O‘zbekiston | 14:59 / 07.08.2025
2103
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Indoneziya havo qatnovi bo‘yicha cheklovlarni bekor qiladi

Transport vazirligi delegatsiyasi Indoneziyaning Jakarta shahrida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Indoneziya aviatsiya hukumatlari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik va havo qatnovlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Foto: Transport vazirligi

Muzokaralarda ikki davlat Transport vazirliklari delegatsiyalari, Indoneziya Tashqi ishlar vazirligi vakillari, O‘zbekiston Respublikasining Indoneziya Respublikasidagi elchisi hamda elchixona vakillari, Indoneziyaning Garuda Indonesia, Air Asia, Batik Air kabi qator aviakompaniya vakillari ishtirok etdi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra aviatsiya hukumatlari o‘rtasida tegishli hujjatlar imzolandi va quyidagi kelishuvlarga erishildi:

- Havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimda aviakompaniyalar soniga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish va mazkur shartni aviatsiya hukumatlarining vakolati asosida kuchga kiritish bo‘yicha zudlik bilan kelishuv imzolash;
- Havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimga kiritilgan o‘zgarishlarni esa o‘rnatilgan tartibda amaldagi qonunchilik talablari asosida ikki davlat ichki kelishuvlar jarayonlarini amalga oshirish yoki diplomatik notalar almashinuvi orqali qabul qilish, unga qadar parvozlarni ikki davlat aviatsiya hukumatlari o‘rtasida imzolangan yangi kelishuv doirasida amalga oshirish;
- O‘zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalar uchun bitimdagi Jakarta shahriga qo‘shimcha ravishda aholi qatlami zich joylashgan eng yirik turistik va sanoatlashgan Denpasar, Surabaya, Medan, Yogyakarta, Majalengka, Banda Asex, Tanjung Pandan, Lombok va qo‘shimcha istalgan ikkita shaharlarni parvoz manzili etib belgilash;
- Indoneziya tomonidan tayinlangan aviakompaniyalari uchun O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga parvoz qilish huquqini berish;
- “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va Indoneziya aviatsiya hukumati o‘rtasida 1995 yilda imzolangan “Kelishuv” shartlariga muvofiq barcha turdagi aviaqatnovlar uchun haftasiga 3 marta etib belgilangan chastotalarni yangi kelishuv asosida har bir tomon aviakompaniyalari uchun 28 taga (jami 56 ta) oshirish va ularni yarmini yo‘lovchi, qolgan yarmini esa yuk tashish uchun belgilash;
- Barcha aviakompaniyalar uchun aviaqatnovlarni havo kemasining yo‘lovchi va yuk sig‘imi bo‘yicha cheklovlarsiz parvozlarni amalga oshirishiga ruxsat berish;
- Yuqorida qayd etilgan aviakompaniya va aviatsiya hukumati o‘rtasida 1995 yilda imzolangan kelishuvni bekor qilish va barcha parvozlarni yangi kelishuv shartlari asosida amalga oshirish;
- Denpasar yo‘nalishida amalga oshiriladigan aviaqatnovlarning 50 foizini Code Share asosida amalga oshirish;
- Yuk tashish aviaqatnovlari uchun har ikki tomon aviakompaniyalariga uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi havo erkinliklarini berish;
- Kelgusida aviaqatnovlar hajmini oshirish hamda qo‘shimcha aviakompaniyalarni tayinlash masalalarini o‘zaro xat almashish yo‘li bilan hal etish.

Bugungi kunda O‘zbekistonning Qanot Sharq aviakompaniyasi Toshkent-Denpasar (Bali) yo‘nalishida mavsumiy turistik charter parvozlarini amalga oshirib kelmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid