Jahon | 09:00
1469
2 daqiqa o‘qiladi

Kuzbass hibsxonasida 18 nafar o‘zbekistonlik saqlanayotgani aniqlandi

Rossiyaning Kemerovo viloyati, Kuzbass hududida joylashgan tergov hibsxonasida 18 nafar O‘zbekiston fuqarosi saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Ular bir jinoyat ishi doirasida sud jarayonini kutib, hibsda ushlab turilmoqda.

Foto: RIA Novosti

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli mazkur hibsxonaga tashrif buyurib, vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuv davomida har bir fuqaro bilan alohida suhbat o‘tkazilib, ularning murojaatlari, shikoyatlari va takliflari tinglangan.

Shuningdek, fuqarolarga nisbatan qo‘llanayotgan Rossiya jinoyat kodeksi moddalarini yengillashtirish va ishni tezroq sudga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani haqida ma’lumot berilgan.

Uchrashuv chog‘ida tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan bir nafar fuqaroga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishi ta’minlangani ham qayd etildi.

Bundan tashqari, bosh konsul Kemerovo hamda Leninsk-Kuznetskiy shaharlarida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan sayyor konsullik qabulini o‘tkazgan. Unda fuqarolarga qabul qiluvchi mamlakat qonunlariga rioya qilish zarurligi tushuntirilib, huquqlari buzilganda konsulxonaga murojaat qilish tavsiya etilgan.

Shu kuni yana 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi konsullik ro‘yxatiga olinib, ularga huquqiy va konsullik masalalari bo‘yicha zarur tushuntirishlar berilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid