari orqali qisqa xabar (SMS) ko‘rinishidayo‘llanadi;

g) Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani va Navoiy shahri Majburiy ijro byurosi bo‘limlarida tajriba sifatida ijro hujjatlarini avtomatlashtirilgan tizim orqali davlat ijrochilari o‘rtasida avtomatlashtirilgan taqsimlash tartibi joriy etiladi.

Mavzuga oid