Jahon | 15:57 / 25.09.2025
4205
10 daqiqa o‘qiladi

Trampning Isroil bo‘yicha va’dasi, Sumud flotiliyasiga dronlar hujumi, 60 yil deganda BMTga kelgan Suriya yetakchisi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh uchun «qizil chiziq»

Isroil tomonidan G‘arbiy Sohilning ayrim qismlarini anneksiya qilishga bo‘lgan har qanday urinish AQSh uchun «qizil chiziq» bo‘ladi va bu arab-isroil diplomatik normallashtirish jarayonining oxirini anglatadi. Bu haqda fikr bildirgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning aytishicha, u bunday kafolatni Donald Trampdan olgan.

Makron, shuningdek, AQSh rahbariga Falastinning kelajagi bo‘yicha uch betli rejani taqdim etganini ma’lum qildi. Bu reja Nyu York deklaratsiyasiga asoslangan bo‘lib, 143 dan ortiq davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hujjatda G‘azo va G‘arbiy Sohilda Hamasni kelajakdagi boshqaruvdan chiqarish taklif qilingan.

Isroilning G‘arbiy Sohilda, jumladan, E1 koridorida 3 400 ta yangi uy qurilishini o‘z ichiga olgan aholi punktlarini kengaytirish rejalari mavjud. Makron «Bu masalada yevropaliklar ham, amerikaliklar ham bir pozitsiyada», dedi.

«G‘arbiy Sohilni anneksiya qilishga urinish «Ibrohim kelishuvlari»ning oxiri bo‘ladi, bu Trampning birinchi prezidentlik davridagi eng muhim diplomatik yutuqlardan biri edi. Birlashgan Arab Amirliklari bu borada juda ochiqchasiga fikr bildirdi. Bu AQSh uchun qizil chiziq deb o‘ylayman», dedi Makron.

Keyinroq Politico nashri Donald Tramp arab-musulmon yetakchilari bilan uchrashuvda Isroil G‘arbiy Sohil to‘liq anneksiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berganini yozdi. Amerika prezidenti «bu masala bo‘yicha qat’iy pozitsiyaga ega».

Agar Tramp anneksiyaga yo‘l qo‘ymaslikda qat’iy tursa, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu jiddiy siyosiy bosim ostida qoladi, chunki uning o‘ta o‘ng koalitsiyasidagi ayrim a’zolar G‘arbiy Sohilni qisman yoki to‘liq qo‘shib olishni talab qilmoqda. Aksincha, agar Netanyahu AQShning roziligi yoki sukutli qo‘llab-quvvatlashi bilan anneksiya qilsa, Isroil yonida Falastin davlati barpo etiladigan ikki davlatli yechim rejasining o‘zi xavf ostida qoladi. Netanyahu dushanba kuni Oq uyda Tramp bilan uchrashishi, juma kuni esa BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlashi kutilmoqda.

Makron, shuningdek, garovdagilar va G‘azo tinch aholisi taqdiri Netanyahu qo‘lida qoldirilmasligi kerakligini aytdi. «Netanyahuning birinchi ustuvor vazifasi garovdagilarni ozod qilish emas – aks holda u G‘azo shahriga so‘nggi hujumni boshlamas va Qatardagi muzokarachilarga zarba bermas edi».

U shunday dedi: «Biz amerikaliklarni Isroilga bosim o‘tkazishga ko‘ndirishimiz kerak, chunki AQSh haqiqiy ta’sir kuchiga ega mamlakatdir». Makronning aytishicha, agar yaqin kunlarda urushni to‘xtatish muvaffaqiyatsiz tugasa, Yevropa boshqa choralar, xususan sanksiyalarni ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi.

Lavrov va Rubio uchrashuvi

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Marko Rubio 24 sentabr kuni Nyu Yorkda BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasi doirasida uchrashdi. Uchrashuv bir soatdan kamroq davom etdi, deb xabar berdi Meduza.

AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Rubio Lavrov bilan uchrashuvda «prezident Trampning qotilliklarni to‘xtatish va Moskva Rossiya-Ukraina urushini barqaror hal qilish uchun muhim choralar ko‘rishi kerakligi» haqidagi chaqirig‘ini yana bir bor takrorlagan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z navbatida Lavrov va Rubio «Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha fikr almashganini» aytdi.

Ta’kidlanishicha, Lavrov Rossiya AQSh bilan «Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni» muvofiqlashtirishga tayyorligini aytdi, shuningdek, «mojaroni cho‘zishga qaratilgan sxemalarni» nomaqbul deb atadi.

Ispaniya va Italiya flotiliyani himoya qiladi

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Italiya bilan birgalikda Gretsiya yaqinida dronlar hujumiga uchragan, G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga urinayotgan xalqaro flotiliyani himoya qilish uchun harbiy kemani yuboradi.

«Flotiliya tarkibida 45 mamlakat fuqarolari bor va ular G‘azo aholisiga oziq-ovqat yetkazish hamda ularning azob-uqubatlariga hamdardlik bildirish uchun yo‘lga chiqqan», dedi Sanchez Nyu Yorkdagi matbuot anjumanida.

Shuningdek, Italiya mudofaa vaziri Guido Krosetto o‘z fuqarolariga yordam ko‘rsatish maqsadida Italiyaning harbiy-dengiz fregatini 52 ta qayiqdan iborat flotiliya tomon yuborganini aytdi.

Global Sumud flotiliyasi taxminan 50 ta fuqaroviy qayiqdan iborat bo‘lib, Isroilning G‘azodagi dengiz blokadasini yorib o‘tishga urinmoqda. Ularning bortida ko‘plab huquqshunos va faollar bor.

Flotiliya kemalari yaqinda Gretsiyaning Gavdos oroli yaqinidagi xalqaro suv hududida, qirg‘oqdan 56 km masofada 12 ta dron hujumiga uchragani ma’lum qilingandi. Iqlim faoli Greta Tunberg dushanba kuni Reutersʼga bergan intervyusida har kecha ularning ustilaridan dronlar uchayotganini aytgandi.

«Bu missiya biz haqimizda emas, G‘azo haqida. Biz oladigan har qanday xavf falastinliklarning har kuni boshidan kechirayotgan xavf-xatarlariga yaqin ham kelmaydi», dedi Tunberg kemadan qilgan videoqo‘ng‘iroqda.

Isroil flotiliyani Hamasni qo‘llab-quvvatlashda ayblab keladi, biroq dron hujumi uchun o‘zining mas’uliyati haqida ham izoh bermadi.

Suriya prezidenti 60 yil deganda BMT minbarida

24 sentabr kuni Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zladi. Bu qariyb 60 yildan beri Suriya rahbarining ilk marotaba BMT minbaridan murojaati bo‘ldi. U nutq so‘zlayotgan paytda yuzlab odamlar Suriyaning shahar va qishloqlarida katta ekranlar atrofida yig‘ilib, mamlakat bayroqlarini ko‘targan holda uning chiqishini kuzatishdi.

Ahmad ash-Shar’a Suriya xalqaro hamjamiyatga qaytayotganini, 1 million odamni o‘ldirgan va yuz minglab kishini qiynagan Asadlar diktaturasi tugaganini aytdi. «Suriya dunyo xalqlari orasida o‘zining munosib o‘rnini qayta egallamoqda», dedi u.

O‘z nutqida Ash-Shar’a Isroilni ham tanqid qilib, Asad ag‘darilgandan beri Damashqqa qarshi tahdidlarni to‘xtatmaganini, bu esa mintaqani xavf ostiga qo‘yishini ta’kidladi. U, shuningdek, Isroil qo‘shinlarining chiqib ketishini va 1974 yildagi kelishuvi shartlariga qaytishni istashini bildirdi.

Bir necha kun oldin Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu ofisi Suriyaga oid muzokaralar davom etayotganini tasdiqlagandi.

Xitoyda trollarga qarshi kurash

Xitoy kibermakon ma’muriyati (XKM) salbiy his-tuyg‘ularni keltirib chiqaradigan onlayn kontentga qarshi kurashga qaratilgan ikki oylik kampaniyani boshladi. Sodda qilib aytganda, rasmiylar internet trollari va provokatorlariga qarshi kurash kampaniyasiga start berdi.

Asosiy e’tibor reklama uchun foydalaniladigan ijtimoiy tarmoqlar, qisqa video platformalari va strim-translatsiya xizmatlariga qaratiladi. Kampaniya tajovuzkor kontent va «hayotga salbiy munosabatni targ‘ib qilish, masalan, yashashdan charchab ketish» kabi kontentga qarshi turishga qaratilgan. Kurash yoshlarning iqtisodiy qiyinchiliklar va ish o‘rinlarining yetishmasligidan noroziligini aks ettiruvchi «Canga madaniyati»ga qaratilgan.

The Register nashrining ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar kontentni foydalanuvchilarning afzalliklariga moslashtirib, salbiy mavzularni kuchaytiradi. Kampaniya birinchi navbatda salbiy qarashlarni tarqatayotgan yoki o‘zini asossiz tanqid qilayotganlarga qaratilgan.

Shuningdek, sun’iy intellektning shafqatsiz kontenti ham taqiqlanadi, fitna nazariyalari va soxta xabarlarga chek qo‘yilishi aytilmoqda. Davlat qoidabuzarlarni qanday jazolashi ma’lum qilinmagan.

Isroilda dron hujumi oqibatida 20 kishi jarohat oldi

24 sentabr kuni harbiy dron Isroilning Qizil dengiz bo‘yidagi, Iordaniya va Misr bilan chegaradosh kurort shahri Eylatga urib tushib, kamida 20 kishi jarohatlandi. Milliy tez yordam xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ulardan ikkisining ahvoli og‘ir. Politsiya dron Eylat markaziga tushib, sayyohlar ko‘p qatnovchi hududda talafot yetkazganini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda kurort shahri ustida uchayotgan dron qulab tushgani, zarba joyidan tutun va alangalar ko‘tarilgani ko‘rinadi. Mahalliy xabarlarga ko‘ra, dron mehmonxona yoniga qulab tushib, bir nechta xonalarni shikastlagan.

Hujum uchun hozircha hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmadi. Isroil OAVlari dron Yaman hududidan uchirilganini aytmoqda. Isroil armiyasi dronni to‘sishga urinishlar bo‘lganini aytdi, biroq tafsilot bermadi. Dastlabki tekshiruviga ko‘ra, havo mudofaasi tizimlari dronni urib tushirishda muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar Isroilga qarshi minglab kilometr masofadan dron va raketalar uchirib kelmoqda. Ular bu hujumlarni falastinliklarga birdamlik sifatida izohlamoqda. Shu yilning boshida bir dron Isroil asosiy xalqaro aeroportining vaqtincha yopilishiga sabab bo‘lgan edi.

Isroil bunga javoban Yaman husiylari nazoratidagi hududlarni, jumladan, muhim Xudayda portini bombardimon qilmoqda. 

Mavzuga oid