Maktablarda o‘qituvchilar yetishmovchiligi sababiga izoh berildi
Asosan rus tilida ta'lim olib boriladigan maktablarda o‘qituvchilar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. KUN.UZ muxbiri Xalq ta'limi vaziri U.I.Inoyatov bergan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
"So‘nggi vaqtlarda rus tiliga ehtiyoj oshib bormoqda, bizda esa rus tilida dars beruvchi o‘qituvchilar soni kam, chunki maktablarimizda ta'lim tizimini bitirib chiqayotganlarning 90 foizi - o‘zbek tilda ta'lim oluvchilar. Shu sabab rus tilida saboq beruvchi o‘qituvchilar yetishmayapti", - deydi vazir.
Boshlang‘ich ta'lim tizimining necha foizida ta'lim rus tilida olib borilmoqda? Bugungi kunga kelib, Toshkent shahridagi qariyb 45 foiz boshlang‘ich ta'limda o‘qiyotgan o‘quvchilar rus tilida ta'lim olishadi. Viloyatlarda ham rus tilida ta'lim beruvchi maktablar soni ko‘paymoqda. Ota-onalar rus tilini o‘rganishi uchungina farzandlarini rusiyzabon maktablarga olib borishmoqda.
"Albatta, bola bilim olishi kerak, lekin u tilni bilmasligi oqibatida uning ta'limga bo‘lgan ishtiyoqi pasayib ketishi mumkin. Bu haqida keng tushuntirish ishlari olib borilishi kerak. Bunday vaziyatda o‘z-o‘zidan o‘qituvchi yetishmovchiligi kelib chiqadi", - deydi U.I.Inoyatov.
Muammoni hal qilish uchun quyidagi choralar ko‘rildi:
- o‘tgan o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalarining qariyb 30 foizi rus tili guruhlarida e'lon qilindi, bu yaqin kelajakda rusiyzabon kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash imkonini beradi;
- rus tilini biladigan o‘qituvchilarini rus sinflarida dars berishi uchun ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayoni yo‘lga qo‘yildi;
- uzoq hududlarda ishlash uchun o‘qituvchilarga imtiyozlar yaratish, ularning uy-joy sharoitini yaxshilash, o‘z faoliyatlarini olib borishlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar berish, jamiyatda o‘qituvchining nufuzini oshirish, ularni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish choralarini ko‘rishga yo‘naltirilgan qaror loyihasi tayyorlandi, u muhokamadan o‘tgandan keyin qabul qilinadi.
Yuqorida keltirilgan choralar yordamida o‘qituvchilarni ta'lim muassasalariga qamrab olish muammosini hal qilinishiga umid bildirildi.
Mavzuga oid
13:56
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
09:30
“Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman” – o‘qituvchilik ortidan milliarderga aylangan Mohira Boltayeva
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
20:51 / 18.11.2024