Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yong‘in nazoratini va profilaktikasini amalga oshirish bo‘yicha mustaqil bo‘linmalar tashkil etiladi
Foto: O‘zA
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.
Qaror matnida aytilishicha, “yong‘in xavfsizligi sohasida qabul qilingan qonun hujjatlariga qaramay, bugungi kunda mamlakatimizda aholi, tadbirkorlar, davlat organlarining yong‘inlarning oldini olish va ularni bartaraf etish masalalariga tegishli munosabat shakllanmadi, shu bilan birga, ichki ishlar organlarining yong‘in xavfsizligini ta'minlash sohasidagi nazorat faoliyatining shakl va usullari zamon talablariga javob bermaydi”.
Aytilishicha, quyidagilar bu boradagi tizimli kamchiliklar sirasiga kiradi:
yong‘in xavfsizligi inspektorlarining o‘z funksional majburiyatlarini lozim darajada bajarmayotgani, malakasiz xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yayotgan holatlari kuzatilmoqda, ushbu lavozimlarga tegishli oliy ma'lumoti yo‘q xodimlarni qabul qilish tizimi paydo bo‘lgani, inspektorlar aholi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan to‘laqonli hamkorlik qilmayotgani bunga sabab bo‘lmoqda;
tizimga, shu jumladan, shoshilinch xizmatlar bilan hamkorlik qilish va yong‘in o‘chirish bo‘linmalarining kuchlari va vositalarini boshqarish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 aprelda qabul qilingan “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta'minlashda ularning mas'uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq hamda barcha darajadagi bo‘g‘inlarning yong‘in xavfsizligini ta'minlash faoliyatini takomillashtirish maqsadida:
Yong‘in xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirishdagi quyidagi asosiy yo‘nalishlar ijrosini ta'minlash O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarining eng muhim vazifasi deb hisoblanadi:
birinchidan, yong‘inlar profilaktikasining ilg‘or shakl va usullarini joriy etish va ulardan samarali foydalanish orqali yong‘in xavfsizligi xizmati tizimini takomillashtirish, har bir inspektor o‘z xizmat majburiyatlarini “Yong‘in xavfsizligini ta'minlash – eng ustuvor vazifa” tamoyili asosida so‘zsiz bajarishini ta'minlash;
ikkinchidan, Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati (keyingi o‘rinlarda – DYoXX) bo‘linmalarining yong‘in nazorati va yong‘in profilaktikasini amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini tashkil etishning yong‘in xavfsizligi inspektorlarining asosiy vazifa va funksiyalarini aniq belgilash va taqsimlashni nazarda tutadigan sifat jihatdan yangi tartibni o‘rnatish;
uchinchidan, aholi bilan yaqindan ishlash, davlat organlari, tadbirkorlik sub'yektlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish orqali yong‘in xavfsizligini ta'minlash tizimiga ishonchni oshirish;
to‘rtinchidan, yong‘in o‘chirish kuchlari va vositalarini boshqarish, shuningdek, yong‘inga qarshi nazorat faoliyati sohasiga zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish;
beshinchidan, yong‘in xavfsizligi bo‘linmalarining kadrlar salohiyatini yaxshilash, xodimlarning kasb tayyorgarligi va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
oltinchidan, DYoXX shaxsiy tarkibida yuksak xizmat intizomini ta'minlash, uni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy-huquqiy muhofaza qilish orqali samarali xizmat qilish uchun sharoitlar yaratish.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga ularga qarashli obekt va hududlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilgan.
Yuqorida ko‘rsatilgan mansabdor shaxslar har chorakda yong‘in xavfsizligini ta'minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazishi, ular doirasida o‘ziga qarashli obekt va hududlarning yong‘inga qarshi holatini tanqidiy tahlil qilib borishi shartligi belgilab qo‘yildi.
Belgilab qo‘yilishicha:
DYoXX O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida yagona davlat yong‘in nazorati organi hisoblanadi;
DYoXXning davlat yong‘in nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslari yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazishda o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun shaxsan javobgardir.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining quyidagi takliflari ma'qullandi:
tuman (shahar) va obektlar yong‘in xavfsizligi bo‘limlari (bo‘linmalari)da davlat yong‘in nazoratini va yong‘inlar profilaktikasini amalga oshirish bo‘yicha mustaqil bo‘linmalar (guruhlar) tashkil etish va yong‘in xavfsizligi inspektorlari lavozimlarini yong‘in o‘chirish bo‘linmalari tarkibidan chiqarish to‘g‘risida;
yong‘in xavfsizligi inspektorlarining javobgarligini oshirish maqsadida ularning har biriga xizmat hududi doirasida muayyan sektorni biriktirish to‘g‘risida;
DYoXX yong‘in texnikasi parki va maxsus jihozlarini uzluksiz yangilash maqsadida har yili 38 ta asosiy yong‘inni o‘chirish avtomobili, strelasining uzunligi 35 metrgacha bo‘lgan 6 ta yong‘in avtonarvoni, 1000 ta yong‘inni o‘chirish yenglari komplekti, nafas olish a'zolarini himoya qiladigan 300 ta apparat va boshqa yong‘in-texnika mulkini xarid qilish to‘g‘risida;
DYoXX texnika xizmatining hududiy bo‘linmalariga jismoniy va yuridik shaxslarning maxsus texnikasi va jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish, ta'mirlash va diagnostika xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish to‘g‘risida.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga:
Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar hisobidan ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish;
DYoXXning shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar hisobidan ta'minlanadigan bo‘linmalarning tuzilmasi va shtat birliklariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.
Haftaning har chorshanba kuni “Yong‘inlar profilaktikasi kuni” deb belgilandi va DYoXXga quyidagi vazifalar yuklandi:
aholi, tashkilotlar va ta'lim muassasalari o‘rtasida yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlariga rioya etish to‘g‘risida keng tushuntirish ishlari olib borish, yong‘inlarning oldini olish va muvaffaqiyatli bartaraf etish tadbirlariga jamoatchilikni keng jalb qilish;
mahalla faollari bilan birgalikda uyma-uy yurib, tushuntirish ishlarini amalga oshirish, ularning yakunida yong‘inga qarshi holat bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida muhokama qilish;
barcha darajadagi hokimlar bilan birgalikda sodir bo‘lgan yirik va o‘ziga xos xususiyatli yong‘inlarning sabablarini, yong‘in vujudga kelishiga olib kelgan shart-sharoitlarni hamda tegishli hududlardagi obektlarning yong‘inga qarshi holatini chuqur va tanqidiy tahlil qilishni tashkil etish, uning yakunida yong‘inning oldini olish va uni bartaraf etish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va tasdiqlash;
o‘ta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan obektlarda yong‘in xavfsizligini mustahkamlash, ularning rahbarlari bilan yong‘in-taktik o‘quv va mashg‘ulotlar, tushuntirish ishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;
ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet tarmog‘ida yong‘inlar, ularning sabablari hamda yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lganda qanday harakat qilish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yoritish;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan kelishilgan holda muayyan markaziy va viloyat telekanallarida yong‘in bilan bog‘liq voqealarni, ularning vujudga kelish sabablari va shart-sharoitlarini yoritishga bag‘ishlangan maxsus axborot ko‘rsatuvi, shuningdek, voqealarni yoritish guruhlari tomonidan tayyorlanadigan yong‘in sodir bo‘lgan joylardan ularni bartaraf etish bo‘yicha tezkor reportajlarni efirga uzatish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzurida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha komissiyalar tashkil etiladi va quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilandi:
yong‘in xavfsizligini ta'minlash, yong‘in kelib chiqishi sabablari va sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;
tasdiqlanadigan reja-jadvallarga muvofiq tizimli asosda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari ishtirokida mahallalar hududida yong‘inga qarshi mashqlar o‘tkazish, bunda yong‘inni o‘chirish avtomobillari o‘tish yo‘llari va suv manbalari holatini o‘rganish;
davlat organlari, tadbirkorlik sub'yektlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yong‘inlar profilaktikasi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni baholash va monitoring qilish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
qishloq joylar va olis aholi punktlarida ko‘ngilli yong‘in o‘chirish bo‘linmalarini tashkil etishga ko‘maklashish, ularni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish.
Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A.Azizov zimmasiga yuklandi.
Mavzuga oid
12:31 / 11.12.2025
Barcha dorixonalar “Elektron retsept” orqali ishlashga o‘tadi
23:12 / 01.12.2025
Prezident binolar tashqi devorida kuchli yonuvchan materiallarni qo‘llashni taqiqlashni taklif qildi
13:11 / 18.11.2025
Binolar zilzilabardoshligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etilmoqda
12:59 / 06.11.2025