AQSh–Eron qarama-qarshiligining asosiy sababi sifatida ko‘pincha Tehronning yadro quroliga intilishi tilga olinadi. Eron buni o‘z xavfsizligining kafolati deb ko‘radi, lekin agar mamlakat yadroviy salohiyatga ega bo‘lishni uddalasa, Saudiya Arabistoni ham muqobil javob choralarini izlay boshlaydi.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar jonli efirda tomoshabinlardan kelib tushgan savollarga javob berishdi

— Agar Eron yadro quroliga ega bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar Saudiya Arabistoniga o‘z yadro arsenalini joylashtirishi mumkinmi?

Oybek Sirojov: Bunday ehtimol mavjud, AQSh o‘z yadro qurollarini hududga joylashtirishi yoki Saudiya Arabistoniga mustaqil ravishda yadro dasturini rivojlantirish uchun sharoit yaratib berishi mumkin. Bu esa mutlaqo yangi va o‘ziga xos geosiyosiy jarayonni boshlab beradi. Bunday vaziyatda Turkiya ham befarq qolmaydi.

Saudiya Arabistoni va boshqa mintaqa davlatlari ham passiv kuzatuvchi bo‘lib qolmaydi. Natijada Yaqin Sharqda yana uch-to‘rtta yangi yadro quroliga ega davlatlar shakllanishi ehtimoli yuzaga keladi. Bu yerda eng murakkab masala shundan iboratki, hozirgi kunda Fors ko‘rfazi davlatlari xususan, Qatar va Saudiya Arabistoni Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarini aynan xavfsizlik kafolati sifatida mustahkamlamoqda.

Agar ular xavfsizlikni ta’minlash vositasi sifatida yadro qurolini yoki AQShga muqobil kuchni ko‘ra boshlasa, bu Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi rolini sezilarli darajada susaytirishi mumkin. Ikkinchidan, bunday sharoitda Qo‘shma Shtatlar Eronga hozirgidek bosim o‘tkazish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Shimoliy Koreya tajribasiga o‘xshash tarzda, Eron ham shunga yaqin strategiyani qo‘llashi mumkin. Ya’ni tashqi bosim kuchaytirilsa yoki hududiga havo zarbalari berilsa, yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilish orqali javob qaytaradi. Bu esa AQShni tiyib turuvchi omilga aylanib, hatto uning mintaqadagi harbiy bazalarini bosqichma-bosqich qisqartirishiga olib kelishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: Endi, xalqaro huquq nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga ko‘ra, bir davlatning yadro qurollari boshqa davlat hududida joylashtirilishi, birinchidan, qat’iyan cheklangan. Ikkinchidan, bunday holatda ham ushbu qurollarni boshqarish yoki ulardan foydalanish huquqi mezbon davlatga berilishi mumkin emas.