19:22 / 29.03.2021
48091

Endi pedagogikadan boshqa yo‘nalishda OTMni tugatganlar ham maktabda dars berishi mumkin

Yangi o‘quv yilidan boshlab, nopedagogik mutaxassislikda o‘qiyotgan yuqori kurs talabalari maxsus pedagogik tayyorlov modullarida o‘qib, sertifikat olgach, maktabda dars berish huquqiga ega bo‘ladi.

Kun.uz xalq ta'limi sohasining dolzarb masalalari yuzasidan o‘zbekistonlik va xorijlik mutaxassislarni jalb etgan holda suhbat tashkil etdi.

Unda pedagog kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish mavzusida ham so‘z bordi.

Ayubxon Radjiyev, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti rektori:

— O‘qituvchi bilan birga, ta'lim jarayonida maktab direktori, metodist degan kadrlar ham ishlaydi. Shuncha toat-ibodatni bir sekundda yo‘q qilib yuboradigan boshqaruv kadrlari bor. Buni ochiq aytish kerak. Agar ular o‘qituvchi uchun kerakli sharoitni yaratib bermasa, maktab jamoasi, ota-onalar bilan ishlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmasa kiritgan sarmoyalarimiz bir pul bo‘ladi. Buning uchun avvalo ularni tayyorlashni yo‘lga qo‘yishimiz kerak.

WrCwk1CjBas0f6LZKpvyHURGjdvOD5rh.jpg (1280×720)
Ayubxon Radjiyev

O‘qituvchilarga keladigan bo‘lsak, hozir yaqinda imzolangan prezident farmoniga muvofiq, malaka oshirish tizimini xususiy sektorga berish ko‘zda tutildi.

Mardon Yusupov, matematika o‘qituvchisi (Angliya):

— Angliyada o‘qituvchi bo‘laman degan inson uchun 10ga yaqin yo‘llar orqali o‘qituvchi bo‘lib ishlash imkoniyati yaratilgan. Universitetlar qoshida pedagogika fakultetlari bor. Va eng qizig‘i, jami o‘qituvchilarning 15 foizigina shu fakultetlarni tugatgan.

Bu yerda bir yillik pedagoglar tayyorlov kurslari bor. Shu kursni bitirganlarga sertifikat beriladi. Istalgan bakalavr yo‘nalishini tugatgan va undan so‘ng bir yillik tayyorlov kursida tahsil olib sertifikatga ega bo‘lgan shaxs maktabda dars berishi mumkin.

Ayubxon Radjiyev:

— 2021 yilning 25 yanvarida qabul qilingan qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda ham bu jarayon yo‘lga qo‘yiladi. Xalq ta'limi tizimida sifatni oshirish maqsadida xorijiy ekspertlar ishtirokida yangi loyiha yo‘lga qo‘yilyapti. Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududlardagi 14 ta filiallarida bir yillik maxsus kurslar tashkil qilinyapti.

Yangi o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekistonda nopedagog mutaxassislikda tahsil olayotgan OTMlarning ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari ana shu maxsus pedagogik tayyorlov modullarida o‘qib, sertifikatga ega bo‘lgach, maktabga borib dars berish huquqiga ega bo‘ladi.

O‘qituvchilik qonida bor odamga bu imkoniyatni berish sohadagi katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Mardon Yusupov:

hwnC8T_8ZmZ1Brh2VzZerP6bMjD1KpCz.jpg (1280×720)

— O‘qituvchilarni tayyorlash faqat OTMga tegishli emas. Dunyoda boshqa kasb egalarini ham o‘qituvchilikka tayyorlaydigan protsesslar bor. Aynan iqtidorli yoshlarni bu sohaga jalb qilish ham mumkin. Masalan, katta kompaniyaga ishga kirishda ma'lum muddat eng qiyin ahvoldagi ta'lim muassasalarida ishlab berish sharti qo‘yiladi. Bu o‘sha maktabga ham foyda bo‘ladi, chunki iqtidorli yosh kadr o‘zi bilan yangi tashabbuslarni olib keladi. Ikkinchidan, kompaniya uchun ham foydali, chunki o‘sha qiyin sharoitda ishlab chiqa olgan kadr yanayam professional sifatida keladi bu ishga.

Angliyada direktorlarni tayyorlash ish davomida qo‘shimcha ravishda olib boriladi. Masalan, direktor bo‘lishni istagan o‘rinbosar ish faoliyati davomida ma'lum platforma orqali direktorlikka o‘qiydi va sertifikat oladi.

Jamila Mahmudova, o‘qituvchi (Shvetsiya):

1UjSvxD_gy-1sTao69jhiLs-H94mXLWm.jpg (1280×720)

— Shvetsiyada direktor bo‘lish uchun 3 yil o‘qish shart. Bu ish faoliyati davomida bo‘lishi ham mumkin. Haftada ma'lum kunlarda o‘qishga borishi, boshqa paytlarda ish jarayonida tajriba orqali ham o‘sha dasturni bajarishi lozim bo‘ladi.

Bunda ularga boshqaruv jarayoni va hujjat ishlaridan tortib, muomala madaniyatigacha o‘rgatiladi. Direktor butun maktabga javobgar shaxs sifatida tayyorlanadi.

***

  • Ma'lumot uchun, 2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekistonda pedagog kadrlar tayyorlaydigan OTMlar va litsenziyaga ega xususiy ta'lim tashkilotlariga xalq ta'limi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning malakasini oshirish huquqi berildi.

Shuningdek, 2021/22 o‘quv yilidan boshlab, Avloniy nomidagi institut va uning hududiy markazlarida OTMlarning pedagogik bo‘lmagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalari uchun pedagogik tayyorgarlik modullari amaliyotga kiritiladi. Bunda:

  • modullar bo‘yicha bakalavriatning so‘nggi ikki bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishga qabul qilinadi;
  • modullar bo‘yicha o‘qitish talabalarning OTMda tahsil olishdan bo‘sh vaqtida, Xalq ta'limi vazirligining granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Vazirlik granti ehtiyoj yuqori bo‘lgan pedagogik mutaxassisliklar bo‘yicha ajratiladi;
  • modullarni grant asosida o‘zlashtirgan talabalar OTMni bitirganidan so‘ng kamida ikki yil ishlab berish uchun vazirlik tomonidan davlat umumiy o‘rta ta'lim tashkilotlariga taqsimlanadi;
  • modullarni o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega shaxslarga OTMda o‘qishni bitirganidan so‘ng qayta tayyorlash kurslaridan o‘tmasdan, mutaxassisligiga oid fanlardan umumiy o‘rta va professional ta'lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.
Top