Jahon | 11:38 / 10.09.2025
10257
5 daqiqa o‘qiladi

“Arablar o‘zaro kelishmaslikka kelishib olgan”. Qatardagi zarbalar tasodifmi?

Isroil Qatarda HAMAS yetakchilariga zarba berganidan keyin, ularning Dohada faoliyat yuritishi savol ostida qoldi. Agar ular Turkiyada bo‘lganida ham Isroil hujum qilgan bo‘larmidi? Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromovning fikricha, Qatardagi zarba tasodifiy emas va mintaqaviy siyosiy kelishuvlar asosida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Kamoliddin Rabbimov esa Netanyahu xalqaro huquqlarni hisobga olmay, urushni davom ettirishni rejalashtirayotganini bildiradi.

“Geosiyosat”da tahlilchilar Yaqin Sharqdagi eng shov-shuvli voqea yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

HAMAS siyosiy qanot korpusi Qatarda emas, Turkiyada bo‘lganda ham Isroil zarba berishi mumkin edimi?

Shavkat Ikromov: Katta ehtimol bilan yo‘q. Chunki Qatardagi hujumlar, ehtimol, oddiy tasodifiy holat emas. Bu safargi hujum to‘g‘ridan to‘g‘ri Qatarga qaratilgan, ya’ni Turkiya bilan bu kabi kelishuvga erishish ehtimoldan yiroq edi. Lekin mintaqadagi umumiy siyosiy vaziyatni inobatga olsak, Qatar va uning atrofidagi ayrim arab davlatlari bilan bunday kelishuv yuz berishi ehtimoldan xoli emas. Ammo bu Turkiya uchun to‘g‘ri kelmaydi. Men shuni aytmoqchiman: hozirgi vaziyat va Qatarning umumiy siyosiy pozitsiyasi shunday ssenariyni inkor etmaydi.

Xalqaro huquq bu zarbani qanday baholaydi?

Kamoliddin Rabbimov: Bugungi kunda Isroil xalqaro huquqni ochiqchasiga mensimayotgani hech kimga sir emas. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi tarixidagi eng ko‘p tanqidiy rezolyutsiya qabul qilgan davlat aynan Isroil ekani bilan ham tasdiqlanadi. Isroil tomonidan 7 oktyabrdan keyin boshlangan genotsid aslida shu kungacha davom etib kelayotgan jarayonning navbatdagi bosqichi xolos. Bu kecha boshlangani yo‘q. Falastinliklarning G‘arbiy Sohildagi yurtlaridan majburan chiqarilishi, uylarining tortib olinishi va o‘sha yerlarning bosib olinishi uzoq yillardan beri sodir bo‘layotgan voqealardir. Isroilning xalqaro huquqqa bo‘lgan munosabati va bu boradagi pozitsiyasi hammaga yaxshi ma’lum. Hatto AQSh o‘zini inson huquqlari tarafdori va huquqiy demokratik davlat sifatida taqdim qiluvchi mamlakat Xavfsizlik Kengashidagi veto huquqining 80 foizini aynan Isroilni himoya qilish uchun ishlatgan. Natijada bugungi kunda Amerika o‘zi da’vo qilayotgan qadriyatlarga, ya’ni inson huquqlari, demokratiya, adolatga zid tarzda harakat qilmoqda. Bu esa xalqaro hamjamiyat tomonidan jiddiy tanqidga sabab bo‘lmoqda. Ularga qarata shunday savollar berilmoqda: “Agar siz inson huquqlari haqida gapirayotgan bo‘lsangiz, nega Isroilning qilayotganlariga jim qarab turibsiz?” Donald Tramp yaqinda shunday degan edi: “Agar Ukraina urushini to‘xtatsam, jannatga tushaman, chunki har kuni minglab odamlar halok bo‘lyapti”. Ammo shu paytgacha G‘azoda kamida 60 mingdan ortiq odam o‘ldirildi, ularning 20-22 ming nafari bolalar edi. Bu halokatlar ochiq kunda, butun dunyo ko‘z o‘ngida ro‘y bermoqda. G‘azoda har daqiqa odamlar ochlikdan nobud bo‘lyapti. Bunday sharoitda, hatto ularga ovqat bersangiz ham, ularning ko‘rgan zulmidan keyin odatiy hayotga qaytishlari oson emas. Ya’ni Isroil va “huquq” degan tushunchalar bir-biriga mutlaqo zid. Bu ikki tushuncha bir joyda mavjud bo‘lishi mumkin emas. Isroil bu borada shunchalik chuqur jinoyatga qo‘l urdiki, endi hatto yuzidagi niqob ham qolmadi. U xalqaro huquqni inkor qilishni, hatto yashirishni ham to‘xtatdi.

Isroil bosh vaziri Netanyahu yaqinda shunday bayonot berdi: “Biz diplomatik va jamoatchilik fikri maydonida allaqachon yutqazdik. Endi biz faqat tezroq harakat qilishimiz kerak, G‘azoni tozalab, odamlarni haydab, bu hududni o‘zlashtirib olishga ulgursak, bu voqealar oxir-oqibat insoniyat xotirasidan chiqib ketadi”.

Bu so‘zlar Isroilning niyatidan qaytmaganini va ularning asosiy maqsadi vaqtni cho‘zmasdan bosib olish jarayonini tezlashtirish ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid