Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston ShHT – Afg‘oniston muloqot guruhi faoliyati qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatladi
Shavkat Mirziyoyev Shanhay hamkorlik tashkilotining Tianjin sammitida ishtirok etmoqda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shanhay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zladi.
"Bizning uchrashuvimiz Xitoyning qadimiy madaniyati hamda uning sanoat va texnologik yo‘nalishdagi jadal taraqqiyoti o‘rtasidagi uyg‘unlikni o‘zida mujassam etgan Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Bu yerda buyuk Konfutsiyning “Hayotda o‘z o‘rningni topishni xohlar ekansan, boshqalarga yordam ber, muvaffaqiyatga intilar ekansan, boshqalarning yutug‘iga ko‘mak ber”, degan hikmatli so‘zlari o‘zgacha ruhda yangraydi. Bu ming yillik falsafa o‘zaro hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlash, har bir a’zo davlat manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan Shanxay hamkorlik tashkilotining bugungi missiyasiga hamohangdir.
ShHT makonida umumiy taraqqiyot va ravnaq aynan ana shunday mustahkam poydevor ustida barpo etilmoqda, deb hisoblayman. Xitoyning samarali raisligi tufayli Tashkilotimizning nufuzi yanada mustahkamlandi, mamlakatlarimizning o‘zaro manfaatli amaliy hamkorligi kengaydi. Ishonchim komilki, o‘tayotgan ushbu sammit yangi tarixiy davrni boshlab beradi va o‘zaro munosabatlarning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qiladi", dedi prezident.
Qayd etilishicha, iqtisodiy, intellektual, resurs va texnologik yo‘nalishlarda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan Shanhay hamkorlik tashkiloti xalqaro maydonda o‘z ta’sirini izchil kengaytirib bormoqda. Global noaniqlik kuzatilayotgan hozirgi sharoitda bu muhim ahamiyatga egadir.
Ishonchning tizimli inqirozi, mojarolarning kengayib borayotgani, ko‘p tomonlama institutlarning zaiflashishi va jahon savdo tizimining parchalanishi xalqaro xavfsizlik va barqarorlik arxitekturasi asoslariga putur yetkazmoqda. Bunday sharoitda ShHT davlatlarining bir-birini o‘zaro tushunishi va birdamligi – bu faqat qimmatli boylik emas, balki mintaqada tinchlikni saqlashning kalitidir.
"Ayniqsa, ShHT teng huquqli muloqot, o‘zaro hurmat va sheriklik makoni bo‘lib qolayotgani muhim. Aynan shu jihat manfaatlar muvozanatini ta’minlash va zamonamizning eng murakkab xavf-xatarlariga birgalikda javob topish imkonini bermoqda. ShHTning ovozi bizning umumiy siyosiy irodamiz ifodasi, tinch kelajak va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi qat’iy sa’y-harakatlarga chorlovimiz sifatida yanada ishonchli va baralla yangrashi kerak, deb hisoblaymiz.
Ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha o‘z qarashlarimiz bilan o‘rtoqlashishni istar edim. Eng avvalo, tashkilotning samaradorligini oshirish, uning institutlari va qarorlarni amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash zarur. Tashkilotni transformatsiya qilish bo‘yicha Samarqand sammitida boshlangan jarayonlar ushbu muhim vazifalarni hal etishga yordam beradi, deb ishonaman.
Biz tashkilotning izchil kengayishi tarafdorimiz. Chunki “ShHT modeli”ning muvaffaqiyati uning ochiqligi va keng ko‘lamli hamkorlikka yo‘naltirilganidadir. Biz o‘z kelajagini ShHT bilan bog‘liq holda ko‘rayotgan davlatlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. ShHTning muloqot bo‘yicha sheriklari tarkibi, jumladan, boshqa mintaqa davlatlari hisobidan kengayib borayotgani Tashkilotni Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlik platformasiga aylantirishga yordam beradi", dedi davlat rahbari.
Bildirilishicha, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik – ShHTning hal qiluvchi ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bugungi kunda kelishilgan yondashuvlarga hamda ishonch va xavfsizlikni ta’minlashning yangi mexanizmlariga talab kuchayib bormoqda.
"Yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha ShHT deklaratsiyasini qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Ushbu deklaratsiya tinchlik yo‘lidagi atomni rivojlantirish va favqulodda holatlarga javob qaytarishning mustahkam asosiga aylanadi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi tarqatmaslik global rejimiga munosib hissa bo‘ladi.
Terrorizm va ekstremizmning tabiati sezilarli ravishda o‘zgarayotgani, kiberjinoyatchilik, sintetik narkotiklar ishlab chiqarish va aylanmasi o‘sib borayotgani, uyushgan jinoyatchilik kuchayayotgani munosabati bilan bildirilayotgan xavotirlarga qo‘shilamiz.
Ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi ishini qayta tiklash, Jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qayta ko‘rib chiqish, Giyohvandlikka qaram bo‘lib qolishga qarshi kurashishning 2030 yilga qadar mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqishni taklif etamiz.
“ShHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyati qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Konstruktiv muloqotlarni rivojlantirish va Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish uning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi mumkin", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
13:38 / 26.12.2025
Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaytiriladi
17:50 / 25.12.2025
Afg‘on chegarasidagi otishmada tojikistonlik harbiylar halok bo‘ldi
13:46 / 19.12.2025
Germaniya 535 nafar afg‘onistonlikni qabul qiladi
14:51 / 18.12.2025