31 mart kuni Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Ahmadali hoji” jome masjidi tahoratxonasida gaz portlashi oqibatida 4 kishi vafot etdi. Yana 10 kishi esa turli jarohatlar bilan shifoxonada davolanmoqda. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib tafsilotlarni o‘rgandi.

Masjidga borganimizda aynan portlagan tahoratxona tag-tugi bilan tozalangan, tutash tahoratxona binosida esa hashar yo‘li bilan tozalash ishlari olib borilayotgan ekan. Birozdan keyin maxsus texnikalar yordamida keyingi tahoratxona binosi ham buzib tashlandi.

“Masjid tahoratxonasi 2022 yil qurilishi boshlanib 2024 yilda foydalanishga topshirilgan edi.

Hayit kunining ertasi soat 12:15 lar chamasi edi. Peshinga harakat qilib turgandim. To‘satdan gumburlagan ovoz eshitildi. Chiqib qarasak chang-to‘zon. Bino yer bilan bitta bo‘lgan ekan. Bino bosib qolgan odamlarni tashqariga chiqarib oldik. Vafot etganlar peshin namozini o‘qish uchun tahoratxonada tayyorgarlik ko‘rishayotgan bo‘lgan.

Ihvoldin Zuhriddinov, masjid imom noibi

Bino bir vaqtning o‘zida 60 kishi tahorat olishi mumkin bo‘lgan joy edi. Tahoratxona qurilgan paytidayoq binoga gaz tarmog‘i olib kelingan bo‘lgan. Ayni paytda tahoratxonani tiklash ishlarini olib boryapmiz”, – deydi masjid imom noibi Ihvoldin Zuhriddinov.