O‘zbekiston | 18:43 / 18.01.2018
11086
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi guvohnoma yerga bo‘lgan huquqni belgilovchi yagona hujjat bo‘ladi

Foto: KUN.UZ

Qonun hujjatlari ta'siri baholash tizimi portalida «Yerga oid qonunchilikning takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi joylashtirilgan. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Chunonchi, Yer kodeksining 33-moddasiga tuzatishlar ishlab chiqildi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik to‘g‘risida guvohnomani yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi yagona hujjat deb tan olish taklif etilmoqda. Uning berilishi uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

• hokimliklarning yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkasi berish (taqsimlash) to‘g‘risidagi qarori;
• ijaraga olish, oldi-sotdi va boshqacha turda boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalari;
• yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqini beruvchi davlat orderi;
• mulkdorlarning yoki ular tomonidan vakolatlangan shaxslarning qarori.

Ma'lumot uchun. Ayni paytda yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilardir:

• Yer uchastkasiga doimiy egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati;
• Yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini beruvchi davlat hujjati;
• Yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati;
• Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqini beruvchi davlat orderi;  
• yer uchastkasi ijarasi shartnomasi yoki yer uchastkasidan muddatli foydalanish shartnomasi;  
• yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi guvohnoma.

Masalan, agar hozir yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi o‘z holicha yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat bo‘lsa, o‘zgartirishlar tasdiqlangandan keyin shartnoma asosida yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani ham olish zarur bo‘ladi.

Shu bilan birga yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatini ariza kelib tushgan paytdan e'tiboran 10 kundan 2 kungacha qisqartirish rejalashtirilmoqda.

Loyihada Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tuzatishlar ham berilgan.

Loyiha o‘zgartirilishi, qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid