Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azoda ta’mirlangan shifoxona, aviahalokatga uchragan Liviya harbiy qo‘mondoni, BMTda bahslashgan AQSh va Eron – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Liviya harbiy amaldorlari Turkiyada halokatga uchradi
23 dekabr kuni ichida Liviya harbiy amaldorlari bo‘lgan xususiy reaktiv samolyot Turkiya poytaxtidan havoga ko‘tarilgach, qulab tushdi. Bortda bo‘lgan general Ahmad al-Haddad, yana to‘rt nafar ofitser va 3 nafar ekipaj a’zosi vafot etdi. Liviya rasmiylari halokatga samolyotdagi texnik nosozlik sabab bo‘lganini aytmoqda.
Liviya delegatsiyasi ikki davlat o‘rtasida mudofaa muzokaralarini o‘tkazib, Anqaradan qaytayotgan edi.
Falcon 50 rusumli biznes-jyetning qoldiqlari Anqaradan taxminan 70 kilometr janubdagi Haymana tumani yaqinida topilgan. Rasmiylarga ko‘ra, samolyot – elektr nosozligi haqida xabar bergan va favqulodda qo‘nishni so‘ragan. Shundan so‘ng samolyot Esenbo‘gaga qayta yo‘naltirilgan va u yerda qo‘nishga tayyorgarlik boshlangan.
Biroq favqulodda qo‘nish uchun pastlayotgan paytda samolyot radar ekranidan yo‘qolib qolgan. Shundan so‘ng, Haymana ustidagi tungi osmon birdaniga portlashga o‘xshash yorug‘lik bilan yorishib ketgan.
Anqara aeroporti vaqtincha yopildi, Turkiya adliya vazirligi holat yuzasidan tergov boshlagan.
Liviya bosh vaziri Abdul-Hamid buni davlati uchun «katta yo‘qotish» deb atadi. Chunki general Al-Haddad G‘arbiy Liviyadagi eng yuqori harbiy qo‘mondon bo‘lgan. U Liviya harbiy tuzilmalarini birlashtirishga qaratilgan BMT vositachiligida jarayonda muhim rol o‘ynagan.
Aviahalokatda halok bo‘lgan yana to‘rt yuqori martabali ofitser ham Liviya armiyasida muhim lavozimlarda bo‘lgan. Qolgan uch nafar ekipaj a’zosining shaxsi hozircha ma’lum emas.
Ukrainadagi urush
Seshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga qarshi shu oydagi eng yirik havo hujumlaridan birini amalga oshirdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga ko‘ra, hujumlar oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi va 17 kishi jarohat oldi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya yopirilma hujumlarda 650 dan ortiq dron hamda 30 dan ortiq raketa qo‘llagan. Ukrainaning qariyb yarmi – 13 ta viloyat hujum ostida qolgan.
G‘arbdagi Jitomir viloyatida Rossiya droni turar joy binosiga urilgach, 4 yoshli bola halok bo‘ldi, dedi Zelenskiy. Ukraina energetika vazirligiga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab favqulodda elektr uzilishlari joriy etildi.
Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari «faol hujum operatsiyalari» olib borayotgani sababli seshanba kuni Ukraina qo‘shinlari sharqdagi Siversk shahridan chekingan. Ukraina tomoniga ko‘ra, «bosqinchilar sezilarli son ustunligi va doimiy bosim tufayli» oldinga siljishga muvaffaq bo‘lgan.
Ushbu bombardimon va faol janglar – yakshanba kuni Mayamida urushni tugatish bo‘yicha navbatdagi muzokaralar yakunlanganidan keyin sodir bo‘ldi. Mayamida Ukraina va Rossiya rasmiylari alohida-alohida AQSh delegatsiyasi bilan uchrashgandi.
Zelenskiy muzokaralar bo‘yicha «batafsil hisobot» taqdim etilganini aytib, «hammasi hozircha mukammal emas, lekin bu reja mavjud», dedi.
G‘azodagi eng katta shifoxona ta’mirlandi
Katta vayronagarchiliklarga qaramay G‘azodagi eng yirik tibbiy majmua bo‘lgan «Ash-Shifa» shifoxonasi yangi korpuslarda asosiy tibbiy xizmatlarni yana ko‘rsata boshladi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash idoralari 10 oktyabrda otashkesim kuchga kirganidan so‘ng o‘tgan ikki oy davomida shifoxonaning ayrim qismlarida tiklash ishlarini olib borayotgandi.
O‘tgan haftaga kelib o‘ta muhim xizmatlar – jumladan, shoshilinch yordam bo‘limlari, ambulator klinikalar va statsionar bo‘limlar Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi, Turkiyaning «HAK» humanitar tashkiloti hamda «MEDICS» hamkorligida qayta tiklandi.
Bu bo‘limlar bemorlarning juda katta oqimini yengillashtirish, davomiy qiyinchiliklar sharoitida muhim tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini saqlab qoladi.
Shu bilan birga zarar ko‘lami va resurslar yetishmasligi muassasaning normal faoliyatini qayta boshlashiga to‘sqinlik qilmoqda. Isroil esa tibbiy anjom-uskunalar va dori-darmonlarning kirib kelishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shifoxona o‘nlab yillar davomida mintaqaning bosh tibbiy markazi bo‘lib kelgan, 2023 yil noyabrida va 2024 yil martida bo‘lib o‘tgan hujumlar chog‘ida butunlay vayron qilingan edi. Uning bir qancha bo‘limlari hanuzgacha xaroba holatida qolmoqda.
AQSh va Eron vakillari BMTda bahslashdi
22 dekabr kuni AQSh va Eron vakillari BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yadroviy muzokaralarni qayta tiklash shartlari yuzasidan keskin bayonotlar almashdi.
Aslida ikki davlat – Eron va Isroil o‘rtasida 12 kunlik urush boshlanishidan oldin yadroviy masala bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotgan edi. Bu urushda Vashington ham bevosita qatnashib, Eron yadroviy obektlariga zarba bergach, bu muzokaralar to‘xtagan.
Xavfsizlik kengashida Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Morgan Ortagus Eron bilan rasmiy muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini, lekin shartlar mavjudligini aytdi.
«Biz har qanday kelishuv bo‘yicha aniq kutilmalarimiz borligini ochiq aytganmiz. Eng avvalo, Eronda hech qanday boyitish bo‘lmasligi kerak – bu bizning tamoyilimiz bo‘lib qoladi», - dedi Ortagus.
Eronning BMTdagi elchisi Amir Said esa AQSh adolatli muzokaralar olib bormayotganini aytdi.
«Biz har qanday adolatli va mazmunli muzokarani qadrlaymiz, ammo nol boyitish siyosatini talab qilish – Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma a’zosi sifatidagi huquqlarimizga zid», - dedi u.
«Ular o‘zlarining oldindan belgilangan niyatlarini Eronga majburan yuklamoqchi. Eron hech qanday bosim va qo‘rqitishga bo‘yin egmaydi», dedi Amir Said.
BMT sentabr oxirida Yevropa davlatlari ishga tushirgan «snapback» jarayonidan so‘ng Eron bo‘yicha qurol embargosi va boshqa sanksiyalarni qayta tikladi. Rossiya va Xitoy bu qarorni bahsli deb atadi. Eron yadroviy qurol yaratmoqchi emasligini inkor etdi va uning niyatlari tinch ekanini aytdi.
Tunberg Londonda hibsga olindi va qo‘yib yuborildi
23 dekabr kuni shvetsiyalik faol Greta Tunberg Londonda Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyish paytida hibsga olindi.
Tunberg «Men Palestine Action mahbuslarini qo‘llab-quvvatlayman. Men genotsidga qarshiman» degan yozuvli plakatni ko‘targani uchun hibsga olingan. Britaniya hukumati bu tashkilotni «Terrorizmga qarshi qonun» asosida taqiqlagan. Keyinroq London shahri politsiyasi Tunberg mart oyigacha garov asosida ozod qilinganini aytdi.
Politsiya yana ikki kishi binoga qizil bo‘yoq uloqtirgani uchun hibsga olinganini ma’lum qildi. Faollar hujum qilgan bu bino — Isroilning mudofaa kompaniyasi Elbit Systems'ning Britaniyadagi bo‘linmasiga xizmat ko‘rsatgan sug‘urta kompaniyasiga tegishli ekani aytilgan.
Greta Tunberg 2018 yilda iqlim bo‘yicha norozilik namoyishlarini o‘tkazishni boshlaganidan so‘ng mashhur bo‘lgandi. U oktyabr oyida G‘azoga yordam olib borishga uringan Global Sumud Flotilla tarkibida qatnashgan. Isroil tomonidan 478 kishi qatorida ushlab turilgan va deportatsiya qilingan edi.
Mavzuga oid
16:08 / 23.12.2025
Grenlandiyaga ko‘z tikkan Tramp, Xitoyning yadroviy ambitsiyalari va Moskvada portlatilgan general – kun dayjesti
15:47 / 22.12.2025
Putinning «katta rejalari», yangi aviatashuvchi qurishni boshlagan Fransiya va G‘arbiy sohilda yana noqonuniy posyolkalar – kun dayjesti
14:37 / 19.12.2025
Vaqtincha to‘xtatilgan grin-karta, Ukrainaga $100 milliardlik qarz va Avstraliyada qurol bo‘yicha yangi tartib – kun dayjesti
14:06 / 18.12.2025