Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT G‘azoga doir AQSh rezolyutsiyasini ma’qulladi. Bu hujjat Falastinga tinchlik olib keladimi?
BMT Xavfsizlik Kengashi Trampning tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlash va G‘azoga xalqaro kuchlarni joylashtirish uchun AQShga «yashil chiroq» yoqdi. Rossiya va Xitoy rezolyutsiyaga qarshi bo‘lsa-da, hujjatga veto qo‘ymadi. Lekin tinchlik rejasining eng murakkab qismi hali oldinda.
17 noyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azoga doir AQSh tomonidan tayyorlangan rezolyutsiyani qabul qildi. U prezident Donald Trampning urushni tugatishga doir rejasini qo‘llab-quvvatlash va Falastin anklavi uchun xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga ruxsat berishni nazarda tutadi.
Isroil va Hamas oktabr oyida Trampning G‘azo bo‘yicha 20 banddan iborat rejasining birinchi bosqichiga – ikki yillik urushdagi sulh va garovdagilarni ozod qilish kelishuviga — rozi bo‘lgandi. BMT rezolyutsiyasi esa o‘tish davri boshqaruv organini qonuniylashtirish hamda G‘azoga qo‘shin yuborishni ko‘rib chiqayotgan davlatlarni ishontirish uchun muhim hisoblanadi.
Nega AQShga BMT mandati kerak?
Tramp ma’muriyati BMT mandatini izlagani bejiz emas. Chunki G‘azoga barqarorlashtirish kuchlari sifatida qo‘shin yuborishi mumkin bo‘lgan davlatlar – Misr, Indoneziya, Turkiya, BAA – o‘z xalqlari tomonidan «okkupant» sifatida ko‘rilmasligini xohlaydi. Buning uchun esa BMT mandati zarur.
Rezolyutsiya, shuningdek, Jahon bankiga G‘azoni qayta tiklash uchun moliyaviy resurslar ajratish vakolatini beradi. Va shu maqsad uchun maxsus ishonch jamg‘armasi tashkil etishga chaqiradi.
Tahlilchilarga ko‘ra, ovoz berish — Tramp ma’muriyati uchun muhim diplomatik g‘alaba va BMTning ahamiyatini tan olish bo‘ldi. Oxirgi ikki yil davomida Isroilni qat’iy qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSh BMTda ko‘p jihatdan yakka qolgan edi.
Rezolyutsiya va uning noaniq tomonlari
Rezolyutsiya matnida a’zo davlatlar – G‘azodagi o‘tish davri hokimiyati sifatida ko‘rilgan Tinchlik Kengashida ishtirok etishi mumkinligi aytiladi. Shuningdek, rezolyutsiya G‘azoda qurolsizlantirish jarayonini: qurollarni utilizatsiya qilish va harbiy infratuzilmani yo‘q qilish orqali ta’minlaydigan Xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga ham ruxsat beradi.
ISF mandatida Hamas kabi qurolli guruhlarni qurolsizlantirish va tarqatib yuborish vakolati berilgan. Biroq tinchlikparvarlar yuboradigan davlatlar Hamas bilan to‘qnashishni istaydimi-yo‘qmi — bu ham noma’lum. Hozirgacha birorta davlat tinchlikparvar kuch jo‘natishga majburiyat olmagan. G‘azoga qo‘shin yuboruvchilar ichida taxminan: Turkiya, Indoneziya, BAA va Ozarboyjon kabi davlatlar bor.
Rezolyutsiya Tinchlik Kengashiga hech bo‘lmaganda 2027 yil oxirigacha G‘azoni nazorat qilish vakolatini beradi. Kengash Misr va Isroil bilan hamkorlikda falastinlik politsiya xodimlarini tayyorlash va chegaraviy hududlarni nazorat qilish ustida ishlaydi.
Hujjatda yozilgan – Tramp raisligidagi «Tinchlik kengashi»ning a’zolari noma’lum. Kengash BMTga hisobot berishi kerak, lekin BMT xohishlariga yoki Falastin ma’muriyatiga bo‘ysunmaydi.
Hujjat, shuningdek, G‘azo sektorida kundalik boshqaruv va xizmat ko‘rsatishni amalga oshirishi kerak bo‘lgan falastinlik texnokratlar qo‘mitasini yaratishni ham talab qiladi, biroq uning tarkibi ham noaniq.
Bundan tashqari, G‘azodagi asosiy hokimiyatga qaytayotgan Hamas BMT tasdiqlagan ushbu rezolyutsiyaning ayrim bandlariga rozi emas.
Xususan, Hamas qurolsizlanmasligini yana bir bor takrorlab, Isroilga qarshi kurashini «legitim qarshilik» deb ta’rifladi. Reuters’ning yozishicha, bu pozitsiya guruhni xalqaro kuchlar bilan to‘qnash kelish ehtimoli bilan yuzma-yuz qo‘yadi.
«Rezolyutsiya G‘azo sektoriga xalqaro vasiylik mexanizmini yuklaydi, buni xalqimiz va ularning fraksiyalari rad etadi», — deyiladi Hamas e’lon qilgan bayonotda.
Falastin davlatchiligi masalasi
The Guardian nashrining yozishicha, hujjatdagi mustaqil Falastin haqidagi qaydlar arab va islom dunyosining qo‘llab-quvvatlashini olish uchun AQSh to‘lagan «narx» bo‘ldi.
Xususan, Falastin davlatchiligiga oid qaydlar AQShning dastlabki loyihasiga kiritilgan murosali o‘zgartirish bo‘ldi, deyish mumkin. Chunki dastlabki matnda bu haqida umuman so‘z bo‘lmagan. Biroq yangi matn noaniq va shartli bo‘lib, faqat Falastin ma’muriyati isloh qilinib, G‘azoni qayta qurish boshlangach «Falastinning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va davlat tuzish uchun ishonchli yo‘l» paydo bo‘lishi mumkinligini aytadi.
Bu talqin – arab va islom davlatlari, Yevropa Kengashi a’zolari talab qilgan Falastin davlatiga doir qat’iy majburiyat darajasiga yetmagan. Lekin ular ham hozirgi sulhni uzaytirish va G‘azodagi 2,2 million falastinliklarni oziq-ovqat va himoya bilan ta’minlash uchun murosaga tayyorliklarini bildirishdi.
Tomonlar va BMT a’zolari nima deydi?
Donald Tramp ushbu ovoz berishni ijtimoiy tarmoqlarda «haqiqiy tarixiy ahamiyatga ega lahza» sifatida nishonladi va yordam bergan davlatlarga, BMTga minnatdorchilik bildirdi. «Kengash a’zolari va yana ko‘plab qiziqarli e’lonlar kelgusi haftalarda e’lon qilinadi», — deb yozdi Tramp.
G‘arbiy Sohildagi Falastin ma’muriyati ham rezolyutsiyani olqishlab bayonot chiqardi va uni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.
Arab bloki nomidan gapirgan Jazoir elchisi Amar Bendjama esa «matndagi muvozanat va yaxlitlikni ta’minlash uchun zarur deb hisoblagan tuzatishlar kiritilganini” aytdi. U kelishuvni Falastin suvereniteti urug‘larini sepuvchi hujjat sifatida ko‘rayotganini bildirdi.
«Jazoir nihoyat ushbu matn uchun ovoz berishga qaror qildi. Chunki biz uning asosiy maqsadini — sulhni saqlash, Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va davlatchilik huquqlarini amalga oshirishga sharoit yaratishni qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi u.
Bendjama rezolyutsiyaga ilova qilingan qo‘shimchaga e’tibor qaratdi. Unda aniq aytiladi: «anneksiya yo‘q, okkupatsiya yo‘q, majburiy ko‘chirish yo‘q».
Rossiya va Xitoy nega betaraf qoldi?
Rezolyutsiya BMT Xavfsizlik Kengashining 5 nafar doimiy va 10 nafar vaqtinchalik a’zolari tomonidan 13–0 hisobida qabul qilindi. BMTda veto huquqiga ega doimiy a’zolar Xitoy va Rossiya betaraf qoldi.
New York Times'ning yozishicha, rezolyutsiya matni o‘tgan hafta bir necha bor qayta ko‘rib chiqildi va ko‘plab kengash a’zolari, jumladan yevropaliklar tomonidan tanqid qilindi. Ular Falastin davlatchiligi va Tinchlik Kengashiga oid aniqroq formulalar talab qilishdi.
O‘tgan hafta kechqurun bir payt Xitoy va Rossiyaning e’tirozlari AQSh rezolyutsiyasini to‘liq barbod qilishga oz qolgandi. Rossiya G‘azo bo‘yicha o‘zining 10 bandli qarshi rezolyutsiyasini ishlab chiqdi. Unda Falastin davlatini darhol tan olish, bosib olingan G‘arbiy Sohil hamda G‘azoni Falastin Ma’muriyatiga birlashtirish chaqiruvi bor edi.
AQSh esa rezolyutsiyada juda kam murosaga bordi. Aksincha arab-musulmon davlatlarining yordamini safarbar qilib, Rossiya va Xitoyni G‘azodagi diplomatik yutuqqa qo‘shilishga majbur qildi.
Shundan so‘ng, veto huquqiga ega bo‘lgan Rossiya va Xitoy ovoz berishda betaraf bo‘ldi va rezolyutsiyaning qabul qilinishiga imkon berdi. Lekin Rossiya va Xitoyning BMTdagi elchilari, hujjat BMTga G‘azoning kelajagida aniq rol bermayotganidan shikoyat qilishdi.
«Aslida, Kengash Vashingtonning va’dalariga asoslanib, AQSh tashabbusiga o‘z roziligini bermoqda. Shuningdek, G‘azo sektoriga to‘liq nazoratni Tinchlik Kengashi va Xalqaro barqarorlashtirish kuchi topshirmoqda. Biroq biz hozircha bu tuzilmalarning qanday ishlashi haqida hech narsa bilmaymiz», — dedi Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya.
Isroil Falastin davlatchiligiga qarshi
Rezolyutsiya matnida «Falastin ma’muriyati islohot dasturini amalga oshirgach, G‘azoni qayta tiklashda taraqqiyot bo‘lgach – Falastin o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va davlat tuzish uchun ishonchli yo‘l vujudga kelishi mumkin» deyiladi.
Dastlab, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Vashington bilan muzokaralarda rezolyutsiya matnining ayni shu qismiga istamay rozi bo‘lgan. Biroq hukumatidagi o‘ta o‘ng qanot bosimidan so‘ng bu pozitsiyasidan ortga qaytgan. Shu sababli yakshanba kuni Netanyahu «har qanday hududda Falastin davlati tuzilishiga bo‘lgan qarshiligimiz o‘zgarmagan,» deya bayonot berdi.
Bu esa Isroil BMT topshirig‘i asosidagi takliflarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yadimi yoki yo‘qmi degan savollarni uyg‘otdi.
Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari xalqaro huquqning majburiy normalari hisoblanadi. Kengash ularni ijro ettiradigan mexanizmga ega bo‘lmasa-da, qoidabuzarlarga qarshi sanksiyalar kabi choralarni qo‘llashi mumkin.
Shu bilan birga, oldinda yechimini kutayotgan boshqa ko‘plab muammolar ham bor. Isroilning G‘azodagi zarbalari davom etmoqda, G‘arbiy sohilda esa ko‘chmanchilarning zo‘ravonligi avj olgan. AQSh Isroilga qanchalik so‘zini o‘tkaza oladi, Netanyahu boshchiligidagi hukumat xalqaro kuchlarga hujum qilmaydimi? Bular ham noaniq.
Shu sababli xalqaro hamjamiyatdan g‘azoliklarga qat’iyroq yordam kerak. Navbatdagi bosqichlarda Tinchlik Kengashi a’zolarini belgilash va barqarorlashtirish kuchlari kimning vakolati ostida ishlashini tezroq aniqlashtirish lozim.
Mavzuga oid
22:45 / 06.01.2026
Grenlandiya uning xalqiga tegishli – Yevropa Ittifoqchi yetakchilari Daniyani qo‘llab-quvvatladi
19:37 / 06.01.2026
Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Machado Trampga o‘zining Nobel mukofotini berishga tayyorligini aytdi
18:12 / 06.01.2026
AQSh 4 iyulgacha Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishi mumkin – OAV
13:16 / 06.01.2026