O‘zbekiston | 23:12 / 01.12.2025
10605
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident binolar tashqi devorida kuchli yonuvchan materiallarni qo‘llashni taqiqlashni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev huzurida 1 dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ekologik barqarorlik, shu jumladan chiqindilarni qayta ishlash, shuningdek, yong‘in xavfsizligi masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi, shuningdek, mutasaddilarning qishga tayyorlik yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yig‘ilishda avvalo, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiyaning hisoboti tinglandi. Havo ifloslanishiga qarshi ko‘rilayotgan, ifloslanish manbalarini aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

So‘nggi kunlarda havoni ifloslantirayotgan manbalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. Issiqxonalar, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat yurituvchi obektlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar, shahar bo‘ylab ko‘chalarni namlash, ariqlarni tozalash, favvoralarni ishga tushirish kabi barqarorlashtirish tadbirlari shular jumlasidan.

Prezident mazkur choralarni nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham tizimli davom ettirish, aniqlangan qonunbuzarliklarni tezkor bartaraf etish, havoga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha omillarni qat’iy nazorat ostiga olishni topshirdi.

Maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 933 million dollarlik loyihalar 6 ta hududda – Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida boshlangan, ammo boshqa viloyatlarda bu borada jiddiy harakat kuzatilmayapti. Boshlangan loyihalarda ham investorlarni infratuzilma – yo‘l, elektr, suv bilan ta’minlash ishlari talab darajasida emas. Viloyatlar hokimliklari va Ekologiya milliy qo‘mitasiga kamchiliklarni bartaraf etib, kelgusi yilda qolgan hududlarda ham shunday loyihalarni boshlash topshirildi.

2030 yilgacha maishiy chiqindi poligonlarini 50 foizga qisqartirish belgilangan. So‘nggi yillarda 47 ta poligon faoliyati tugatilib, rekultivatsiya qilindi, natijada 243 gektar yer tabiatga qaytarildi. Lekin hozirda ishlayotgan 132 ta poligonning aksariyatida haligacha himoya devorlari, “yashil belbog‘”, suv ta’minoti va ekologik xavfsizlik inshootlari tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

– Bu atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti va aholi e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Shu bois, maishiy chiqindi poligonlarini ekologik xavfsiz hududga aylantirish zarur. Birinchi navbatda, odamlarning sohadan roziligiga erishishimiz kerak. Bu masalaga faqat chiqindini boshqarish emas, balki sanoat, energetika, ekologik madaniyat bilan uzviy bog‘liq yo‘nalish sifatida yondashish lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilarga rekultivatsiya qilingan 47 ta poligon yerini qayta foydalanishga kiritib, ularda “yashil maydon”lar barpo qilish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Mavjud poligonlarning barchasi atrofida “yashil belbog‘” yaratish, daraxt va ko‘chat ekish ishlarini poligonlarning yarmida bahor mavsumida, qolgan yarmida kuz mavsumida yakunlash vazifasi qo‘yildi. 2026 yildan bu ishlarga respublika budjetidan har yili kamida 150 milliard so‘m ajratib borilishi belgilandi.

Oxirgi ikki yilda avvallari qayta ishlanmagan sanoat va xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasi 4,5 foizga olib chiqildi. Mazkur ko‘rsatkich kamligi qayd etilib, sanoat va xavfli chiqindilar hosil bo‘layotgan va saqlanayotgan joylarni xatlovdan o‘tkazib, ularni qayta ishlash hamda utilizatsiya qilish bo‘yicha kamida 1 tadan loyihani boshlash zarurligi ta’kidlandi. Xavfli chiqindilarni nazorat qilish bo‘yicha yagona axborot-monitoring platformasini ishga tushirish topshirildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, imtiyozli shartlarda suyultirilgan gaz yetkazib berishda kamchiliklar saqlanib qolmoqda, talon-toroj holatlari uchramoqda. “Hududgazta’minot” tizimiga bu holatlarga chek qo‘yish, hududma-hudud yurib, aholining muammolarini hal etish topshirildi. Eskirgan elektr tarmoqlari va ortiqcha yuklamada ishlayotgan transformatorlarni xatlovdan o‘tkazib, ularning barqaror ishlashini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, 1800 kilometr elektr tarmoqlarida ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlangan. Bosh prokuraturaga mazkur holatlarni o‘rganish va qonun ustuvorligini ta’minlash, “Energoinspeksiya”ga esa nazorat ishlarini yangicha yondashuv asosida tashkil qilib, favqulodda tartibda ishlashga o‘tish topshirildi.

Qish mavsumida energiya resurslari aholiga uzluksiz yetkazib berilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda yong‘in xavfsizligi masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Mamlakatimizda 44 mingdan ziyod ko‘p qavatli binolarda yong‘in xavfsizligi holatini to‘liq o‘rganish, favqulodda vaziyatlar tizimi bunday xavf-xatarlarga qarshi harakat qilishga shay turishi zarurligi ta’kidlandi.

Binolarning tashqi devorlarida kuchli yonuvchan materiallarni qo‘llashni taqiqlovchi qat’iy talablarni qonun hujjatlariga kiritish vaqti kelgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan ko‘p qavatli uylarda qurilish normalari va yong‘in xavfsizligi qoidalarini xalqaro tajribaga moslash hamda mas’ul rahbarlar javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Kommunal xizmatlar ishini muvofiqlashtirish va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. O‘tgan mavsumda poytaxtda to‘plangan tajriba asosida respublikaning boshqa hududlari kesimida ishchi guruhlar tashkil etish, barcha kommunal xizmatlar va boshqaruv servis kompaniyalarini FVV dispetcherlik tizimiga bog‘lash va xonadonbay profilaktika ishlarini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid