Jahon | 09:38
1904
3 daqiqa o‘qiladi

Budanov: Moskva va Kiyev tinchlik kelishuviga yaqinlashmoqda

Ukraina rasmiysi Kirill Budanov Bloomberg agentligiga bergan intervyusida urushni tartibga solish ko‘p vaqt olmasligi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarda “ulkan taraqqiyot”ga erishilgan.

Foto: Getty images

Budanovning 4 aprel kuni Bloomberg agentligiga bergan intervyusiga ko‘ra, Moskva va Kiyev tinchlik kelishuviga yaqinlashmoqda, urushni bartaraf etish esa ko‘p vaqt olmasligi mumkin. Material 10 aprel, juma kuni e’lon qilingan.

Budanovning aytishicha, Rossiya tomoni ham, Ukraina kabi, urushni to‘xtatishni istaydi.

“Ularning barchasi urush tugashi kerakligini tushunadi. Shuning uchun ham ular muzokara olib bormoqda. Menimcha, bu ko‘p vaqt olmaydi”, — dedi u Ukraina muzokaralar delegatsiyasi tarkibiga kiruvchi siyosatchi sifatida.

Budanovning ta’kidlashicha, Ukrainadan farqli ravishda, Rossiya harbiy harakatlarni o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirmoqda.

“Bu juda katta mablag‘lar — trillionlar”, — dedi u. Uning fikricha, aynan shu omillardan biri Moskvani urushni to‘xtatishga undamoqda.

Budanovning aytishicha, hozirgacha ham Ukraina, ham Rossiya muzokaralarda “maksimalistik” pozitsiyalarni ushlab kelgan bo‘lsa-da, tomonlar murosaga kelish yo‘lida yaqinlashadi. Shu bilan birga, u Donbass bo‘yicha har ikki tomonni qoniqtiradigan kelishuv qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga javob berishdan tiyildi. Rossiya Ukraina nazorati ostidagi mintaqa qismidan Ukraina Qurolli kuchlari chiqib ketishini talab qilmoqda.

“Yakuniy qaror hali qabul qilingani yo‘q. Ammo, umuman olganda, endi barcha ruxsat etilgan chegaralarni aniq tushunib turibdi. Bu ulkan taraqqiyot”, — dedi Budanov.

Rossiya armiyasining holati haqida gapirar ekan, Budanov Rossiya yo‘qotishlarni qoplashda muammoga duch kelmayotganini va 2025 yil oxiri holatiga ko‘ra, zarurat tug‘ilsa, urushga 23,5 million kishilik zaxirani yuborish imkoniga ega ekanini bildirdi.

“Bu Ukraina safarbar qila oladigan miqdordan ancha ko‘p. Ukraina esa askarlar yetishmasligi muammosini yengishga urinmoqda”, — dedi u.

Bloomberg’ning Kremlga yaqin ikki manbasi aytishicha, muzokaralarda deyarli real taraqqiyot yo‘q, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha murosaga kelinmagani sababli muloqot ko‘p jihatdan boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Suhbatdoshlardan biriga ko‘ra, 2026 yilga kelib muzokaralarning yagona sezilarli natijasi — tomonlar bir-biri uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan pozitsiyalarni belgilab olganida bo‘lgan.

Budanov ehtimoliy muzokaralar barbod bo‘lishiga ham izoh berdi.

“Faqat ikki variant bor — urush yoki tinchlik. Aniqrog‘i, shunchaki urushning davom etishi emas, balki muzokaralarning davom etishi ham bor. Agar ular (ruslar) shunga rozi bo‘lsa — lekin rozi bo‘lmasligi ham mumkin”, — dedi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid