Kun.uz O‘zbekiston va xorijda faoliyat olib borayotgan vatandosh mutaxassislarni maktablardagi ta'lim sifati mavzusida muhokamaga chorladi.

Unda O‘zbekiston va dunyoda maktab ta'limidagi tendensiyalar, muammolar va bahsli masalalar haqida so‘z bordi.

Shuhrat Sattorov, Respublika ta'lim markazi direktori:

— XXI asrda insonlarni hayotga tayyorlash qanchalik o‘zgardi va bizda bu qanchalik amalga oshirilmoqda. XX asrda kadrlar tayyorlashda fabrikacha usul qo‘llanilgan. Inkubatsiya, ya'ni hammaga bir xil narsa o‘qitilgan va o‘rgatilgan. Bu hammaning bir xil fikrlashiga olib keladi. Bu – jamiyat uchun deyarli fojia, chunki raqobat yo‘qoladi. Bizda shu saqlanib qolgan va ta'limda eng katta o‘zgartirish kerak bo‘lgan muhim jihatlardan biridir.

Shuhrat Sattorov

Ayni paytda O‘zbekistonda shu fabrikacha, hammani bir xil fikrlashga o‘rgatadigan tizimdan sekin-asta voz kechishga harakat qilyapmiz. Bugun ta'limda individual qiziqishlar yuzaga chiqishi kerak. Har bir bolaning qiziqishi va qobiliyatiga qarab o‘ziga xos yondashuv yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Biz XXI asrda yashayapmiz, ammo darsliklarimiz XX asrdagi faqat ma'lumotga, matnga asoslangan holda qolmoqda. Metodikamiz ham shu ahvolda. Endi bolalarimizda ko‘nikma shakllantiruvchi ta'lim kerak, ular kelajakni mo‘ljalga olishni o‘rganishlari kerak.

Endi testlarni yodlab institutga kirish emas, hayotda muvaffaqiyatga erishish, baxtli bo‘lish uchun ko‘nikmalarni shakllantirish asosiy maqsad bo‘lib turibdi.

Mardon Yusupov, matematika o‘qituvchisi (Buyuk Britaniya):

— Ta'lim tizimi sifati o‘qituvchilar sifatidan osha olmaydi, degan gap bor. Demak, bu o‘rganish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, shu jarayonni boshqaruvchi o‘qituvchilar malakasini oshirishga, o‘qituvchilarni tayyorlashga katta urg‘u berish kerak. Boladagi o‘zgarishning katta qismi shu muhitda ro‘y beradi. O‘qituvchi jarayonni dizayn qiluvchi shaxs: shu protsessni tuzadi, boshqaradi va takomillashtiradi. Ta'lim infrastrukturasi esa unga yaxshi sharoitni yaratib berishi kerak. Shundagina ta'limda sezilarli o‘zgarish bo‘lishi mumkin.