O‘zbekiston | 10:04 / 26.12.2023
4398
2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim tadbirkorlarga soliq to‘lashda imtiyozlar berilishi rejalashtirilyapti

“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlarga barcha soliqlar va bojxona to‘lovlarini bir yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasiga Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kirib keldi.

Qonun loyihasida “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlariga barcha soliqlar (qo‘shilgan qiymat solig‘i va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) va bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va foizsiz bir yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.

Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda, 2025 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik sub’yektlari ushbu fuqarolarga kamida bir yil davomida har oy mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravari miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqini to‘lab, bandligini ta’minlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz berilishi ham belgilanmoqda.

Mazkur imtiyozlar “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturiga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlariga (Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlari bundan mustasno) bir vaqtning o‘zida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilganda va kamida bir yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravari miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lab, bandligini ta’minlaganda, ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda berilishi ko‘zda tutilgan.

Agar tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan “hamkorlik shartnomalari”da nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, qo‘llanilgan soliq imtiyozlari butun soliq davri uchun ushbu soliqlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarning tiklanishi bilan bekor qilinadi.

Mavzuga oid