Jahon | 13:48 / 23.04.2025
27423
4 daqiqa o‘qiladi

Vladimir oblastidagi harbiy bazada portlash. Asosiy ma’lumotlar

Detonatsiya tinmayapti. Atrofdagi qishloqlar aholisi evakuatsiya qilindi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Rossiyaning Vladimir oblastining Kirjach shahri yaqinidagi o‘q-dori omborida portlash sodir bo‘ldi. RF mudofaa vazirligi rasmiy xabarida o‘q-dorilar alanga oqibatida detonatsiyaga uchragani aytilgan. Asosiy versiya sifatida portlovchi moddalar bilan ishlashda xavfsizlik talablari buzilishi keltirilgan.

Mahalliy aholi vakillari o‘q-dorilarning takroriy portlashlari ovozlari eshitilgan videolarni e’lon qilgan. O‘q-dorilarning parchalari 5 km radiusga sochilib ketgan. «112» telegram-kanaliga ko‘ra, arsenal hududidan uchib chiqqan ikkita raketa fuqarolik obektlariga urilgan – ulardan biri Kirjach shahridagi dam olish markazi yonida portlagan, ikkinchisi xususiy uylardan biriga kelib tushgan.

Mudofaa vazirligining dastlabki xabarida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra jarohatlanganlar yo‘qligi qayd etilgandi. Keyinroq Baza manbasi keyinroq atrofdagi qishloqlardan birida yashovchi kishi uchib kelgan snaryadlardan biri tufayli jarohatlangani, uning hayotiga jiddiy xavf yo‘qligi haqida ma’lumot berdi.

Kirjach rayonida favqulodda holat rejimi joriy etildi. Portlash sodir bo‘lgan qurol ombori Barsovo qishlog‘i yaqinida joylashgan bo‘lib, unda 700 kishi istiqomat qiladi. TASS agentligi yozishicha, Barsovo va unga tutash Mirniy qishlog‘i aholisi evakuatsiya qilinishi boshlangan. Baza ma’lumotiga ko‘ra, Barsovodan bir necha kilometr masofada joylashgan Dubka, Pershino, Xrapka, Gribanovo, Meleji va Zvezdniy aholi yashash punktlari aholisi ham evakuatsiya qilinmoqda. Odamlar Kirjach shahridagi maktablarga vaqtinchalik joylashtirilmoqda. Kirjachni Moskva bilan bog‘laydigan va ushbu aholi punktlari joylashgan yo‘l esa vaqtincha to‘sib qo‘yilgan.

Taxminlarga ko‘ra, dastlabki portlash Bosh raketa va artilleriya boshqarmasining (GRAU) 51-arsenali (11785-harbiy qism) hududida sodir bo‘lgan. «Krasnaya zvezda» gazetasining 2009 yilgi ma’lumotiga ko‘ra, u ishlab chiqaruvchi korxonalardan raketa va o‘q-dorilarni qabul qilish, ularni to‘plash, saqlash va ehtiyotlash uchun mo‘ljallangan. «Bu yerda raketalar va o‘q-dorilarni yig‘iladi, ularga rejalashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatiladi, raketalar va o‘q-dorilarni qayta ishlanadi va ta’mirlanadi hamda yakuniy holatiga keltiriladi. Bu yerdan raketalar va o‘q-dorilar o‘z manziliga jo‘natiladi», – deya yozgan gazeta. O‘sha paytda omborxona o‘z ichiga 256 ming tonnadan ortiq o‘q-dorilarni sig‘dira olgan. Ochiq manbalarda arsenal va uning tarkibi haqidagi yangi ma’lumotlar yo‘q.

O‘q-dorilar portlashiga dronlar hujumi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Masalan, mashhur OSINT-akkaunt OSINTtechnical manbasini ko‘rsatmasdan xabar tarqatgan. Tongda Rossiya mudofaa vazirligi Vladimir oblasti ustida uchta dron urib tushirilgani haqida xabar bergan edi. Ukraina qurolli kuchlari hodisaga izoh bermadi.

Vladimir oblasti gubernatori Aleksandr Avdeyev portlashga izoh berarkan, blogerlar va jurnalistlardan «tasdiqlangan rasmiy ma’lumotlar kelib tushgunga qadar hodisa haqida hech qanday ma’lumot tarqatmaslik»ni talab qilgan va jarima solish bilan ogohlantirgan. Mahalliy «Zebra-TV» nashri jarimalar omborlardagi tasodifiy hodisalar uchun emas, faqat dron hujumlari haqida ma’lumot tarqatilganda ko‘zda tutilganini qayd etgan.

Bugungi portlashlar — Barsovoda urush boshidan buyon ro‘y bergan ilk hodisa emas. 2022 yilda ham mahalliy harbiy qismda o‘q-dorilar detonatsiyasi oqibatida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan uch askar va ombor mudiri halok bo‘lgandi. O‘sha yili diversantlar raketalar va artilleriya snaryadlari omboriga olib boradigan yo‘lda relslarni buzib tashlagandi. 2024 yil sentabrda Barsovoda Ukraina qurolli kuchlari dronlari hujumi tufayli aholi evakuatsiyasi e’lon qilingan.

Mavzuga oid