Xorijlik investorlar uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar endi mahalliy xususiy sarmoyadorlar uchun ham joriy qilinadi
Prezident yig‘ilishida loyihalarni amalga oshirishda mezonlar belgilab berildi. Ma'lum qilinishicha, budjetdan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari ko‘rib chiqilib, xarajatlar optimallashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti raisligida 26 may kuni investitsiya masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda Investitsiya dasturining joriy yil yanvar-aprel oylaridagi ijrosi tahlil qilinib, prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarish, jumladan, yirik ishlab chiqarish quvvatlari, ijtimoiy va infratuzilma obektlarini foydalanishga topshirish chora-tadbirlari muhokama etildi.
2020 yilgi Investitsiya dasturiga 3 mingdan ortiq loyiha kiritilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish uchun 235 trillion so‘mlik investitsiyalar, jumladan, 7 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi belgilangan.
Qariyb bir oydan keyin birinchi yarim yillik tugaydi. Bugungi murakkab davrda iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarning dastlabki natijalari yuzaga chiqadi.
Shu bois davlat rahbari tez vaqtlarda natija beradigan, ayniqsa, yangi ish o‘rinlari yaratadigan va iqtisodiy o‘sishni ta'minlaydigan loyihalar bo‘yicha ishlash kerakligini ta'kidladi.
Avvalo, ijtimoiy soha va infratuzilma obektlari masalasiga e'tibor qaratildi. Hozirgi kunda Samarqand viloyatida 38ta, Toshkent viloyatida 89ta, Xorazm viloyatida 41ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari orqada qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Uy-joy kommunal xizmat vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligiga Inqirozga qarshi jamg‘armadan moliyalashtiriladigan obektlarda qurilishni jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.
25 may kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2ta mis-boyitish fabrikasi va metallurgiya komplekslarini barpo etish orqali mis va oltin ishlab chiqarish hajmi 3 baravarga oshirilib, mis 400 ming tonna, oltin 50 tonna va kumush 270 tonnagacha yetkaziladi.
«Zargarsanoat» va «Eltexsanoat» kabi tarmoqlar bundan foydalanib, ishlab chiqarish hajmi va ish o‘rinlarini ko‘paytirishi zarurligi qayd etildi.
Ma'lumki, joriy yilgi vaziyatni inobatga olib, kechiktirish mumkin bo‘lgan qurilishlar uchun ajratilgan 450 milliard so‘m Investitsiya dasturidan chiqarilgan edi. Bu mablag‘ning 150 milliard so‘mi 40 ming gektar yerni o‘zlashtirib, 80 mingta doimiy ish o‘rni yaratishga yo‘naltirildi.
Yig‘ilishda har bir tarmoq va hudud rahbari budjetdan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini yana bir bor ko‘rib chiqib, xarajatlarini optimallashtirishi zarurligi ta'kidlandi.
«Har bir loyihani amalga oshirishdan oldin ushbu obekt hudud rivojiga hamohangmi, bundan aholiga naf bormi, qancha odam ish bilan ta'minlanadi, degan savollarga javob topish shart», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bosh vazir o‘rinbosarlariga kelgusi yil uchun Investitsiya dasturiga birinchi navbatda yangi ish o‘rinlari yaratadigan va kambag‘allikni kamaytirishga yordam beradigan loyihalarni kiritish mezonlarini joriy etish topshirildi.
Obekt qiymati, loyihalarning sifati va ularning kelgusidagi natijadorligi ko‘p jihatdan loyiha hujjatlariga bog‘liq. Ularning aksariyati xalqaro talablarga javob bermaydi, xorijdan jalb qilingan kompaniyalar va mutaxassislar bu loyihalar asosida ishlay olmaydi.
Shu bois xalqaro standartlarni tezroq adaptatsiya qilish shartligi ta'kidlandi. Kelgusi yildan boshlab, budjet mablag‘lari hisobidan yirik obektlarni loyihalashdan tortib, ularni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar xalqaro standartlar asosida amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, loyihalashga mablag‘ ajratish bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.
Qurilish vazirligiga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurish, ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Bunda loyiha tashkilotlarining mualliflik va buyurtmachilarning texnik nazorat bo‘yicha mas'uliyati va javobgarligi ham aniq belgilanadi.
Yig‘ilishda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar ham atroflicha tahlil qilindi.
Joriy yilda o‘zlashtirilayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning 34 foizi neft-gaz, energetika, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlari hamda 52 foizi hududiy loyihalarga tegishli. Shu bilan birga, elektrotexnika, kimyo va oziq-ovqat sanoatida bunday investitsiyalarni bir necha baravar oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga «o‘sish nuqtasi» bo‘la oladigan axborot texnologiyalari, zargarlik, kimyo, elektr texnikasi, oliy ta'lim, sog‘liqni saqlash sohalariga faol investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.
Umuman, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha yondashuvlarni o‘zgartirish, mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish lozimligi ta'kidlandi.
Bugungacha faqat chet el investorlari uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar endi mahalliy xususiy investorlar uchun ham joriy qilinadi. Misol uchun, xususiy investor o‘z hisobidan 25 million dollardan ortiq qiymatdagi loyiha boshlasa, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari budjet hisobidan qurib beriladi.
Yig‘ilishda pandemiya sababli o‘zlashtirilmay qolishi ehtimoli bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sohalar va hududlar kesimida ko‘rib chiqildi. Bunday loyihalarning istiqbolini o‘rganib, muddatlarini kechiktirish yoki o‘rniga yangilarini kiritish mumkinligi qayd etildi.
Xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobiga amalga oshiriladigan 98ta loyiha bo‘yicha mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi tanqid qilindi. Vazirliklarga muammolarni tez orada bartaraf etib, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Investitsiya dasturi doirasida joriy yilda 206ta yirik loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Ulardan 39tasida muddatdan kechikish xavfi bor. Bu loyihalarning asosiy qismi energetika, to‘qimachilik, elektr texnikasi, transport tarmoqlari hamda Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Prezident bu loyihalar natijasida minglab ish o‘rinlari yaratilishi, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilishini ta'kidlab, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Tarmoq va hudud rahbarlari loyihalar foydalanishga topshirilgandan keyin ham ularning taqdiri bilan qiziqib, muammolari bo‘lsa hal etib borishga mas'ulligi ta'kidlandi.
Yig‘ilishda aholi daromadini oshirishga qaratilgan kichik loyihalarga investitsiyalarni ko‘paytirish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.
Masalan, Andijonda meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik yo‘nalishidagi 7ta klaster bilan 9 mingdan ziyod aholi o‘rtasida kasanachilik usulida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 40 million dollarlik loyihalar ishlab chiqilgan. Ushbu tajriba asosida boshqa aholi zich hududlarda ham shunday tizim qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sanoati rivojlanmagan Tomdi tumanida 320 milliard so‘mlik 70ta hamda Paxtachi tumanida 660 milliard so‘mlik 83ta investitsiya loyihalari shakllantirilgan. Bu loyihalarni amalga oshirish uchun Paxtachining Navoiy shahri bilan, Tomdining Zarafshon shahri bilan chegaradosh hududida sanoat zonalari tashkil etilishi mo‘ljallangan.
Mutasaddilarga sanoati rivojlanmagan boshqa tumanlar bo‘yicha ham imkoniyatlarni aniqlab, sanoat zonalari tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Videoselektor yig‘ilishida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar rahbarlari joriy yilning o‘tgan davridagi natijalar hamda yil oxirigacha mo‘ljallangan investitsiya faoliyati yuzasidan hisobot berdi.
Mavzuga oid
15:58 / 16.12.2024
Iqtisodiy kompleksda 300 ga yaqin rahbar ishdan olindi - prezident
16:08 / 14.12.2024
“Bog‘cha to‘lovi qisman qoplanadi, uyda qarash xizmati yo‘lga qo‘yiladi” – videoselektordan va’dalar qanday?
13:18 / 13.08.2024
Soliq qo‘mitasi yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qiladi
18:00 / 12.08.2024