Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston rasmiylari va muftiy Shvetsiya parlamentida diniy sohadagi islohotlar haqida taqdimot qildi
Foto: O‘zbekiston Musulmonlar idorasi matbuot xizmati
Musulmonlar idorasi raisi shayx Nuriddin Xoliqnazar va Diniy qo‘mita rasmiysi Davron Maqsudov Shvetsiya parlamentida chiqish qildi. Ular O‘zbekistonda dinlararo bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash yo‘lidagi o‘zgarishlar haqida gapirib, xorijlik mutaxassislar bilan «qizg‘in savol-javoblar» o‘tkazgan.
Joriy yil 24 mart kuni Shvetsiya parlamentida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar hamda bag‘rikenglik, millatlararo hamjihatlik borasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Stokholmdagi tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maqsudov va O‘zbekistondagi diniy konfessiya yetakchilari, elchixona vakillari qatnashdi. Shvetsiya tomonidan parlament a’zolari va boshqa rasmiylar ishtirok etgan.
«Taqdimotda davlatimiz tomonidan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlikni yanada mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar hamda ilgari surilgan ezgu tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganiga urg‘u qaratildi», deyiladi diniy idora xabarida.

Shuningdek, seminarda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu yo‘lda aholining diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirish bo‘yicha muntazam tushuntirish ishlari olib borilayotgani ta’kidlangan.
Musulmonlar idorasiga ko‘ra, seminar xorijlik mutaxassislar va ishtirokchilar bilan qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tgan, lekin, diniy idora tadbirda ko‘tarilgan savollar va masalalarga haqida ma’lumot bermagan.
Bundan tashqari, 24 mart kuni ikkita alohida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Dastlab Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligining Dinlararo muloqot bo‘yicha maxsus vakili, elchi Kristian Kamil hamda vazirlikning Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq yo‘nalishi mas’ullari bilan muloqot o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston rasmiylari «mamlakatda «Jaholatga qarshi ma’rifat» tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar, dinlararo bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot bergan».

Shvetsiya tomoni O‘zbekistonning turli konfessiyalar vakillari uchun yagona oila muhitini yaratish va mintaqa davlatlarini birlashtirishdagi yetakchilik rolini yuqori baholab, diniy sohadagi ochiq va erkin muloqotga tayyorligini bildirdi.

Ikkinchi muloqotda esa Shvetsiya Parlamenti vitse-spikeri Yuliya Kronlid bilan uchrashuv o‘tkazilgan. «Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan so‘nggi yillarda e’tiqod erkinligini ta’minlash, masjid-madrasalarni obod etish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, Shvetsiyada istiqomat qilayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning «ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlash, ularga sof islom ma’rifatini yetkazish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Shvetsiyaning tegishli tashkilotlari o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi» muhokama qilindi.
Stokholmdagi masjid imomi va vatandoshlar bilan uchrashuv
O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek Stokholmdagi «Zayd ibn Sulton al-Nahayyon» masjid-majmuasida Shvetsiya diniy peshvolari bilan ham uchrashuv o‘tkazgan.

Diniy idoraga ko‘ra, muftiy boshchiligidagi suhbat shvetsiyaliklarda qiziqish uyg‘otgan. «Ayniqsa, yurtimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlar uchun qilingan sharoitlar, turli hududlarda Qur’on kurslari faoliyat ko‘rsatayotgani, mintaqada yagona bo‘lgan Fatvo markazi xizmat ko‘rsatishi, imomlar va qorilarning xorij safarlari shvetsiyalik soha vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi», deyiladi xabarda.
Muftiy shvetsiyaliklarni yangi qurilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etdi.

«Al-Nahayyon» masjidi bosh imomi Mahmud Xalfiy esa O‘zbekistonning tarixi buyukligi, bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkirlar dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgani, bugun ham bu diyor taraqqiy etayotganini e’tirof etgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi safari doirasida 25 mart kuni Shvetsiya, Norvegiya va Daniyada o‘qish va ish bilan bo‘lib turgan 200 nafardan ziyod vatandoshlarimiz bilan ham uchrashuv tashkil qilindi.

Tadbirda Shvetsiyadagi vatandoshlar jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xususan, milliylikni saqlash, hamjihatlikni mustahkamlash, sport musobaqalari va ta’lim-tarbiya ishlari to‘g‘risida taqdimot qilindi. Muftiy Vatan va unga bo‘lgan muhabbat haqida Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflar va mo‘tabar manbalar asosida ma’ruza qilib bergan.
«Shuningdek, bugungi murakkab va qaltis davrda har qachongidan ham ogoh va hushyor bo‘lib yashash zarur bo‘layotgani, har qanday diniy masalada savol yoki murojaatlar bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markaziga bog‘lanish bo‘yicha ma’lumotlar berildi», deyiladi idora xabarida.

Idora xabariga ko‘ra, «asli o‘zbekistonlik vatandosh – fan doktori Muhiddin Shirinov Sobiq ittifoq davri bilan bugungi kunni qiyoslansa, juda katta o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, Shvetsiya parlamentida chiqish qilish ham O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi nufuzi ortib borayotganiga bir misol bo‘lishini» ta’kidladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan vatandoshlarning ilm-fan, madaniyat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, sport sohasidagi yutuqlari yuqori baholandi.
Mavzuga oid
10:16 / 26.03.2026
Shvetsiyadan 14 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi
09:08 / 24.02.2026
«Amallar niyatlarga qarab e’tiborlidir» - o‘zbekistonlik ulamolar Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi
13:27 / 20.02.2026
Shvetsiyaning Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi - 1,2 mlrd yevro
16:04 / 12.02.2026