Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Migrantlarni Rossiyadan chiqarib yuborish uchun asoslar soni ikki barobar oshiriladi
Chiqarib yuborish uchun yangi asoslar ro‘yxatiga jamoat tartibini buzish, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida politsiya va Rosgvardiya xodimlarining talablariga bo‘ysunmaslik kabi harakatlar kiritiladi.
Foto: TASS
Rossiya Davlat dumasi kengashi kelgusi haftada chet el fuqarolarini Rossiyadan chiqarib yuborish asoslarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqadi, dedi Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin.
Qonun loyihasi bilan migrantlarni Rossiyadan chiqarib yuborish uchun asoslar sonini ikki barobarga oshirish reja qilinmoqda. Chiqarib yuborish uchun yangi asoslar ro‘yxatiga jamoat tartibini buzish, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida politsiya va Rosgvardiya xodimlarining talablariga bo‘ysunmaslik, shuningdek, hayotni ta’minlash obektlari va transport infratuzilmasi ishiga to‘sqinlik qiluvchi harakatlar kiritiladi.
Qo‘shimcha asoslar orasida internetda inson qadr-qimmatini kamsituvchi materiallarni tarqatish, shuningdek, Rossiya Qurolli Kuchlarini obro‘sizlantirish sifatida baholanadigan ommaviy harakatlar yoki Rossiya, uning fuqarolari yoki kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etish yoki ularni uzaytirishga chaqiriqlar mavjud. Bir qator huquqbuzarliklar uchun chiqarib yuborishdan tashqari, qonun loyihasi jarimalarni ham nazarda tutadi, ularning miqdorini oshirish taklif qilinmoqda.
Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda xorijliklarni 22 ta modda - xususan, giyohvand moddalar savdosi, pedofiliya va jinsni o‘zgartirishni targ‘ib qilish, shuningdek, immigratsiya qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy tarzda chiqarib yuborish nazarda tutilgan. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya qonunchiligini buzgani sababli 72 ming chet el fuqarosi mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.
Hukumat avvalroq Davlat Dumasiga mehnat migrantlaridan mamlakatda qolish huquqini saqlab qolish uchun yashash minimumidan kam bo‘lmagan daromadni tasdiqlashni talab qiluvchi qonun loyihasini kiritgan edi.