Jahon | 11:02 / 04.04.2026
5546
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp FTB direktorini ishdan olish haqida o‘ylamoqda

The Atlantic nashri manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp FTB (Federal tergov byurosi) direktori Kesh Patelni, AQSh Quruqlikdagi qo‘shinlar vaziri Deniyel Driskollni va mehnat vaziri Lori Chaves-DeRimerni ishdan bo‘shatish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Ammo hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Foto: REUTERS

AQSh bosh prokurori va Adliya vazirligi rahbari Pem Bondining lavozimidan ozod etilishi prezident Donald Tramp ma’muriyatidagi so‘nggi iste’fo bo‘lmasligi mumkin, deb yozadi The Atlantic Amerika onlayn nashri 2 aprel, payshanba kuni.

Jurnalistlar Pentagon rahbari Pit Hegset tomonidan AQSh Quruqlikdagi qo‘shinlari shtabi boshlig‘i Rendi Jorjning lavozimdan ozod etilganini eslab o‘tadi. Bu voqea Pem Bondining ishdan bo‘shatilishi bilan deyarli bir vaqtda sodir bo‘lgan. Manbalarga tayanib yozishicha, hozir Oq uyda FTB rahbari Kesh Patel, AQSh Quruqlikdagi qo‘shinlar vaziri Deniyel Driskoll va mehnat vaziri Lori Chaves-DeRimerning ehtimoliy iste’folari ham muhokama qilinmoqda.

The Atlantic’ning ismi oshkor etilmagan suhbatdoshlari ehtimoliy yangi iste’folarning vaqti hali belgilanmaganini va Donald Tramp bu masalada hozircha yakuniy qaror qabul qilmaganini ta’kidlagan.

Nashr yozishicha, bungacha AQSh prezidenti Kongressga oraliq saylovlar — noyabr oyida o‘tadigan saylovlarga qadar ma’muriyatning asosiy xodimlaridan birortasini ishdan bo‘shatishni rejalashtirmagan edi.

“Ammo bir paytlar Trampning ikkinchi prezidentlik muddatining norasmiy shiori bo‘lgan ‘hech qanday boshlar olinmaydi’ degan tamoyil endi dolzarb emas”, — deya manbalar bahosini keltiradi maqola mualliflari.

Ularning fikricha, Trampning bu boradagi yo‘nalishini o‘zgartirishi AQSh va Isroilning Eronga qarshi davom etayotgan urushi fonida uning ommaviy qo‘llovi pasaygani bilan bog‘liq.

Bundan bir oy oldin — 5 mart kuni Donald Tramp o‘z ma’muriyatida qat’iy immigratsiya siyosatini yuritgan AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning ishdan bo‘shatilganini e’lon qilgan edi. Bu iste’fo Minneapolisda Rene Gud va Aleks Prettining immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan o‘ldirilishi bilan bog‘liq mojaro ortidan yuz bergan.

Noemning iste’fosini Vakillar palatasidagi demokratlar talab qilgan, keyinchalik ularning bu chaqiriqlariga bir necha respublikachilar ham qo‘shilgan. Gud va Prettini vazir Amerika hokimiyat idoralari harakatlari tufayli halok bo‘lgan shaxslar sifatida emas, balki “ichki terroristlar” deb atagan va ularning o‘limi holatlari aniqlashtirilganidan keyin ham bu so‘zlari uchun uzr so‘rashdan bosh tortgan.

AQSh Adliya vazirligi rahbarining iste’fosi esa, The New York Post va CNN ma’lumotlariga ko‘ra, 60 yoshli Pem Bondi, xususan, tadbirkor Jyeffri Epshteynning jinsiy zo‘ravonlikka oid jinoyatlari ishiga munosabati sabab Trampning noroziligiga uchragan. Shuningdek, ushbu OAV manbalariga ko‘ra, prezident Adliya vazirligi rahbari uning raqiblariga qarshi yetarlicha qattiq chora ko‘rmaganidan ham norozi bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid