Aktualno.uz sayti O‘zbekiston Transport vazirligi BAAning Flydubai aviakompaniyasi bilan imzolangan kelishuvga amal qilmayotgani to‘g‘risida maqola e'lon qildi.
Unda qayd etilishicha, 2019 yilda yo‘lga qo‘yilgan Dubay–Toshkent–Dubay yo‘nalishidagi aviaqanovlar haftada 7 kun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan. Ammo oradan ikki yildan ko‘p vaqt o‘tasa-da, reyslar xalqaro kelishuvda ko‘zda tutilgan 7 kun emas, 6 kun amalga oshirilmoqda.
Kun.uz jamaotchilikka ochiqlangan mazkur masalani o‘rgandi.
Aviakompaniya chindan ham kelishuvda haftasiga 7 kun muntazam reyslar yo‘lga qo‘yilishi belgilangan bo‘lsa-da, qatnovlar haftada 6 kun amalga oshirilayotganini tasdiqladi.
Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu masalada vazir Ilhom Mahkamovga bir necha bor murojaat qilingan, biroq ijobiy javob bo‘lmagan.
Ayni paytda Flydubai parvozlariga talab yetarli va haftaning 7 kuni davomida samolyotlar to‘la holatda ucha oladi. Chiptalar ham nisbatan arzon. Qolaversa, aviakompaniya ortidan budjet va aeroport xizmatlariga ham yaxshigina daromad keladi.
“Flydubai qatnovlari boshlanishidan oldin Dubayga aviachiptalar narxi 850-900 dollar atrofida edi. Hozirda chiptalar 350-400 dollarga tushgan. Odamlar 500-600 dollar bilan Dubayda dam olib kelishyatpi.
Flydubai har bir reysida aeroportga qariyb 11 ming dollar atrofida pul to‘laydi. O‘zbekistonga har bir reysimizda yo‘q deganda 25-30 nafar sayyoh olib kelamiz. Ular kelib 500 dollardan sarflasa ham yana 15 ming dollar kelyapti, degani.
Aviakompaniya bilan vazirlik o‘rtasida 4ta protokol bor. Ularning barchasida haftada 7 marta uchishga kelishilgan. Transport vazirligiga bu masalada xat yozamiz, javob berishmaydi.
Orada haftada 7 kun uchishga ruxsat berildi, ammo chipta sotishni boshlaganimizdayoq uni to‘xtatib qo‘yishdi. Charter reyslar olishda qiynalib ko‘p joylarga murojaat qilishga majbur bo‘lyapmiz.
Shu bitta muntazam reys nega qo‘yilmayapti, hayronmiz. Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2019 yil may oyidan biz haftasiga 7ta reys amalga oshirishimiz kerak edi. Ikki yildan beri 7 kun to‘liq uchishga ruxsat berilmayapti. Nima uchun bunday qilishayotgani bizga qorong‘i.
Toshkent xalqaro aeroporti ma'muriyati 7 kunlik parvozlarga ruxsat bermoqda. Ammo Transport vazirligi bunga qarshilik ko‘rsatayotgani sababli ushbu parvozlar amalga oshmay turibdi. Bu bizning haqimiz-ku, nega bunday qilishadi?” deydi kompaniya vakili Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.









