Soliq qo‘mitasi tovarlarning bozor narxini aniqlab, shu narx asosida soliq hisoblashga o‘tmoqchi. Avvaliga birja tovarlari, davlat xaridlari portalidagi va markirovkalanadigan tovarlarga tatbiq qilinadigan bu tartib, keyinchalik barcha tovarlar uchun joriy qilinadi. 

Bu tartib “Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxlaridan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Soliq qo‘mitasi mas’uli Davron Bobojonov nima sababdan qo‘mita tovar va xizmatlarning bozor narxi asosida soliq hisoblashga o‘tilayotganini tushuntirarkan, soliqlardan qochayotgan tadbirkorlar tufayli raqobat muhiti buzilayotganini asosiy sabab sifatida keltirdi.

Soliq maslahatchisi, «United Tax Advisor» soliq maslahati tashkiloti direktori Murod Muhammadjonov Kun.uzʼga taqdim etgan maqolasida tovarlarning bozor narxidan kelib chiqib soliq hisoblash mumkinmi, bu qanchalik soliq nazariyasiga to‘g‘ri keladi, degan savollarga javob bergan.

“Qaror loyihasi soliqlarning asl mohiyatiga zid”

Umuman soliq nazariyasida ham, soliq solish mantig‘idan kelib chiqib ham tadbirkorlik faoliyatida hisoblash mexanizmi aniq bo‘lmagan raqamlar uchun soliq hisobash mumkin emas.

Soliqlar qat’iy belgilangan yoki aniq olingan daromadga qaratilgan bo‘lishi lozim. Keyinchalik izlab topiladigan mavhum raqamlar uchun soliq hisoblash soliq to‘lovchilarning faqatgina qo‘rquvda yashashiga olib keladi. Tadbirkorlik muhitiga, investitsion muhitga salbiy ta’sir qiladi. Qo‘rquvdagi tadbirkor rivojlanishni emas, bir amallab yashab qolishni o‘ylaydi. Mavhum raqamdan soliq hisoblanishini ko‘rgan investor bunday qonunchilik amal qilayotgan hududga yaqinlashmaydi.

Afsuski, bu qaror loyihasini ham soliq nazariyasiga va umuman olganda soliqlarning asl mohiyatiga, tabiatiga zid deb hisoblaymiz.

Soliq kodeksining 2-moddasida Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu kodeksdan va qabul qilinishi ushbu kodeksda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan iborat bo‘lishi belgilangan. Soliqqa oid barcha normativ hujjatlar Soliq kodeksi qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Kodeksning 3-moddasiga ko‘ra ushbu kodeksning normalariga yoki qoidalarining mazmuniga boshqacha tarzda zid bo‘lsa, ushbu kodeksning qoidalariga muvofiq emas deb topilishi belgilangan.